Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dunyoni bo‘lib olishga intilish hech qachon yaxshilikka olib kelmagan

2024 yilda Rossiyada navbatdagi prezident saylovi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu esa Kreml siyosatxonasidagi harakat jarayonini tobora tezlashtirib yubordi. Putin yana prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yadimi yoki hokimiyatni birorta vorisiga topshiradimi, degan katta savol hozirgacha o‘z javobini topmay turibdi.

Ammo siyosiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, u umrining oxirigacha taxtni tark etmoqchi emas. Buning bir necha muhim sabablari bor.

Birinchidan, u Rossiya xalqiga bergan katta va’dalarining birortasini ham hali to‘liq bajarmadi. Masalan, o‘z faoliyatining boshlanishida Rossiyani dunyodagi eng rivojlangan beshta davlat qatoriga qo‘shish rejasini e’lon qilgandi. Biroq mamlakat boshqa beshlikka qo‘shilib qoldi: koronavirus kasalligidan eng katta zarar ko‘rgan qoloq davlatlar qatoriga kirdi. Pandemiya boshlangandan buyon Rossiya aholisi 1 milliondan ortiq kishiga kamaydi. Bu esa aholi soni eng ko‘p bo‘lgan Xitoydagi yo‘qotishlardan ham ancha ziyodroq.

Ikkinchidan, ishchilarning o‘rtacha ish haqi shu davrga kelib, valyuta ekvivalentida oyiga 2 ming dollardan oshirilishi lozim edi. Bu marra ham egallanmadi. Hozir Rossiyadagi o‘rtacha ish haqi 47 ming rublga tenglashib, qariyb 510 dollarni tashkil etmoqda. Bu esa urush oqibatida iqtisodiyoti to‘kilib qolgan Ukrainadagi o‘rtacha ish haqidan ham ancha kam. Ukrainada 2021 yilda bu miqdor 620 dollarga teng bo‘lgan.

Uchinchidan, Putin prezidentlik davrida pensiya yoshi oshirilmasligi haqida xalqqa bir necha marta tantanali va’da bergandi. Afsuski, bu boradagi va’dalar ham yolg‘on bo‘lib chiqdi. Pensiya yoshi ayollar uchun 60, erkaklarga esa 65 yosh qilib belgilandi. Putin buni xorij mamlakatlari tajribasi misolida asoslab berishga urindi. Aslida, bu islohotning bosh sababi mamlakat chuqur demografik o‘raga tushib qolganligi bilan izohlanadi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerakki, Rossiyada erkaklarning o‘rtacha umri 67 yil. Demak, u yerdagi potensial pensioner erkak bor-yo‘g‘i ikki yilgina qarilik gashtini surish imkoniyatiga ega bo‘lib chiqadi. Holbuki, pensiya yoshi yuqori bo‘lgan xorijiy mamlakatlarda bu miqdor 15-20 yilni tashkil qiladi.

Keyingi yillarda Vladimir Putin mamlakat ichidagi tushib borayotgan obro‘yini tiklab olish maqsadida tashqi siyosatga ustuvor urg‘u bera boshladi. 2014 yili Ukrainada Qrim yarim oroli, Donetsk va Lugansk viloyatlarining bir qismini zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab oldi. Moskva bunga bahona qilib Ukrainada siyosiy to‘ntarish sodir bo‘lib rusiyzabon aholi uchun xatarli vaziyat paydo bo‘lgani bilan izohlamoqchi bo‘ladi. Keling, shunday deb ham qabul qilaylik. 1991 yilda Rossiyada ham davlat to‘ntarishi bo‘lib, mamlakat taqdiri qil ustida qolgandi. O‘sha qaltis yillarda butun dunyo Rossiya va boshqa sobiq ittifoqdosh respublikalarga beg‘araz yordam qo‘lini cho‘zdi. Birgina AQSh Rossiya xalqini ocharchilikdan saqlab qolish uchun 41 milliard dollarlik oziq-ovqat va iste’mol mahsulotlari jo‘natdi. Ushbu yordamni zudlik bilan yetkazib berish maqsadida 180 ta harbiy transport uchoqlari Moskva, Leningrad va boshqa shaharlarga tinimsiz parvoz qildi. Xorijning o‘sha yillardagi insonparvarlik yordami xalq orasida "Bush oyoqchalari" nomi bilan rosa mashhur bo‘ldi. Ana shu saxiylik bilan berilgan ko‘makni ham ba’zi ko‘rnamak arboblar: "Amerikaliklar bizga tovuqning eng bemaza joyini jo‘natdi", deb kamsitmoqchi bo‘ldilar. Mana, ana endi davlatning puli ko‘payib, ancha-muncha qaddini tiklab olgach, Kreml g‘arbning qilgan yaxshiliklarini bir burnidan chiqarib qo‘ymoqchi, shekilli.

Bugun Rossiya bilan G‘arb orasida hal qilinishi anchayin murakkab bo‘lgan jiddiy muammolar yuzaga keldi. Ulardan eng birinchisi Ukraina masalasidir.

Kiyevning mustaqil harakat qilib, Yevropa mamlakatlari bilan yaqinlashuv siyosati boshdanoq Moskvaning g‘ashini keltirgandi. 2014 yildagi voqealar bu borada uni tamoman muvozanatdan chiqarib yubordi. Rossiya ma’murlari Ukrainada kuchli ichki boshboshdoqlik keltirib chiqarib, rus tilli aholi yashaydigan katta qismini ajratib olmoqchi bo‘lishdi.Ularning rejasi to‘la amalga oshgan bo‘lmasa-da, yuqorida aytganimizdek, bir qismini o‘z tasarruflariga olishdi. Yetti yildan beri davom etib kelayotgan qonli mojaroda bugungacha 15 mingdan ziyod kishi qurbon bo‘ldi. Yana taxminan shuncha odam mayib-majruh bo‘lib qoldi. Milliondan ortiq aholi o‘z tug‘ilgan makonlarini tark etdi.

Shu o‘rinda haqli savol paydo bo‘ladi: Kreml nima uchun Ukrainaga tajovuz qildi?

Fikrimizcha, bu xatti harakatning asosiy sababi: Kiyevni o‘zboshimchaligi uchun jazolash va shu orqali boshqa qo‘shnilarning ham ko‘zini qo‘rqitib qo‘yish edi. Buning yana bir tomoni shundaki, agar Ukraina Yevropaga qo‘shilib rivojlanib ketsa, bu boshqa sobiq sovet respublikalari uchun ham, Kreml nazdida, noxush ibrat bo‘lardi. Eng yomoni: “demokratiya epidemiyasi” Rossiyaning o‘ziga ham yuqib, 1991 yilda boshlangan imperiya inqirozini kuchaytirishi mumkin edi. Ana shuning uchun hozir Putinning bosh maqsadi: avvalo, Ukrainani davlat sifatida mustaqil harakatini cheklash, quvvatini so‘ndirish va iloji bo‘lsa, Rossiyaga tobe vassal hududga aylantirib qo‘yishdir. Aslini olganda, bu reja uning shaxsiy g‘oyasi emas. Zbignev Bjezinskiy o‘zining "Katta shaxmat taxtasi" deb atalgan kitobida Rossiya imperiyasi Ukrainasiz mavjud bo‘la olmasligini mantiqiy jihatdan isbotlab bergandi. Mashhur rus yozuvchisi, xalqaro Nobel mukofoti laureati Aleksandr Soljenitsin ham o‘limidan biroz oldinroq yozgan maqolalarida Ukraina, Belorussiya, Shimoliy Qozog‘istonni Rossiya o‘z panohiga olishi va ular orasidagi birlikni ko‘z qorachig‘idek asrashni vasiyat qilib ketgandi. Xuddi ana shu g‘oyadan kelib chiqib, Vladimir Putin tarixiy Rossiya imperiyasi hududlarini qaytadan birlashtirish rejasini o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Bu borada u o‘zini chinakam millat xaloskori sifatida his qilyapti. Putin buning uddasidan chiqa biladimi, yo‘qmi buni, albatta, vaqt ko‘rsatadi. Ammo, uning ixtiyoridagi vaqt tanobi tobora tortilib bormoqda.

Mamlakatdagi ahvol esa yuqorida yozganimizdek, kundan-kunga murakkablashmoqda. Qrim anneksiyasidan keyingi ko‘tarinkilik asta-sekin so‘nib, keng xalq ommasi rahbariyat oldiga javob berish ancha-muncha qiyin bo‘lgan haqli savollarni qo‘ymoqda. Shulardan biri, 20 milliondan ziyod aholi qashshoqlikda kun kechirayotgan bir sharoitda Suriya, Liviya, Sudan, Markaziy Afrika Respublikasi, Kuba, Venesuela singari xorijiy davlatlarga saxiylik bilan moddiy yordam berilayotgani yoki ulkan gaz zaxiralariga ega bo‘la turib, 80 foiz aholi hali-hanuz o‘tin-ko‘mirdan foydalanayotgani  haqidagi savollardir. Haqiqatan ham, behisob rus gazi Yevropa mamlakatlariga qimmat narxlarda sotilmoqda. Undan oqib kelayotgan jaraq-jaraq pullarning bir qismi oligarxlar cho‘ntagiga kirayotgan bo‘lsa, ikkinchi qismi yana turli yo‘llar bilan xorijga chiqib ketmoqda. Yana bir katta qismi esa qurollanish poygasiga va kuchishlatar tizimlar ta’minotiga sarflanmoqda. Ulardan ortib qolgan kichik bir ulushi ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda boshqa ijtimoiy sohalarga berilmoqda. Bu esa xalq ehtiyojini to‘liq qondira olmayapti. Qolaversa, Pridnestrove, Janubiy Osetiya, Abxaziya, Donetsk, Lugansk, Qrim singari yangi zabt etilgan hududlar ham Rossiyaning moddiy-moliyaviy ko‘magiga muhtoj. Ularga har yili milliard-milliard rubl miqdoridagi katta mablag‘lar sarflanmoqda. Bularning barisi shundoq ham muammolar iskanjasiga tushib qolgan iqtisodiyotni holdan toydirmoqda. Buni shundan ham bilib olish mumkinki, keyingi yillarda umumjahon iqtisodiyotida Rossiyaning ulushi 2 foizdan ham pastlab ketdi. Qiyoslash uchun AQSh va Yevropaniki 50 foizdan ziyod, Xitoyniki esa qariyb 20 foiz ekanligini eslasak, Rossiyani buyuk davlatlar qatoriga qo‘shilishi haqidagi da’volari anchayin shubhali tuyuladi. Bu borada rossiyalik ayrim iqtisodiyotchilarning dollarni dunyo bozoridan siqib chiqarish haqidagi chaqiriqlari jahon afkor ommasida faqat istehzoli tabassum paydo qiladi, xolos. Chunki dunyo valyuta bozorida AQSh dollarining ulushi 40,5 foiz, Yevroittifoq yevrosi 36,6 foiz, Buyuk Britaniya funti 5,9 foiz, Xitoy yuani 2,7 foiz, Yaponiya iyenasi 2,6 foiz, Polsha zlotiyi 0,6 foiz, Daniya kronasi 0,3 foiz, Rossiya rublining ulushi esa bor-yo‘g‘i 0,2 foizni tashkil qiladi. Endi 0,2 foizning 42,5 foiz bilan raqobatlashib, ustun kelishi mumkinmi, degan savolga o‘zingiz javob berib qo‘ya qoling.

Ana shunday qaltis vaziyatda Moskvaning AQSh ma’muriyatiga yo‘llagan xavfsizlik kafolatlari haqidagi talabnomasi G‘arb dunyosida katta tashvish va bezovtalik paydo qilmoqda. Prezident Bayden bu borada o‘z qarorini aniq bildirganiga qaramasdan, unga qator masalalarda yon berishi, aks holda G‘arbga nisbatan yangi bosimlar qilinishi aytilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, AQSh ma’muriyatiga dunyoni XX asrdagidek qaytadan taqsimlab olish taklif qilinmoqda. Bunda avvalgidek, sobiq SSSR respublikalari va unga tobe bo‘lgan sotsialistik lager mamlakatlari Rossiya ta’siri ostida bo‘lishi, G‘arbiy Yevropa esa Amerika ixtiyoriga berilishi ko‘zda tutilgan. To‘g‘ri, bir paytlar shunday bo‘lgan. Ammo o‘sha davrda SSSR har jihatdan AQSh bilan bellasha oladigan kuchli davlat edi. Amio bu qudrat endilikda yo‘qolib, kundan kunga cho‘kib, susayib bormoqda. Masalaning yana bir tomoni -- hech bir suveren davlat o‘z ixtiyorini yana qaytadan kimningdir qo‘liga topshirishga aslo rozi bo‘lmaydi. Shu ma’noda, bugungi kunlarda Ukraina, Belarus va Moldova respublikalarining chegaralari chin ma’noda urush va tinchlik orasidagi ramziy sarhadlarga aylanib qoldi. Shunday ekan, Rossiya va G‘arb davlatlari tinchlik yo‘lida o‘zlarining militaristik kayfiyatlaridan voz kechib, o‘zaro manfaatli hamkorlikka kirishishlari lozim.

Tarixdan yaxshi ma’lumki, dunyoni bo‘lib olishga intilish hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Bu ishga qo‘l uringanlarning qo‘llari bo‘sh ketib, dunyoni egallab to‘ymagan ko‘zlari allaqachon bir hovuch tuproq bilan to‘lib to‘yib yotibdi..


Xudoyberdi Komilov,

siyosiy sharhlovchi.