Huquqlarimiz kafolati, kelajagimiz asosi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya — mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligining asosi!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi jamoat va diniy tashkilotlar bo‘limi, viloyat tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi hamda SamDU qoshidagi Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, milliy madaniy markazlar mas’ullari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

— Konstitutsiya faqat qog‘ozdagi hujjat emas, balki mamlakatimizda barcha fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlovchi, milliy birdamlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlovchi asos, — deydi viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Nargiza Fayziyeva. —  Bosh qomusimizda fuqarolarning huquqlari, burchlari va kafolatlari asosiy mezon sifatida belgilab qo‘yilgan. Shu bois har bir fuqaro ushbu qonunni nafaqat bilishi, balki uning ahamiyatini, inson qadrini yuksaltirish, uning manfaatlarini himoya qilish va munosib hayot tarzini ta’minlashga xizmat qilishini anglashi kerak.

Tadbirda Konstitutsiyaning fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni, ta’lim, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan normalar haqida ham so‘z yuritildi.

- Konstitutsiyaning 8-moddasida “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, deb belgilab qo‘yilgan, — deydi viloyat tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi raisi Shuhrat Samatov. - Bu millatlararo totuvlikni, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va birdamlikni mustahkamlashni nazarda tutadi, shuningdek, har bir fuqaroning teng huquqliligini ta’minlaydi, millati va tilidan qat’i nazar barcha uchun ijtimoiy va huquqiy barobarlikni kafolatlaydi. Bugungi tadbirda Asosiy qonunimizning shu jihatlariga alohida e’tibor qaratilib, yoshlarga Konstitutsiya normalari, huquqiy bilim va jamiyatdagi mas’uliyat haqida tushunchalar berildi.

Tadbirda huquqiy viktorina va savol-javoblarda faol ishtirok etgan yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.