Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish: Zamonaviy ta’limni zamonga mos, maqomi baland, bilimi keng o‘qituvchilar bera oladi

Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 52-moddasi o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishiga g‘amxo‘rlikni kafolatlaydigan norma hisoblanadi.

Umuman, Konstitutsiyaga o‘qituvchilar bilan bog‘liq modda kiritilayotgani - jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirish yo‘lida tashlangan qadamdir.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab o‘qituvchilarning obro‘si va mavqei sezilarli darajada tushib ketdi. Oylik maoshlari, ish sharoitlari haminqadar bo‘lganining ustiga ular turli qo‘shimcha yumushlar bilan band qilinar edi. Bunday sharoitda ishlaydigan o‘qituvchi sifatli ta’lim berishi mumkinmi?

Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, bu borada so‘nggi yillarda salmoqli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda o‘qituvchilar majburiy mehnat – paxta terimi, obodonlashtirish ishlariga jalb qilinmaydigan bo‘ldi.

Ta’lim dargohlaridagi ortiqcha qog‘ozbozlikka ham chek qo‘yildi. Maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari boshchiligida sinf rahbarlar va fan o‘qituvchilari 18 ta jadval hisobot va hujjatlarni to‘ldirishi oqibatida asosiy ishlari - o‘quvchilarga ta’lim berishga vaqt yetmasdi. Endilikda Qonunchilikda belgilangan 6 ta ish hujjatidan boshqa hisobot va taqvimlar yuritilishi qat’iyan man qilindi.

Yuksak salohiyatli o‘quvchilarni tayyorlash ma’naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni shakllantirish maqsadida Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilib, ta’lim sifatining ilg‘or tajribalari qo‘llanilmoqda.

Qog‘ozbozlikdan ozod qilish, hisobotlarni qo‘lda yozish, har bir dars bo‘yicha har yili qayta-qayta ko‘chiriladigan dars rejalarini qayta yozish va hokazolarga chek qo‘yish uchun “Kundalik” elektron ta’lim platformasi keng joriy qilindi.

Va, eng asosiysi, o‘qituvchilarning oylik maoshlari muttasil oshirib borilmoqda. Umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oy qo‘shimcha 20 foizdan 50 foizgacha ustama to‘lanadi. O‘qituvchilarga imtiyozli iste’mol kreditlarini berish, olis hududlarga borib ishlayotgan pedagoglar uchun ustamalar belgilash joriy etildi.

Shuningdek, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va «Bolalar kutubxonalari» xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshirildi.

Mazkur norma davlat organlari va boshqa tashkilotlarning pedagoglarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, ta’lim-tarbiya jarayoniga to‘sqinlik qilishning har qanday shakllariga, o‘qituvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishga xizmat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq o‘qituvchini davlat tomonidan professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirilishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yanada oshirishga olib keladi.

O‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini ta’minlash kabi vazifalarni Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi bolalarimizning sifatli va zamonaviy ta’lim olishiga, kelajakda farovon yashashiga xizmat qiladi.

G‘ayrat ABDIYeV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.