Bosh qomusimizda arxiv faoliyatining huquqiy asoslari mavjud

Har bir davlatning barqaror rivojlanishi, tarixiy merosining asrab-avaylanishi va fuqarolarning axborot olish huquqini ta’minlashda arxivlar muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bu sohadagi munosabatlar uchun ham huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Arxiv tizimi nafaqat hujjatlarni saqlash, balki davlat boshqaruvi va jamiyat taraqqiyotining ajralmas bo‘g‘inidir.

Konstitutsiyamizning 33-moddasida har bir fuqaroning axborot izlash, olish va tarqatish huquqi kafolatlangan. Ushbu norma arxivlarda saqlanayotgan ochiq ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini huquqiy jihatdan mustahkamlaydi. 34-modda esa davlat organlarining fuqarolarga zarur axborotni taqdim etish majburiyatini belgilaydi. Bu arxivlarda mavjud bo‘lgan ochiq hujjatlar bo‘yicha fuqarolar so‘rovlariga o‘z vaqtida va asosli javob berilishini ham anglatadi.

61-moddaga ko‘ra, madaniy merosni asrash davlatning ustuvor vazifalaridan biridir. Arxiv hujjatlari esa ushbu merosning muhim bo‘lagi hisoblanadi. Tarixiy hujjatlarning saqlanishi kelajak avlodlar uchun bebaho ilmiy, ma’naviy va madaniy manba bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi arxiv tizimining faoliyati, huquqiy asoslari va rivojlanish mexanizmlarini belgilab berar ekan, jamiyat taraqqiyotida arxivlarning o‘rni yanada ortib boraveradi.

F.Ulug‘ov,

Samarqand viloyat davlat arxivi yetakchi arxivchisi.