Dunyoda 1,8 milliard kishi kamharakatlikdan aziyat chekmoqda
JSST tomonidan 2022 yili bu borada o‘tkazilgan tadqiqot natijalari yaqinda Buyuk Britaniyaning nufuzli “The Lancet” tibbiy jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, 2010-2022 yillar oralig‘ida kattalar o‘rtasida jismoniy faollik darajasi 5 foiz pasaygan. Agar bu tendensiya davom etsa, 2030 yilgacha kamharakatlik ko‘rsatkichi 35 foizgacha oshishi mumkin.
Hozir bu borada eng murakkab vaziyat Osiyo-Tinch okeani mintaqalari (48 foiz) va Janubiy Osiyo (45 foiz)da kuzatilyapti.
Jismoniy faollik susayishi ayollar orasida ko‘proq qayd etilmoqda. Qolaversa, 60 yoshdan oshganlar bu muammo bilan tez-tez ro‘baro‘ kelishyapti.
Shunga qaramay, ijobiy natijalar ham bor. Tadqiqotda aniqlanishicha, keyingi o‘n yil ichida dunyo davlatlarining deyarli yarmi bu yo‘nalishda ma’lum yutuqlarga ham erishgan.
Mazkur an’ana shunday davom etsa, 2030 yilga kelib, 22 mamlakat kamharakatlik darajasini 15 foizga qisqartirishga erisha oladi.
Shundan kelib chiqib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti haftasiga 150 daqiqa o‘rtacha intensivlikdagi jismoniy faollik bilan shug‘ullanishni tavsiya qilmoqda. Yoki 75 daqiqalik kuchli jismoniy faollik ham buning o‘rnini bosa oladi.
Aks holda, kamharakatlik infarkt, insult, 2-tur qandli diabet, demans, ko‘krak va yo‘g‘on ichak saratoni kabi kasalliklarning rivojlanish xavfini oshiradi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.