Samarqandlik olimlar va Koreya madaniy meros sohasi mutaxassislari hamkorligi davom etadi
Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutida Koreya madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan rivojlanish bo‘yicha rasmiy ko‘mak – ODA (Official Development Assistance) loyihasining joriy yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
Samarqand, Buxoro, Ichan-qal’a davlat muzey-qo‘riqxonalari, Fanlar akademiyasining Milliy arxeologiya markazi, San’atshunoslik instituti xodimlari hamda koreyalik mutaxassislar ishtirok etgan anjumanda arxeologik topilmalarni restavratsiya va konservatsiya qilish, arxeologik qazishmalar va ularda qo‘llaniladigan zamonaviy tadqiqot usullari, arxeologik yodgorliklarni hujjatlashtirish, topilmalarni kimyoviy, fizik usullar yordamida tahlil qilish hamda ularning natijalari bo‘yicha taqdimotlar qilindi.
– Institutimiz va Koreya madaniy meros agentligi hamkorligida “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Samarqand madaniy va turizm resurslarini rivojlantirish, salohiyatini oshirish” hamda “Samarqand arxeologiya institutida zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasini rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilmoqda, – deydi Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov. – Unga ko‘ra, hozir qiymati 3 million 800 ming AQSh dollarilik loyiha doirasida institut qoshida Madaniy merosni boshqarish va topilmalarni restavratsiya hamda konservatsiya qilish markazi tashkil etilgan bo‘lib, koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Qizlartepa yodgorligini birgalikda qazish va tadqiq qilish, madaniy meros ob’yektlarini raqamlashtirish va inventarizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Jomboy, Ishtixon va Narpay tumanlaridagi arxeologik ob’yektlarda ro‘yxatga olish, yodgorliklarning elektron bazasini yaratish, qazishmalarda zamonaviy qurilmalarni qo‘llash jarayonlari ham davom etmoqda.
ODA loyihasi asosida O‘zbekiston Madaniy meros agentligi va Koreya Respublikasi Madaniy meros administratsiyasi hamkorligida joriy yil mart oyida Samarqand shahridagi “Afrosiyob” muzeyi restavratsiyasi uchun 290 ming AQSh dollaridan ziyod mablag‘ sarflanib, muzeyning yangi ekspozitsiyasi ochilgan edi.