Markaziy istirohat bog‘i zamonaviy qiyofaga kirmoqda
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilyapti.
Ushbu ishlar doirasida bog‘ infratuzilmasi yangilanib, hudud zamonaviy talablarga mos ravishda qayta jihozlanmoqda hamda aholi uchun qulay va mazmunli hordiq chiqarish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Xususan, hududda yangi piyodalar yo‘laklari barpo etilishi, yashil maydonlar kengaytirilib, turli manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, energiya tejamkor zamonaviy yoritgichlar o‘rnatilib, bog‘ning tungi ko‘rinishi yanada chiroyli va xavfsiz bo‘lishi ta’minlanmoqda.
Dam olish maskanida bolalar va kattalar uchun alohida hordiq hududlarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Bog‘dagi ishlar shahar hokimligi vakillari va mutaxassislar ishtirokida joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirildi. Ushbu jarayonda ishlar sifatini oshirish, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etish hamda hududning ekologik muvozanatini saqlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.