Uchastka saylov komissiyalari a’zolari o‘qitildi

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Urgut tumanida uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘quv seminar o‘tkazildi.

O‘zbekistan Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2026 yil 13 yanvardagi “Ayrim bo‘shab qolgan o‘rinlarga mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 15 fevral kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 58-Jozmon saylov okrugida bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga saylov o‘tkazilishi belgilangan.

Ayni paytda viloyat hududiy saylov komissiyasi tomonidan mazkur okrugda saylov jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

– Saylov qonunchiligimizda belgilangan tartib asosida bo‘shab qolgan o‘ringa saylov o‘tkazish yuzasidan hududiy saylov komissiyasining qarori qabul qilinib, 58-Jozmon saylov okrugi bo‘yicha 19 saylov uchastkasi tuzildi va uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi, – deydi viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Sanjar Nazarov. – Mazkur okrugdagi saylovda qatnashish bo‘yicha beshta siyosiy partiyadan arizalar qabul qilinib, ularga ruxsat berildi hamda partiyalar ko‘rsatgan deputatlikka nozmodlar ro‘yxatga olindi. Nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borishi bo‘yicha ham tegishli qaror qabul qildik va ayni paytda bu jarayon boshlangan. Shuningdek, muddatidan oldin ovoz berish muddatlari va joyi ham tasdiqlandi. Umuman, saylov bilan bog‘liq barcha jarayonlar Saylov kodeksida belgilangan tartiblar va Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari asosida olib borilmoqda.

Bo‘shab qolgan o‘ringa o‘tkaziladigan saylovni tashkil etish va o‘tkazishda saylov tashkilotchilari va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan seminarda  Markaziy saylov komissiyasi kotibi X.Mamatov, Markaziy saylov komissiyasi a’zosi B.Yunusov hamda viloyat hududiy saylov komissiyasi mas’ullari ushbu jarayonda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tushuncha berdilar.

Shuningdek, seminarda saylov qonunchiligining bir xilda qo‘llanilishi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish amaliyoti bo‘yicha mulohazalar bildirildi. Markaziy saylov komissiyasi vakillari uchastka saylov komissiyalarining moddiy-texnik ta’minlanganligini ham o‘rgandi.