Allergiya: sabab, oqibat va davosi haqida
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyo aholisining 30-40 foizi, ya’ni har uchinchi odam allergik kasalliklardan aziyat chekadi. Iqlim o‘zgarishi, global isish, ekologik vaziyatning yomonlashishi kabi qator omillar sababli yurtimizda ham allergik bemorlar soni ortib bormoqda. Xo‘sh, bu kasallikni chegaralab bo‘ladimi? Undan qanday himoyalanish kerak?
Viloyat bosh allergologi Javohir Nasimov shu va boshqa savollarimizga javob berdi.
— Allergik kasallik o‘zi nima? U qanday kelib chiqadi?
— Oddiy qilib aytganda, allergiya - bu organizmning tashqi va ichki muhitga nisbatan reaksiyasi hisoblanadi. Bu jarayon organizmga chang, turli xil dori vositalari yoki kimyoviy moddalar tushganida boshlanadi. Oddiy gul changining burun bo‘shlig‘iga tushishini eslaylik. U kishida burun oqishi va aksirishni chaqiradi. Agar chang ko‘zimizga tushsa, qizarishi va yoshlanishi mumkin, ya’ni organizm o‘ziga notanish bo‘lgan moddani tezroq chiqarib tashlashga harakat qiladi.
— Allergik kasalliklar faqat kuz va bahor faslida avj oladi, deyishadi. Shu to‘g‘rimi?
— Umuman olganda, insonda mavsumiy allergiya, allergik rinit yoki taomlarga allergiya bo‘lishi mumkin. Oxirgisi mavsum tanlamaydi va yil davomida kuzatiladi.
Mavsumiy allergiyaga keladigan bo‘lsak, u asosan bahor va kuz oylarida boshlanadi. Uning qo‘zg‘atuvchisi bahorda gullaydigan turli xil mevali o‘simliklarning yoki kuzda gullaydigan yovvoyi o‘tlarning changi hisoblanadi. Organizmda ularga reaksiya turlicha bo‘lishi mumkin. Shuningdek, mavsumiy allergiyaning klinik belgilari ham har xil bo‘ladi. Burun bitishi, burundan suv kelishi, aksirish, ko‘zlar va tomoqning qichishi, yo‘tal va nafas siqishi shular jumlasidan.
— Allergik kasalliklar bilan bog‘liq vaziyat, ta’kidlanayotganidek, yomonmi?
— XXI asr - allergik kasalliklar asri deb atalmoqda. Chunki ekologik muhit oldingiga nisbatan ancha yomonlashgan hamda odamlar iste’mol qilayotgan aksar mahsulotlarni tayyorlashda ham kimyoviy moddalarning ulushi ortib bormoqda. Bularning barchasi allergik kasalliklarga olib keladi. Aytish joizki, kasallik tobora yosharib bormoqda. Ilgari allergiya ko‘proq kattalarda kuzatilgan bo‘lsa, hozir yangi tug‘ilgan bolalarda ham allergologik holatlar uchramoqda. Bunga sabab, onaning homiladorlik vaqtida noto‘g‘ri ovqatlanishi yoki shifokor nazoratisiz turli dorilarni qabul qilishi hisoblanadi.
O‘z holida ham allergiya nasliy kasallik hisoblanadi va u gendan genga o‘tishi mumkin. Yuqorida sanab o‘tilgan omillar esa uning erta qo‘zg‘alishi yoki zo‘rayishiga olib keladi.
— Ayrimlar shifokorga ko‘rinmay turib allergiyaga qarshi turli dori vositalarini iste’mol qilib yuradi...
— Allergiyani shifokorga murojaat qilmasdan, o‘zboshimchalik bilan davolash mumkin emas. Sababi, allergiya oddiy kasallik hisoblanmaydi. Ko‘pchilik allergiyani shamollash bilan adashtiradi. To‘g‘ri, allergik kasallik bilan shamollashning belgilari o‘xshash. Har ikkisida ham bemorning burnidan suv kelishi, tomog‘i qichishi yoki aksirish holatlari kuzatilishi mumkin. Bu yerda farqni tana haroratining ko‘tarilishi va mavsumiylik orqali aniqlash mumkin. Ya’ni, shamollashda mavsumiylik bo‘lmaydi hamda u tana haroratining ko‘tarilishi bilan kechadi. Aksi bo‘lsa, sizda allergiya bo‘ladi. Buni bilmaganlar turli keraksiz, ba’zida salomatligini battar yomonlashtiruvchi dorilarni iste’mol qiladi. Shu sababli allergiyasi bor bemor shifokorga murojaat qilishi va faqat shifokor nazorati ostida davolanishi lozim.
— Allergiyasi bor insonlar iste’mol qilishi mumkin bo‘lmagan umumiy mahsulot bormi?
— Ha, bor. Sut mahsulotlari, tuxum, baliq, dengiz mahsulotlari, yong‘oqlar, bug‘doy, kunjut va soya qo‘shib tayyorlangan mahsulotlar iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Bundan tashqari, skarifikatsion va laborator usullar bilan bemorning qanday mahsulotlarga allergiyasi borligini aniqlash mumkin. Shunga qarab, unga ma’lum bir mahsulotni iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.
Mavsumiy allergiyasi bo‘lgan bemorlar ishda yoki ko‘chada yurganida tibbiy niqobda bo‘lishi hamda tomoq, burun va ko‘zlarni tez-tez yuvib turishi lozim.
— Yosh bolalarda allergik kasallik bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?
— Aytib o‘tilganidek, allergiya aslida nasliy kasallik hisoblanadi. Ota yoki onada allergiya mavjud bo‘lsa, ularning farzandida ham kasallikka moyillik kuzatiladi. Lekin hayoti davomida unda allergiya qo‘zg‘almasligi ham mumkin.
Buning uchun nafaqat bolalar, balki ularning onalari ham homiladorlik davrida GMO (genetik modifikatsiyalangan organizmlar), turli kimyoviy yoki allergiya chaqiruvchi mahsulotlarni iste’mol qilmasligi lozim. Bola tabiiy, ya’ni ona suti bilan ikki yil oziqlanishi hamda vitaminlarga boy, organizm uchun foydali mahsulotlarni iste’mol qilishi lozim.
— Allergiyani davolamasa, oqibati qanday bo‘ladi?
— Uzoq vaqt davom etgan allergiya og‘ir oqibatlarga olib keladi. Misol uchun, oddiy allergik rinit kasalligi uzoq vaqt davom etsa, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi – “astma” ga olib keladi.
Odamlar ko‘p hollarda e’tibor bermay keladigan allergik kasallik insonning hayot tarziga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shunday ekan, salomatligimizga e’tiborsiz bo‘lmasligimiz va eng muhimi, jarayonda asosiy e’tiborni davolashga emas, profilaktikaga qaratishimiz kerak.
Umida SATTOROVA suhbatlashdi.