Taniqli ijodkorlar institut faxriy professorlari bo‘ldi

Samarqand davlat pedagogika institutida Konstitutsiya hamda O‘zbekiston Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda taniqli shoir, yozuvchi va dramaturg, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, sevimli shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodova, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.

Dastlab Samarqand davlat pedagogika instituti rektori professor Shahzoda Negmatova Konstitutsiyaning davlatimiz taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, xalqimizning erkin va farovon hayotini ta’minlashdagi asosiy huquqiy poydevor ekanligi, shuningdek, madhiyamizning millat g‘ururi va sha’nini ifodalovchi muqaddas qo‘shiq sifatidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng Farmon Toshev va Xosiyat Bobomurodova Bosh qomusimiz hamda madhiya haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Ijod namunalaridan o‘qib berdi. Faol ishtirok etgan talabalarga kitoblar tuhfa qildi.

Tadbirda talabalar Vatan madhini ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar ijro etdi, milliy raqslar namoyish qildi, Konstitutsiyamizning ayrim moddalariga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etishdi.

Tadbir yakunida Shahzoda Negmatova Farmon Toshev va Xosiyat Bobomurodovaga institutning faxriy professori unvonlarini topshirdi.