Jahon “musobaqa”sida Xitoy: yangi qudratmi yoki nusxaga tayanayotgan davlatmi?
Yangi asrning boshlarida ko‘pchilikning e’tiborini tortmagan g‘alati voqea sodir bo‘ldi. Xitoy Fransiyadan xarid qilgan “A-320” aerobusi birdan tag-tugi bilan yo‘qolib qoldi.
Odatda, sotib olingan yo‘lovchi tashuvchi samolyot tezlik bilan reysga qo‘yilishi va aviakompaniya uchun foyda keltirishi lozim. Ammo bu yap-yangi uchoq biror marta ham ko‘kka parvoz qilmadi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, aerobus xitoylik muhandislar tomonidan kichkina murvatchalarigacha qismlarga ajratilgan va ulardan nusxa olish tadorigi boshlab yuborilgan ekan.
Biz avvalgi maqolalarimizdan birida buyuk muqallid Den Syaopinning qanday qilib “Osiyo yo‘lbarslari” sanalmish Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur, Malayziya singari mamlakatlarning iqtisodiy tizimlaridan nusxa olib, Xitoyda islohotlar boshlagani haqida yozgan edik. Aytish mumkinki, uning ushbu ish usuli davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Endi xitoylik o‘rtoqlar hech tap tortmasdan xorij ixtirolari va texnologiyalarini ruxsatsiz o‘zlashtirishga kirishdi. Sanoat va texnologiyalar josusligi keng yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga chet ellik olimlar kashfiyoti hamda ixtirolarini sotib olish usullari ham takomillashtirildi. Bu sa’y-harakatlar natijasini bugun ko‘rib turibmiz. Xitoy dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi superdavlatga aylandi. Bir vaqtlar sobiq SSSRda ham xuddi shunday holat yuz bergandi. G‘arb sanoatchilari ko‘magi, AQShning “lend-lizi” sharofati va Germaniyadan undirilgan moddiy tovonlar samarasida sobiq sho‘ro ittifoqi misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishib, jahonning ikkinchi kuchli davlatiga aylangandi. O‘tgan asrning 50-60 yillarida birinchi bo‘lib kosmosga chiqib, Amerikaga yetib, hatto quvib o‘tishga bel bog‘lagandi. Shu xususda xalq tomonidan ijod qilingan mashhur bir latifa ham saqlanib qolgan.
Kunlarning birida ishchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda Xrushchev minbarda turib:
- O‘rtoqlar, tez orada Amerikani quvib yetib, oldinga o‘tib olamiz, - debdi. Shunda ishchilardan biri qo‘l ko‘tarib o‘rnidan turibdi-da:
- O‘rtoq Nikita Sergeyevich, bunday qilib bo‘lmaydi, - debdi.
- Iye, nega? - hayron bo‘libdi Xrushchev.
- Axir, oldinga o‘tsak ishtonimizning yirtig‘i ko‘rinib qoladi-da, - degan ekan ishchi.
Keling, endi yana aerobus voqeasiga qaytaylik. Taxminan, xuddi ana shu yillarda Xitoy o‘z yo‘lovchi uchoqlarini yaratib, “Boing”ni sindirar emish, degan gaplar paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, xitoyliklar “A-320”ga o‘xshatib o‘zlarining “SI-919” samolyotini yaratdi. Ammo bu nusxa Yevropa aviasozlarining muvaffaqiyatini takrorlay olmadi. Asosiy buyurtmachilar ham Xitoy aviakompaniyalari bo‘lib, ichki yo‘nalishlarda parvoz qila boshladi. Keyingi yillarda G‘arb mamlakatlari tomonidan ta’minlanib turilgan butlovchi qismlar kamayganligi bois ishlab chiqarish sustlashib qoldi. Sababi, Xitoy muhandislari qayta yaratgan butlovchi qismlar texnologik jihatdan mukammal bo‘lib chiqmadi. Samolyot tarkibida milliondan ortiq detallar borligini e’tiborga olsak, yo‘lovchilar xavfsizligi uchun har bir qismning ahamiyati naqadar katta ekanligi oydinlashadi. Oqibatda uchoq belgilangan 6000-7000 kilometr masofaga erisha olmay, maksimal uchish uzoqligi 5000 kilometrdan oshmadi. Sababi, samolyot motori ma’lum bir muddatdan so‘ng keskin qiziy boshladi. Holbuki, Yevropa aerobuslari zarur bo‘lgan hollarda me’yordan ikki baravar uzoqroq masofaga uchish qobiliyatiga ega. Natijada Xitoy aerobuslariga mamlakatdan tashqarida xaridor deyarli topilmadi. Xitoylik aviamuqallidlar keyinchalik “A-320” texnologiyalarini asos qilib, “A-350” singari keng fyuzelyajli kattaroq yo‘lovchi uchoqni ham yaratishga harakat qilib ko‘rishdi. Unga “SI-929” deya nom berishdi. Ammo bu galgi urinish umuman muvaffaqiyatsiz bo‘lib chiqdi. Chunki o‘rtacha masofalarga 100-200 yo‘lovchi bilan 4000-5000 kilometrga qadar uchishga mo‘ljallangan uchoq loyihasi 400-500 o‘rinli katta laynerning texnik talablariga mutlaqo javob berolmadi va keyingi yillarda bu boradagi izlanishlar to‘xtab qoldi.
Qizig‘i shundaki, o‘g‘rini qaroqchi uribdi deganlaridek, xitoyliklar Yevropadan o‘zlashtirgan texnologiyalar qandaydir yo‘l bilan rossiyaliklar qo‘liga o‘tib, ular ham o‘zlarining aerobuslarini yaratish payiga tushdi. Ruslar uni “MS-21” deb atadi. Samolyotning 100 o‘rinli variantini “Superjet” deb qo‘ya qolishdi. Katta dabdaba bilan reklama qilingan superjetlar ketma-ket yuz bera boshlagan aviahalokatlardan so‘ng asta-sekin xorijdagi xaridorlarini yo‘qotib, hozirda ichki yo‘nalishlarda foydalanilmoqda, xolos. “MS-21”ning keyingi taqdiri esa oxirgi xalqaro sanksiyalar oqibatida hanuz noma’lumligicha qolmoqda.

O‘zingniki o‘zingga begona
Keyingi yillarda Xitoyning josuslik faoliyatida ilmiy-texnik tijorat texnologiyalari asosiy nishonga aylanib borayotganligi yaqqol ko‘rinib qolmoqda. Nyu-York shtatining sobiq mansabdori Linda San va uning turmush o‘rtog‘i Kris Xu Xitoy hukumatidan imtiyozlar olgan holda maxfiy ma’lumotlarni o‘zlashtirishda ayblanmoqda. Bu voqea Xitoy josuslik faoliyatining yangi bosqichi sifatida baholanmoqda. AQSh strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-2023 yillar orasida Amerikadagi Xitoy josuslik ishlarining aksariyat ko‘pchiligi xitoy millatidagi fuqarolar bilan bog‘liq bo‘lgan. Ularning 54 foizi harbiy ilmiy-texnik texnologiyalarni, 29 foizi esa tijorat sohasini qamrab olgan. Tadqiqotchi Nikolas Eftimiadisning ma’lumotlariga ko‘ra, josuslik faoliyatining qolgan qismi asosan, yashil energiya, biotexnologiya, aerokosmik ishlanmalar, axborot texnologiyalari va ishlab chiqarish sohalaridagi yangiliklarni qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan. Bunday holatlar ko‘proq Kaliforniya shtatida qayd etilgan. Mingga yaqin Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan olimlar orasida bor-yo‘g‘i uchtasi xitoylik ekanini e’tiborga olsak, bugungi Xitoy mo‘’jizasi tagi bo‘sh ekanligi va ixtirolar G‘arbdan o‘zlashtirilgani ochiq ayon bo‘lib qoladi. Keyingi davrda bu borada latifanamo voqealar ham ro‘y bermoqda.
Yaqinda xitoyliklar Niderlandiya qurib bergan mikrochip ishlab chiqaruvchi korxonadagi ASML dastgohini buzib qo‘ydi. Uni tuzatish uchun Yevropadan mutaxassislar chaqirildi. Ular dastgohni ochib qarashganida avval ham ochib ko‘rilgani ma’lum bo‘ladi. Dastgoh yuragi hisoblanmish ultrabinafsha nurli litografiya markazi shunday moslashtirib qo‘yilgan ekanki, mabodo kimdir ochishga urinsa, uskunaning o‘zi markazni ishdan chiqarib, yaroqsiz holga keltirar ekan. Xitoyliklar dastgoh sirini o‘rganish uchun ochib ko‘rganlarini tan olmaganlaridan so‘ng, niderlandiyaliklar komissiya tuzib, ushbu holatni tekshirmoqchi bo‘libdi. Ammo xitoylik o‘rtoqlar ularni o‘z zavodlariga kirishlariga ruxsat berishmabdi. Shu xil xatti-harakatlar natijasi bo‘lsa kerak, keyingi yillarda xorijiy kompaniyalar Xitoyni tark etib, o‘z korxonalarini Vetnam, Hindiston, Malayziya, Indoneziya singari qo‘shni mamlakatlarga ko‘chirmoqda.
Xitoy baribir yuksak texnologiyalar bo‘yicha xorijga qaram bo‘lib qolmoqda. To‘g‘ri, qachonlardir Xitoy ham o‘zining murakkab texnologiyalarini yaratar, ammo bu uchun, avvalo, maktab yaratilishi, ularda o‘n-yigirma yillab fundamental tadqiqotlar olib borilishi, tajribalar o‘tkazilishi zarur. Bu orada G‘arb dunyosi ham “Qachon Xitoy bizga yetib olar ekan”, deb to‘xtab turmasa kerak. Hozir ayrim texnologiyalar bir yilda eskirib qolmoqda. Masalan, Xitoy va Rossiya nodir metallarga boy mamlakatlar hisoblanadi. Aytish mumkinki, ularni rudadan ajratib, tozalab boyitishda bu mamlakatlarga teng keladigani yo‘q. Hatto Amerikada ham bunday texnologiyalar yo‘q. Biroq G‘arb mamlakatlarida ehtiyoj tufayli noyob metallarni qayta ishlash texnologiyasi yaxshi rivojlangan. Noyob metallar hozir hamma jabhalarda: aviasozlik, kemasozlik, avtomobilsozlik, qo‘yingki, barcha sohalarda keng qo‘llanmoqda. Shu bois ular yaratgan samolyotlar dunyoni aylanib chiqsa-da, qizimaydi. Kichkina dronlari ham 2000-3000 kilometrga uchib zarba bermoqda.
Agar e’tibor berilsa, keyingi paytda bozorimizga katta dabdaba bilan kirib kelgan Xitoy avtomobillarining obro‘si ancha pasayib qoldi. Sababi yana o‘sha noyob texnologiyalarga borib taqaladi. Bunaqa yuksak texnologiyalarni yaratish uchun esa yuqorida yozganimizdek, oliymaqom ilmiy maktablar va ming-minglab oliy saviyali ilmiy xodimlar zarur bo‘ladi.

Dunyoning ishlari
Maqolamiz to‘lasincha Xitoyga bag‘ishlangan ekan, bu mamlakatning dunyodagi o‘rni va ahamiyati haqida ham to‘xtalib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bugungi Xitoy jahonda har jihatdan AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi qudratli davlat. Ammo u o‘z qudrati va salohiyatini oqilona namoyon etyaptimi? Ba’zi tomondan bu savolga “ha” deb javob berish mumkin. Ammo ayrim murakkab masalalarda o‘z mavqeiga yarashmaydigan kuzatuvchilik yoki ochiqdan ochiq noxolislik pozitsiyasida turib kelmoqda. To‘g‘ri, har bir mamlakatda bo‘lganidek, Xitoyning ham davlat manfaatlari borligini hech kim inkor qilmaydi. Lekin dunyoning global muammolari yechimida betaraflik yoki noxolis tomonda turib olish ulug‘ millatning buyuklik maqomiga sira to‘g‘ri kelmaydi.
Masalan, hozirgi kunlarning eng dolzarb muammosi Ukrainada tinchlik o‘rnatish masalasi bo‘lsa, Xitoy bunda mutlaqo tushunarsiz siyosat yurgizmoqda. Bir tomondan Ukrainaning hududiy yaxlitligi tamoyilini yoqlab chiqmoqda, boshqa tomondan esa Rossiya qirolli kuchlariga dronlarning butlovchi qismlarini yetkazib berishda davom etyapti. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ular Xabarovskda dron ishlab chiqaruvchi yirik korxona qurilishiga yaqindan ko‘maklashmoqda ekan. Bu borada uning manfaatlari rus hukumatining siyosati bilan hamohang. Ayniqsa, Rossiyaning arzonlashtirib sotayotgan neft, gaz, ko‘mir, metall singari xomashyolari Xitoy taraqqiyotining kuchli dastaklariga aylandi. Shu asosda har ikki mamlakat birlashib, go‘yo xalqaro imperializmga qarshi kurashmoqda.
Matbuot xabarlariga ko‘ra, keyingi paytda Xitoy o‘z oltin zaxirasini boyityapti. Ushbu harakatning ham tub maqsadi xalqaro bozordan AQSh dollarini siqib chiqarishdan iborat ekanligi ochiq aytilmoqda. Bu borada zo‘r berib o‘z atrofiga turli usullar vositasida ittifoqchilarni to‘plamoqda. Bir tomondan yangi-yangi sheriklar topilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ba’zilari hafsalasi pir bo‘lib, Pekindan uzoqlashmoqda. Shu paytgacha umumiy manfaatlar asosida Xitoy bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgan Pokiston bilan orada biroz sovuqchilik tushdi. Nega desangiz, Pokiston mutaxassislari Xitoydan o‘rganib qaytgan nodir metallarni boyitish texnologiyasi sirlarini amerikaliklar bilan baham ko‘rishgani Pekinni g‘azablantirgan. Yaqinda Afg‘oniston-Pokiston chegarasida bo‘lib o‘tgan qurolli mojaro ham ana shu sovuqchilikning izg‘irini deyishmoqda. Chunki tolibonlar hukumati bugun Xitoy bilan o‘ta yaqin munosabatlarga kirishgan. Bunda xanlarning Xitoydagi dindor musulmonlar boshiga solayotgan jabr-sitamlar ham tolibonlarni zarracha tashvishlantirmayapti.
Xo‘p, bu endi bir-biri bilan ziddiyatlashayotgan davlatlar orasidagi munosabat. Biroq quyidagi gaplarga nima deysiz? “Reyters” agentligining xabariga ko‘ra, AQSh Eronning “Shahed” dronlarini ishlab chiqarishda yordam bergan Ukraina kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qildi... Xullas, dunyoning ajabtovur ishlari haqida aytaversak ado bo‘lmaydi.
Lekin shunisi aniqki, jahondagi notinchlik o‘choqlari olovi zudlik bilan o‘chirilishi lozim. Aftidan, bu harakat oson kechadiganga o‘xshamayapti. Jumladan, rus-ukrain mojarosi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Putin Ukraina bilan tinchlik kelishuvini imzolash niyatida emas. Bu haqda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi maxfiy razvedka xizmatining sobiq rahbari Richard Mur “Bloomberg” nashriga bergan suhbatida ma’lum qildi. U bunda bir necha hafta oldin olingan razvedka ma’lumotlariga tayanayotganini bildirdi. Uning aytishicha, “Putin hech qanday kelishuv tuzmoqchi emas. Urush uning uchun faqat hudud masalasi emas, balki hukmronlik masalasi hamdir. U Ukrainani Belarusga o‘xshatib o‘ziga tobe davlatga aylantirmoqchi”.
Hozirgi kunlarimizdagi vaziyat shundayki, Ukraina tashqi ishlar vazirligi Rossiya bilan tinchlik muzokaralari to‘xtatilganligini e’lon qildi.
Xudoyberdi Komilov,
siyosiy sharhlovchi.