Prokuror endi hisobot bermaydi, hokimlar esa 5 yil muddatga saylanadi
Yangilangan Konstitutsiyada belgilangan tamoyillardan kelib chiqib, amaldagi tartiblarga shu kabi bir qator o‘zgartishlar kiritildi. Ayni o‘zgarishlar nimalardan iborat? Quyidagi shu haqda so‘z yuritamiz.
Demak, birinchi yangilik - mahalliy vakillik organlariga prokurorlar o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot emas, axborot taqdim etadi.
«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonundagi viloyat, tuman, shahar hokimi bir vaqtning o‘zida tegishli hududdagi vakillik hokimiyatiga boshchilik qilishi haqidagi norma chiqarib tashlandi.
Aniqrog‘i, avvalgi tartibga ko‘ra, hokimlar viloyat, tuman va shaharning oliy mansabdor shaxsi edi. Endi ular hududdagi ijro etuvchi hokimiyatga boshchilik qiladi.
Qonun bilan hokimlar hududdagi Kengashlar, ya’ni deputatlar tuzilmasiga bo‘ysunuvchi mansabdorlar qatoriga o‘tkazilganini ko‘rish mumkin. Zotan, qonunda “viloyat, tuman, shahar hokimi:
... tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini ijro etadi”, deb belgilab qo‘yildi.
Yana bir yangilik - ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq bir viloyat, tuman, shahar hokimi etib tayinlanishi mumkin emas.
Hokimlarning vakolatlari muddati — besh yil.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish zarur, hokim va mahalliy Kengash raisi vazifalarining ajratilishi bilan bog‘liq qoidalar tuman va shaharlarda 2026 yil 1 yanvardan amalga kiritiladi.
Avvalgi tartibda ham hokimlar tegishli hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mahalliy vakillar organlari, ya’ni deputatlarga hisobot berishi haqidagi norma bor edi. Ammo aksar hollarda bu amaliyot kuzatilmasdi. Qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha bilan qayd qilingan hisobotni taqdim qilishning aniq muddati belgilab qo‘yildi.
Darvoqe, o‘zgartishga ko‘ra, hokim Kengashlar faoliyatining tashkiliy shakli (avvalgi tartibda ish shakli edi) sessiyalarni chaqirish vakolatiga ega emas. Hududiy ijro etuvchi hokimiyat boshliqlari bu haqda faqat taklif kiritishi mumkin.
Deputatlar faoliyatida nima o‘zgardi?
Endi deputatlar Kengash sessiyasini chaqirish to‘g‘risidagi qarordan sessiya ochilishidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadi. Qonunning avvalgi tahririda bu muddat yetti kunni tashkil qilardi.
Umuman, sessiya chaqirish Kengash raisi vakolatida qoldi. O‘zgartish shuki, Kengashga deputatlar orasidan saylangan rais jamoatchilik asosida boshchilik qiladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, deputatlar o‘zlari saylagan raisni muddati tugamasdan ham lavozimdan ozod qilishlari mumkin. Qonunda bu amaliyotning tartibi ham nazarda tutilgan.
Kengash sessiyalariga rais yo‘qligida saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya guruhi rahbari raislik qiladi. Qonundagi ayni o‘zgartish partiyalar o‘rtasida hududlarda ham raqobat shakllanishiga xizmat qilishini qayd etish lozim.
Negaki, shu paytgacha, hududlarda partiyalar o‘rtasidagi raqobat deyarli hech narsani anglatmasdi. Sessiyani Kengash deputatlarining uchdan ikki qismining tashabbusi bilan ham chaqirish mumkinligini hisobga olsak, muayyan deputatlik guruhlari hal qiluvchi rol o‘ynash imkoniga ega bo‘lgan.
Bu esa tabiiyki, ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslarni ko‘proq o‘tkazish imkonini beradi.
Umumiy qilib aytganda, mahalliy vakillik organlari faoliyati hudud aholisi manfaatlaridan kelib chiqib, qarorlar qabul qilishga yo‘naltirilsa, hokimlarning faoliyati esa mazkur qarorlarni ijro qilishga qaratiladi.
Yangiliklar ko‘p...
Hokimlar tegishli xalq deputatlari Kengashining qonunchilikka zid bo‘lgan qarorlarini bekor qilish uchun Oliy Majlis Senati yoki sudga murojaat qiladi. Ayni damda qonunchilikdagi bu o‘zgartish ham Kengashlar mustaqilligi uchun dadil qadamlardan biri, deyish mumkin.
Eski tartibga ko‘ra, bilasiz, sessiya muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, xalq deputatlari Kengashi qarorlari va qonun hujjatlarini ro‘yobga chiqarish uchun ko‘maklashish, shuningdek o‘z vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshirish uchun xalq deputatlari Kengashi o‘z vakolatlari muddatiga doimiy va muvaqqat komissiyalar tuzadi.
Yangi tartib bo‘yicha xalq deputatlari Kengashlarida, qoida tariqasida, beshta (ilgari 7-8 ta bo‘lardi) doimiy komissiyalar tuziladi:
- mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar bo‘yicha;
- korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash va huquqiy masalalar bo‘yicha;
- ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha;
- agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha;
- reglament va deputatlik odob-axloqi masalalari bo‘yicha.
Yana bir muhim jihat, Kengashlarning nazorat tadbirlarini amalga oshirishdagi imkoniyatlari «Kengash so‘rovi», «Kengash tekshiruvi» kabi ta’sirchan institutlarni joriy etish hisobiga kengaydi.
Xulosa
Qisqa qilib aytganda, qonun bilan mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish uchun ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi.
Yoqubjon MARQAYeV.