Samarqand — Markaziy Osiyoning yangi mashinasozlik xabi bo‘ladi(mi?)

O‘zbekiston sanoat xaritasida yangi gigant paydo bo‘lmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 20 apreldagi qarori bilan Kattaqo‘rg‘on tumanida ulkan Mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Bu loyiha nafaqat viloyat iqtisodiyotini, balki yurtimizdagi avtomobilsozlik qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuborishi kutilmoqda.

Nega aynan Samarqand va nega aynan mashinasozlik?

So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida xomashyo eksport qilishdan tayyor yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish strategiyasi ustuvor vazifaga aylandi. Viloyatimiz o‘zining geografik joylashuvi, logistika imkoniyatlari va mehnat resurslari bilan bunday yirik klaster uchun eng qulay hudud sifatida tanlandi. Qarorga muvofiq, 2030 yilga borib viloyat sanoatida mashinasozlik tarmog‘ining ulushi 15 foizga, qo‘shilgan qiymat miqdori esa 40 foizga yetishi kerak.

Bu raqamlar shunchaki statistika emas, balki minglab oilalarning daromadi va mamlakatning texnologik mustaqilligi demakdir. Kattaqo‘rg‘onda 100 gektarlik sanoat shaharchasi Yangi sanoat zonasi uchun tumanning «Yangihayot» massividan 100 gektar yer maydoni ajratildi. Ilgari lalmi va yaylov bo‘lgan bu yerlar endilikda zamonaviy zavod, yuqori texnologiyali sex va logistika markazlariga aylanadi. Sanoat zonasining o‘ziga xos jihati shundaki, u yerda faqat ma’lum toifadagi transport vositalari ishlab chiqariladi: N toifa- yuk tashuvchi avtomobillar; M2 va M3 toifa - avtobus va mikroavtobuslar; L toifa - mototransport vositalari; O toifa - tirkama va yarim tirkamalar.

Raqamlar gapirganda ...

Loyihaning ko‘lami kishini hayratga soladi. Dastlabki bosqichning o‘zidayoq xorijiy hamkorlar bilan birgalikda 116 million AQSh dollari miqdoridagi 5 ta yirik investitsiya loyihasi tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, faqat 2028 yilning o‘zida 50 ming dona mototransport va bolalar aravachalari ishlab chiqariladi.

Shuncha miqdordagi osma va tirkama texnikalar tayyorlanadi. 

2029 yilda 5000 ming dona gidravlika uskunalari, 2029-2031 yillarda 10 ming dona tijorat transport vositalarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish jarayonida 2 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi. Bu Kattaqo‘rg‘on va atrof tumanlardagi yoshlar uchun o‘z uyida turib, zamonaviy texnologiyalarni boshqarish va yuqori maosh olish imkoniyatidir.

Biz faqat yig‘maymiz, ishlab chiqaramiz!

Ko‘pchilikni bir savol qiynaydi: "Biz faqat chetdan kelgan qismlarni birlashtiramizmi?". Qarorda bunga aniq javob berilgan.

Jumladan, sanoat kooperatsiyasi asosida mahalliylashtirish darajasini oshirish orqali yillik «mahalliy kontent» hajmi 100 million dollarga yetkaziladi. Ya’ni, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarning salmoqli qismi aynan shu yerda ishlab chiqariladi.

Darvoqe, mahsulotlar nafaqat ichki bozor, balki Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bozorlarini ham egallashi maqsad qilingan. "Made in Uzbekistan" brendi ostidagi og‘ir texnikalar mintaqa yo‘llarida yetakchilik qilishi uchun barcha huquqiy va iqtisodiy asoslar yaratildi.

Albatta, bunday katta quvvatni ishlatish uchun kuchli energiya, yo‘l va mutaxassis kerak. Qarorda bu masalalar ham tizimli hal etilgan.

Masalan, 2026-2027 yillarda hududga yangi elektr tarmoqlari, gaz, suv va eng muhimi — temir yo‘l tarmoqlari tortiladi.

Ish o‘rinlarining kamida 5 foizi dual ta’lim (nazariya va amaliyot uyg‘unligi) asosida tashkil etiladi. Yoshlar zavodning o‘zida o‘qib, o‘sha yerda ishlashni boshlaydi. Kamida 3 yillik kadrlar tayyorlash dasturi amalga oshiriladi.

Zamon bilan hamnafas bo‘lish maqsadida, ishlab chiqariladigan 10 ming dona texnika ichida elektrda harakatlanuvchi transport vositalariga alohida urg‘u berilgan. Bu Samarqandning ekologik toza hudud bo‘lib qolishiga va jahon trendlaridan ortda qolmasligimizga xizmat qiladi.

Aytish mumkinki, mashinasozlik sanoat zonasi shunchaki zavodlar yig‘indisi emas.

Bu — O‘zbekistonning sanoat mustaqilligi yo‘lidagi ulkan qadami, yangi texnologiyalar maktabi va minglab yurtdoshlarimiz uchun farovon hayot manbaidir. 2028-2030 yillar oralig‘ida Kattaqo‘rg‘on dashtlarida qad rostlaydigan bu sanoat giganti Samarqandni nafaqat turizm markazi, balki mintaqaning mashinasozlik yuragiga aylantirishi shubhasiz.

Loyihani amalga oshirish jarayoni qat’iy nazoratga olingan bo‘lib, har yarim yilda Vazirlar Mahkamasiga hisobot berib boriladi. Bu esa belgilangan maqsadlarga vaqtida va sifatli erishilishining kafolatidir.

Yo.Marqayev tayyorladi.