Konstitutsiyaga taklifim bor: O‘zbekistonga kirish taqiqlanmasligi kerak

Bosh qomusimizning 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai. O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi”, deyilgan.

O‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan Konstitutsiyada 7-modda “Xalq butun hokimiyatning egasi va yagona manbaidir. Xalq o‘z hokimiyatini referendum va saylov orqali bevosita hamda saylangan vakillar orqali bilvosta amalga oshiradi”, tarzida yozilish kerak.

Shuningdek, amaldagi Konstitutsiyada bo‘lmagan quyidagi tahrirdagi yangi modda qo‘shishni taklif qilaman: “O‘zbekiston fuqarosi fuqarolikdan va o‘z fuqaroligini o‘zgartirishdan mahrum qilinishi mumkin emas. O‘zbekiston fuqarosining O‘zbekiston tashqarisiga badarg‘a qilinishi, O‘zbekistonga kirishiga taqiq qo‘yilishi mumkin emas”.

Ilgari O‘zbekiston Respublikasining ba’zi fuqarolari mamlakatdan majburiy tarzda chiqarib yuborilgan va qilmishidan qo‘rqib chet elga ketganlarning bir qismi O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilindi. O‘zbekiston shu yurtda tug‘ilgan yoki keyinchalik fuqarolik olgan barcha insonlarning vatani. Ular millatidan, qilmishidan qat’i nazar O‘zbekiston hududida yashashga haqli. Ularni bu huquqdan mahrum qilishga yuridik jihatdan, mantiqan ham noto‘g‘ri, deb bilaman. Shuning uchun yuqorida bayon qilingan tarzdagi yangi normani Konstitutsiyada belgilab qo‘yish kerak.

Abdulla Quvvatov,

SamDU dotsenti.

***

Fikrimcha, “davlat chet elda yashayotgan va ishlayotgan fuqarolarimiz hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida g‘amxo‘rlik qiladi”, degan qoidani kiritish kerak.

Bu o‘zgarishni eshitib, chet elda ishlab yurgan vatandoshlarim ko‘zlaridagi cheksiz quvonch va xursandchilikni his qilib turibman. Chunki bir vaqtlar “senlar hammalaring dangasasanlar” degan ta’na va dashnomlarni eshitgan qora ko‘zlar uchun “meni ham o‘ylaydigan, meni ham himoya qiladigan” davlat bormi?” degan savoliga nisbatan bugungi kunning, bugungi siyosatning dangal javobi bo‘ladi: Siz O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROSI!

Bu qoida orqali davlatimizning haqiqiy otalarcha mehri, tantiligi namoyon bo‘ladi. Sirasini aytganda, bu o‘zgarishdan oldin ham amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Buni xalqimiz ko‘rib, bilib turibdi. Pandemiya paytida Rossiyadan, boshqa chet davlatlardan qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz davlatimiz tomonidan Vatanga, oilasini oldiga qaytarildi, vaqtinchalik bo‘lsa ham ish bilan ta’minlandi.

Konstitutsiyaga shunday o‘zgartish kiritilsa qanchadan-qancha ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar o‘z jigarlari taqdiridan ko‘ngli to‘q bo‘lib, yengil tin olishi tabiiy.

Inobat Boboqulova,

Samarqand shahar 1-son fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi mudirasi.