Yangilanayotgan konstitutsiya sud-huquq sohasidagi islohotlar natijalarini huquqiy mustahkamlaydi
Qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga ko‘ra, amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda.
Shuningdek, Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Xususan, mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, advakaturaga bag‘ishlangan alohida bobning kiritilishi sud hokimiyati, prokuratura organlari qatorida odil sudlovning muhim tarkibiy qismi sifatida advokaturaning huquqiy maqomi belgilanishiga xizmat qiladi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda “Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash - davlatning oliy maqsadidir” degan norma belgilanmoqda.
Ushbu maqsadga erishish uchun insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, davlat organlari tomonidan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakli belgilanmoqda.
Aybsizlik prezumsiyasi yanada kuchaytirilmoqda.
Jumladan, Konstitutsiyamizning amaldagi 26-moddasida shaxsning ishi sudda ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblangan bo‘lsa, endilikda sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblanishi mustahkamlanmoqda.
Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddat ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), shuningdek, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.
Ilk marotaba yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron xabarlar va boshqa xabarlarni sir saqlash huquqi faqat sudning qaroriga asosan cheklanishi mumkinligi belgilanmoqda. Ya’ni, hozirgi vaqtda ushbu vakolat prokurorga tegishli bo‘lib, uning sudlarga o‘tkazilishi shaxs daxlsizligi va konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda tub burilish bo‘ladi.
Shaxs qarindoshlarining sudlanganligi asosi bilan huquqlari cheklanishi mumkin emasligi qat’iy belgilanishi inson o‘zining yaqinlari yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob bermasligini ta’minlaydi.
Qonunda sud hokimiyatining chinakam mutaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimini kiritish taklif etilmoqda.
Shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sudyalar mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan qoidalar kiritilmoqda.
Sudyaning boshqa organlar va shaxslardan xoli bo‘lishini ta’minlash maqsadida sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi qat’iy o‘rnatilmoqda.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat davlat byudjetidan amalga oshirilishi kafolatlovchi yangi modda kiritilmoqda.
Bu kabi yangilik va o‘zgarishlar orqali keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari natijalari konstitutsiya darajadasida mustahkamlanadi.
Bekzod Jumaboyev, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisining o‘rinbosari.