JSST koronavirus va grippga qarshi emlanishni tavsiya qildi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus Jenevada o‘tkazilgan navbatdagi brifingda COVID-19 va grippga qarshi emlanishni tavsiya qildi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, so‘nggi oylarda dunyo bo‘yicha koronavirus tufayli kasalxonada davolanish va o‘lim ko‘rsatkichlari ortib borayapti. Qolaversa, qator mintaqalarda gripp mavsumi boshlanmoqda.
Har ikki kasallikning bir vaqtda kuchayishi sog‘liqni saqlash tizimlari uchun ortiqcha yuklamalarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois hozirdan zarur profilaktik choralar ko‘rish talab etiladi.
Chunki mavsumiy gripp har yili 650 ming nafarga yaqin insonning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. O‘z navbatida, bu virus turli surunkali kasalliklarning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratishi bilan xavfli.
Shundan kelib, JSST nafaqat COVID-19, balki grippga qarshi emlanishni ham tavsiya qildi.
“Bunga, birinchi navbatda, xavf guruhiga mansub aholi qatlami — homilador ayollar, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, keksa yoshli insonlar (65 yoshdan katta), surunkali kasalliklari bor bemorlar va tibbiyot xodimlari amalga qilishlari maqsadga muvofiq” — deyiladi tashkilot xulosasida.