Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog‘liq qonunchilik asoslarini yaratish va takomillashtirishning boshlang‘ich nuqtasi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini eng insonparvar hujjat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, unda inson qadri asosiy mezon qilib olingan. Ya’ni, Konstitutsiyamizning asosiy mohiyati insonga munosib hayot sharoitlari yaratish, uni baxtli qilishdan iborat.
Unda “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”, deb yozib qo‘yilgan.
O‘tgan davr mobaynida Konstitutsiyaga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa-da, uning asosiy prinsiplari, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari, jamiyat va shaxs munosabatlari, ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishiga oid normalari o‘zgarmadi. Kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, davlat hokimiyatini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatishida fuqarolarning bevosita va bilvosita ta’sirini oshirish, parlamentning davlat ichki va tashqi siyosatidagi rolini kengaytirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda konstitutsiyaviy va odil sudlovning o‘rnini yanada mustahkamlashga oid tuzatishlardir.
Asosiy qomusimizning 30 dan ortiq moddasi bevosita inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan bo‘lib, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining deyarli barcha prinsipial qoidalarini o‘zida mujassamlantirgan.
Davlat o‘zining asosiy hujjatida inson huquqlari bo‘yicha bir qator majburiyatlar olgan. Xususan, o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirishi, xalq manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekanligi, davlat o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, fuqarolarini o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashi qat’iy belgilangan. Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat, deb mustahkamlangan.
O‘tgan yillar mobaynida insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, shaxsiy huquqlarni ta’minlash va himoya qilish maqsadida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi.
Fuqarolarning kasaba uyushmalari, siyosiy partiya va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, davlat organlari bilan hamkorlik qilish huquqlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan qonunlar majmuasi ham amalda.
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun esa har bir shaxsning bevosita o‘zi va boshqalar bilan birga vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilishdek konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashga xizmat qilib, ayniqsa, murojaatni berish shakli sifatida elektron murojaatni nazarda tutganligi fuqarolar og‘irini yengil qilishga jiddiy hissa qo‘shdi.
Taraqqiyotimiz yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lgan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining salmoqli foizini ishlab chiqarayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida hozirgi vaqtda ish bilan band aholining aksariyati mehnat qilmoqda. Ayniqsa, har bir shaxsning mulkdor bo‘lishga oid huquqi qonunlarda batafsil tartibga solingan va himoyalangan.
Konstitutsiya nafaqat huquq va erkinliklarni mustahkamladi, balki ularni amalga oshirishning real imkoniyatlarini ta’minlash chora-tadbirlarini, kafolatlarini yaratdi. Xususan, hokimiyatlar bo‘linishi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinishi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi, har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kabilar kafolatlandi. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsiz deb e’lon qilinib, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas, deb belgilab qo‘yildi.
Qonunchilik inson huquq va erkinliklarini himoya qilishi lozim. Inson huquqlari himoyasini esa odil sudlovsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish sudlar zimmasiga yuklatilgan. Shuning uchun ham sudlarning mustaqil, xolis va adolatli faoliyat yuritishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Konstitutsiyamizda alohida XXII bob ajratilgan bo‘lib, bu bob “O‘zbekiston Respublikasining sud hokimiyati” nomlanadi va sud hokimiyatiga taalluqli eng muhim jihatlarni qamrab olgan.
Konstitutsiyamizda har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi, deb qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Sud mustaqilligi odil sudlovni amalga oshirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Aynan sud ishdagi holatlarni har tomonlama va xolisona o‘rganishi hamda adolatli qaror chiqarishi orqali shaxsning buzilgan huquqlarini qonun yo‘li bilan tiklaydi. Sudyalar chinakam erkin va aralashuvlardan xoli bo‘lsagina, sudning qonuniy himoyasi to‘liq va samarali tarzda amalga oshishi mumkin.
O‘tgan davr mobaynida Konstitutsiyamiz normalari mazmuniga ko‘ra, sudning mustaqilligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya etishga xizmat qiladigan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ya’ni, sud tizimi butunlay ijro etuvchi hokimiyat organlarining nazorati va ta’siri ostidan chiqarildi.
2021 yil 28 iyulda yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, ko‘plab yangiliklar joriy etildi. Qonunga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.
Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas.
Sudyalarimiz ham olib borilayotgan islohotlar mohiyatini anglagan holda adolatli ish olib borishlari, qaror chiqarishda avvalo, xalqni, uning hayoti va dardu tashvishlarini yaxshi anglab, uni qalban his qilmoqdalar.
Sudlov faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etila boshlangani fuqarolarning sud bilan bog‘liq ishlarini tez va qulay, ortiqcha sarsongarchiliksiz amalga oshirish imkonini bermoqda.
Bugun jamiyatimizda qanday yutuq va marralarga erishayotgan bo‘lsak, bularning poydevorida Konstitutsiyamiz turibdi. Biz jamiyatimizda chindan ham adolat va haqiqat hukmronligini o‘rnatmoqchi ekanmiz, korrupsiya, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik kabi illatlardan xalos bo‘lishimiz shart. Konstitutsiya va qonunlarimizga itoat etish, qonun ustuvorligini ta’minlashimiz zarur.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog‘liq islohotlar, ularning qonunchilik asoslarini yaratish va takomillashtirishning boshlang‘ich nuqtasi va asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Olim HAYITOV,
Samarqand viloyati sudi raisi.