Konstitutsiyani o‘zgartirishga oid qonun loyihasi qayta ishlashga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish haqida qaror qabul qilindi.

Majlisda deputatlar Konstitutsiyaviy komissiya va mas’ul qo‘mitalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etgan holda, xalqimiz asoslantirilgan, o‘ylab tahlil qilishga majbur qiladigan ko‘plab takliflarni berayotgani va bunday takliflarni e’tiborsiz qoldirish yoki ularga yuzaki yondashish mumkin emasligini aytib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish taklifini ilgari surdi.

Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganishni tashkil etish, davlat va jamiyat qurilishining samarali konstitutsiyaviy asoslarini yaratish bo‘yicha eng yaxshi tajribani amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish choralarini ko‘rish, konstitutsiyaviy islohotlarning dolzarb masalalarini muhokama qilish, uning asosiy vazifalari va konstitutsiyaviy yangiliklar mohiyati va ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda mamlakatimizda va chet ellarda qator tadbirlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Muhokama so‘ngida 128 deputat o‘zgartirishlar bo‘yicha ishlarni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun ovoz bergan, 1 nafari qarshi chiqqan va 1 nafari ovoz bermagan.

Majlis yakunida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish haqida tegishli qaror qabul qilindi hamda mas’ul qo‘mitalar oldidagi vazifalar belgilab berildi.

Quyi palataning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinovning aytishicha, Konstitutsiyaning 76 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar, qolaversa, 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob kiritilyapti.

Eslatib o‘tamiz, o‘zgartirishlar loyihasi 25 iyun kuni e’lon qilingandi va muhokama uchun 10 kun berilgandi. 4 iyul kuni deputatlar mazkur muddat yetmasligini tan olib, muhokamalarni yana 10 kunga uzaytirdi. 15 iyulda quyi palata vakillari muhokamalar muddatini bu safar 15 kunga, ya’ni 1 avgustga qadar uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.