Chorvachilik uchun xorijiy sarmoya mahsulot o‘sishiga erishiladi(mi?)

Fransiya Taraqqiyot agentligining (AFD) loyihasi doirasida chorvachilik yo‘nalishida 100 ming yevrogacha (so‘m ekvivalentida) kredit olgan tadbirkorlarga loyiha ishga tushgandan so‘ng kreditning 40 foizigacha bo‘lgan qismi grant sifatida qaytarib beriladi.

Loyiha doirasida kreditlar 10 yilgacha bo‘lgan uzoq muddatga (3 yillik imtiyozli davr bilan) ajratilmoqda. Bu tadbirkorlarni valyuta xatarlaridan himoya qiladi va biznesini barqaror rejalashtirish imkonini beradi.

Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Fransiya Taraqqiyot agentligi (AFD) hamkorligidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan media-turda OAV vakillariga ma’lumot berildi.

Ushbu loyiha Prezidentimizning 2022 yil 13 yanvardagi “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorvachilik tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Umumiy qiymati 147,1 million yevroni tashkil etuvchi ushbu strategik loyiha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, chorvachilik sohasiga xorijiy texnologiyalarni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga moslashgan “yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Ushbu loyiha chorva mollari sonini ko‘paytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashgan, resurs tejovchi va yuqori daromadli chorvachilik modelini yaratishga xizmat qiladi. 40 foizlik grant esa tadbirkorlar uchun katta moliyaviy rag‘bat bo‘ladi. Kredit liniyasining 70 foizi iqlimga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan “yashil” investitsiyalar uchun yo‘naltiriladi. Grant mablag‘i sut va go‘shtni qayta ishlash, ozuqa yemi ishlab chiqarish va intensiv baliqchilik, zamonaviy chorva inshootlari qurilishi, parrandachilik va asalarichilik, quyosh panellari o‘rnatish va tomchilab sug‘orish tizimlari, qishloq xo‘jaligi texnikalari va qo‘shimcha agregatlar xarid qilishga qaratilgan.

- Fransiya Taraqqiyot agentligi loyihasi doirasida “Hamkorbank” bilan hamkorlikda 2025 yilda 7 yilga 18 oy imtiyozli davr bilan 2 milliard so‘m kredit olib baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik, - deydi Samarqand tumanidagi  "CMT-SPEKTR-YOIM" MChJ rahbari O‘ktam Mamirov. – Birinchi yilda biroz tajriba kamligi va daryo sathi sun’iy hovuzimizdan 2,5 metr pastda joylashganligi hisobiga hovuzda doimiy suv saqlashda birmuncha qiyinchiliklar kuzatildi. Bundan tashqari, o‘tgan yili suv tanqisligi ancha kuchli bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, 10 tonnadan ortiq baliq mahsuloti yetishtirib, ichki bozorga sotdik. Bu yil yana qo‘shimcha uchta hovuzda “Farel”, “Afrika laqqasi” va boshqa turdagi baliq boqishni tashkil etib, mahsulot hajmini 70-80 tonnaga yetkazmoqchimiz. Buning uchun yetarli tajriba to‘pladik va imkoniyatimiz ham oshdi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.