“Qari Navo” Navoiyning asari ekanligi aytiladi

Milliy musiqamizning nazariy va amaliy asoslari Alisher Navoiy ijodining tarkibiy qismi bo‘lib, mazmunan rang-barang, shaklan tugal ko‘rinishga ega.

Mutafakkir tomonidan milliy musiqa san’atimiz haqida bildirilgan fikrlar Sharq musiqa madaniyati xazinasidir.

O‘rta asrlarda Sharq musiqashunosligi asosan arab tilida shakllandi. Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Ibn Zayla, Abu Abdulloh al-Xorazmiy, Safiuddin al-Urmaviy, Najmiddin Kavkabiy kabi allomalar asarlarida tartibga solindi. Yuqorida qayd etilgan buyuk shaxslar va yunon mutafakkirlarining ilmiy-falsafiy merosi Navoiy ijodida ham chuqur iz qoldirdi.

Shu bois Navoiy arab va fors tillarida yozilgan musiqa va falsafaga doir asarlarni chuqur o‘rgandi. Zamonasining musiqa amaliyoti va nazariyasini qiyosiy tahlil qildi. Jumladan, Abu Nasr Forobiy va Abu Ali ibn Sinolarning ilmiy va musiqiy qarashlarini yanada rivojlantirdi.

Musiqashunoslik ilmini ikki qismga: “ilmi ta’lif” (musiqiy tovushlar, nag‘malarni o‘rganuvchi fan) va “ilmi iqo” (musiqiy ritm, shartli ravishda musiqiy vaznlarni o‘rganuvchi fan)ga bo‘lib o‘rgandi.

Fanlar akademiyasining H.Sulaymonov nomidagi qo‘lyozmalar instituti kutubxonasida Sharq va G‘arb mamlakatlarida mashhur olim Safiuddin al-Urmaviyning (XIII asr) shoh asari “Kitobul advor” risolasining 1466 yil Hirotda ko‘chirilgan nodir nusxasi saqlanmoqda. Nazarimizda, Navoiy Urmaviyning bu asari bilan tanish bo‘lgan. Chunki manbalarda keltirilishicha, Abdurahmon Jomiy, Mavlono Binoiy, Saynulobiddin Husayniyning musiqiy risolalari bevosita Navoiyning buyurtmasi asosida yozilgan.

“Boburnoma”da Navoiy xususida “...Yana musiqiyda yaxshi nag‘malar boqlavdur, yaxshi naqshlari va yaxshi peshravlari bordir”, deyiladi. Abdurauf Fitratning “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi” risolasida “Navoiyning o‘zi ham musiqiyda bir risola yozgan. “Qari Navo” yoki “Qari Navoiy” kuyi haqida har tomondan so‘ylanib turur. Buxoroning eski musiqashunoslari orasida bu kuyning Navoiy asari bo‘lg‘oni su’ylanadir. Mana bu ma’lumotlardan so‘ng “Qari Navoiy” kuyining Alisher Navoiy asari bo‘lg‘oni e’timoli kuchlanib qolur”, deydi.

Navoiy nazmida maqomlar va cholg‘ularning nomlari bitilgan quyidagi baytlarga e’tibor bering:

Qaddi hajrinda tortsang nola,

“Rost” ohangi ey Navoiy tuz.

Ma’nosi: Hijron azobida nola tortsang, ey Navoiy “Rost” maqomin ohangini tuz.

Yoki: So‘zda Navoiy ne desang, chin degil,

“Rost” navo nag‘maga tahsin degil.

Navoiyning “Rost” maqomiga bu tarzda murojaat qilishida ramziy ma’no bor. Chunki mashhur o‘n ikki maqomdan birining nomi bo‘lgan ushbu atama tasavvufda tariqat yo‘lini ramz etadi.

Ey Navoiy, to muqarrar qildim ohangi “Hijoz”,

Gah “Iroqu”, gah “Ajam” sari tarannum aylaram.

Ma’nosi: “Hijoz” ohangini (maqomini) kuylab bo‘lguncha, goh “Iroq”, goh “Ajam” maqomin kuylaram.

Ushbu baytni tasavvuf va ma’joziy ma’noda qiyosiy tahlil qilamiz. “Hijoz” Arabiston yarim orolidagi muqaddas Makka va Madina joylashgan sarhadni anglatsa, “Iroq” ma’lum mamlakatning nomiga ishora qiladi. Bunda Navoiyning butun umri davomida orzu qilgan, ammo ushalmay qolgan haj safariga intilishi o‘z aksini topadi. Qolaversa, tasavvuf ta’limida, ya’ni so‘fiylikka qadam ranjida qilgan har bir murid “shariat – tariqat – haqiqat” bosqichlarini bosib o‘tishi lozim. Shu nuqtai nazardan maqom namunalarining ijroviy uslubi ham pastdan yuqoriga, “zinapoya” tarzida bosqichma-bosqich ko‘tarilib borish tamoyiliga tayanadi.

Umuman, Navoiyning musiqiy dunyosini ulkan bir ummon bilan qiyoslashga haqlimiz. Ma’naviyatimiz boyligi bo‘lgan bu ummondan avlodlarni bahramand qilish va ulug‘ bobomizning bezavol ijodiyotini ilmiy nuqtai nazardan o‘rganish ijod ahli uchun muhim ahamiyatga ega.

Ravshan Hamroqulov,

Samarqand davlat universiteti professori.

Narzulla Toshtemirov,

san’atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent.