Samarqandlik 2800 kishi taqdirlandi
Samarqand viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 noyabrdagi farmoni bilan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi E.Turdimov marosim qatnashchilari – davlat va jamoat tashkilotlari faollari, turli sohalar ilg‘orlari, nuroniylar va yoshlar vakillarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘ttiz yilligi bilan tabrikladi. Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, barcha sohalarda islohotlar izchilligini ta’minlashda Bosh Qomusimiz huquqiy asos ekanligini qayd etdi.
Bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida yurtimizda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilib, xalqimizning taklif va fikrlari asosida Bosh Qonunimiz yanada takomillashtirilmoqda.
– Bu yil Konstitutsiyamiz qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘ldi va shu munosabat bilan davlatimiz rahbari farmoniga ko‘ra, “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni ta’sis etildi, – dedi E.Turdimov. – Viloyatimizning 4 millionli aholisi orasidan siz kabi 2800 nafardan ortiq samarqandliklar ushbu sharafga munosib deb topildi. Barchangizni mazkur nishon bilan tarbiklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Tadbirda viloyat, tuman va shahar hokimliklari xodimlari, deputatlar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, tadbirkor va fermerlar, mehnat faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va boshqa sohalar vakillariga esdalik nishonlari tantanali topshirildi.
– Yurtimizda mulkdorlar huquqlarini himoya qilish va kafolatlashda konstitutsiyamiz mustahkam huquqiy asos hisoblanadi, – deydi Past Darg‘om tumanidagi “K-Eldor” fermer xo‘jaligi rahbari Erkin Sherov. – Bizning fermer bo‘lib yerga egalik qilishimiz, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishimiz zamirida ham Asosiy Qonunimiz turibdi. Shuning uchun bu esdalik nishoni men uchun juda qadrli va uning qimmati baland.
Marosimda bir guruh davlat xizmatchilari Samarqand viloyati hokimligining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.