AQSh Iroqdan chiqmoqda: endi nima bo‘ladi?
AQSh va Iroq 2024 yilda Amerika qo‘shinlarini Iroqdan bosqichma-bosqich olib chiqishga kelishgan. Shundan beri AQSh o‘z harbiy huzurini sezilarli darajada qisqartirdi. Qolgan amerikalik harbiylarni Iroqdan olib chiqish jarayoni bugun, 30 sentyabrda, yakunlanishi kutilmoqda. Bu AQShning Iroqdagi 20 yildan ortiq davom etgan harbiy huzuriga yakun yasaydi.
AQSh qo‘shinlari 2003 yilda Saddam Husayn rejimi ag‘darilganidan keyin Iroqqa kiritilgan. 2011 yilda chiqib ketgan harbiylar 2014 yilda IShIDga qarshi kurashish uchun yana qaytgan. Keyinchalik ular asosan Iroq armiyasini o‘qitish, maslahat berish va razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlash bilan shug‘ullangan.
Ekspertlar fikricha, hozirgi chiqarilishga xavfsizlik masalalari ham ta’sir qilgan. Eron bilan keskinlik kuchaygani sababli Iroqdagi kichik AQSh kontingenti Tehron uchun nishonga aylanishi mumkin edi.
AQSh qo‘shinlari ketsa ham, Vashingtonning Iroqdagi ta’siri saqlanib qolishi kutilmoqda. Iroq AQSh dollarida neft sotadi, Amerikadan qurol-yarog‘ xarid qiladi va diplomatik yordamga muhtoj. Shuningdek, harbiy hamkorlik, jumladan Iroq armiyasi va kurd «Peshmerga» kuchlarini tayyorlash davom etishi mumkin.
Asosiy noaniqlik — Eron qo‘llab-quvvatlaydigan shi’a qurolli guruhlarining kelajagi. Ular davlat nazoratiga to‘liq o‘tishga qarshilik qilmoqda. Ekspertlar bu masala Iroqdagi ichki siyosiy barqarorlikka ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ayrim tahlilchilar IShIDning yana kuchayishidan xavotirda. Boshqalari esa Iroq xavfsizlik kuchlari hozir 2011 yilga qaraganda ancha kuchli va bunday tahdidlarga qarshi turishga yaxshiroq tayyor, deb hisoblaydi.
Ekspertlarga ko‘ra, AQSh qo‘shinlarining chiqishi Iroqda AQSh va Eron o‘rtasidagi ta’sir va kuchlar muvozanati masalasini yana kun tartibiga olib chiqadi. Eron imkoniyat tug‘ilsa, o‘z ta’sirini yanada kuchaytirishga harakat qilishi mumkin.