Omad hamisha kelavermaydi yoxud siyosat va iqtisodiyot bo‘yicha o‘ylamasdan bosilgan qadam Moskva uchun halokatli bo‘lishi mumkin
2021 yilning oxiri va yangi 2022 yilning boshlanishi arafasida dunyo xalqlari taqdiri uchun muhim bir voqea sodir bo‘ldi. BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari bo‘lmish besh davlat: AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya rahbarlari atom qurolini birinchi bo‘lib qo‘llamaslik haqida qo‘shma bayonot e’lon qilishdi. Ularning yakdil fikrlariga ko‘ra, yadro urushida g‘oliblar bo‘lmaydi.
Bu xabar Ukraina atrofida ro‘y berayotgan noxush holatlardan bezovta bo‘lib turgan dunyo hamjamiyatini ancha xotirjam qildi. Ammo ko‘p o‘tmay, rus milliy ozodlik harakati lideri, Davlat dumasining deputati Yevgeniy Fyodorov Rossiya televideniyesining “Seychas” ko‘rsatuvida chiqish qilib, Ukrainaga berayotgan yordami uchun AQShning ko‘zini qo‘rqitib qo‘yish maqsadida hukumatni Nevada shtatidagi atom poligonlariga raketa-yadro quroli bilan zarba berishga da’vat qildi.
Xo‘sh, bu deputat nimadan buncha norozi bo‘lyapti?
Ma’lumki, 12 yanvar kuni AQSh va Rossiya tomoni orasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Amerika Ukraina to‘g‘risida Kreml tomonidan qo‘yilgan shartlar: NATO chegaralarini sharqqa siljitmaslik, Ukrainaga harbiy yordam bermaslik, Sharqiy Yevropadagi 1997 yil holatiga qaytish va bundan buyon birorta sobiq sho‘ro respublikasini NATOga qabul qilmaslik haqidagi talablarni qabul qilmasligini bildirdi. Aksincha, bundan buyon ham NATO eshiklari hamma uchun ochiqligi yana bir marta izhor etib tasdiqlandi. Bu esa o‘z navbatida rossiyalik katta-kichik siyosatbozlarning hissiyotlarini junbushga keltirdi. Ushbu masalada ular bir muhim omilni tamoman unutib qo‘yishmoqda. Nima uchun Sharqiy Yevropa mamlakatlari xuddi ona tovuqning qanoti ostiga kirgan jo‘jalardek NATO panohiga kirib olishdi? Nima uchun Ukraina va Gruziya jon-jahdi bilan G‘arbga qo‘shilishga intilmoqda? Buning sababi aynan Rossiyaning yuqoridagi davlatlarga nisbatan muqaddam qilgan tajovuzkorona harakatlari oqibati emasmikan?!
Qolaversa, keyingi davrda dunyo miqyosida Rossiyaning nufuzi nega yildan yilga pastlab bormoqda?
“Rossiya xalqaro maydonda yakkalanib qoldi. Ittifoqchilari deyarli yo‘q. Unga rasmiyatchilik yuzasidan ittifoqchilik qilib yurganlar ham o‘zlarini har tomonga tashlamoqda. Hal qiluvchi damlarda ular Rossiyaga yordam bermaydilar.
Harbiy sanoat kompleksidan boshqa sohalarning barchasida rivojlanish yo‘q. Bu borada Rossiya G‘arbga qaram bo‘lib qolgan. Shuning uchun ham u G‘arb ko‘magisiz rivojlana olmaydi. G‘arb bilan ziddiyatga kirishish Rossiya uchun o‘z-o‘zini halok qilish demakdir.
Rossiya iqtisodiy jihatdan zaif. Dunyoda uning iqtisodiy ulushi kichik va bu yildan yilga kamayib bormoqda.
Putin atrofidagi davlat xavfsizlik xizmati zobitlaridan iborat tor doiradagi xodimlardan tashqari barcha kishilar g‘arbparast odamlardir. Ular Rossiya G‘arbga taslim bo‘lsa quvonadilar.
Aholi qashshoq yashayapti. Yashash tarzi jihatidan Rossiyaning kishini jalb qiluvchi tomoni yo‘q. Rossiya o‘zining tarixiy hududlarida o‘ziga qarshi davlatlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yib berdi, hatto qadimiy poytaxtini ham o‘ziga qarama-qarshi qilib qo‘ydi. Bu holatni tuzatishga esa yuragi betlamayapti.
Rossiyaning o‘z milliy g‘oyasi mavjud emas. U madaniy va ma’rifiy jihatdan G‘arbga qaramligicha qolmoqda.
Taraqqiyparvar kishilarning barchasi G‘arb tomoniga o‘tib olgan. Ma’lumoti va daromadi yuqori, yoshi past kishilarning hammasi Putinga qarshilik qilib, G‘arb sari intilmoqda.
Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash singari taraqqiyot omillari zaif rivojlangan va asta-sekin cho‘kib bormoqda. Bu borada Rossiya tanazzulga mahkum.
Rossiya G‘arb bilan bir marta musobaqada boy berdi. O‘shanda u hozirgidan ancha kuchliroq edi. Endilikda u kuchsizlanib qolgan. G‘arb esa ancha-muncha kuchaydi. Rossiya G‘arb bilan yana ziddiyatga kirishsa, aniq yutqazadi. Shuning uchun G‘arb u bilan ziddiyatni chuqurlashtirishdan qo‘rqmayapti.
Ha, Rossiyada yadro quroli bor. Ammo buning hech qanday ahamiyati yo‘q. Chunki hech kim (Rossiya bilan) urushmoqchi emas. Kurash: bo‘g‘ish, nazorat qilish, cheklash, o‘zgartirish singari vositalar orqali bo‘ladi. Yadro quroli SSSRga yordam bermagan edi. Endi Rossiyaga ham yordam berolmaydi”.
Hurmatli o‘quvchi, yuqoridagi gaplarni qo‘shtirnoq ichiga olganimizning boisi shuki, ular bizning so‘zlarimiz emas. Bu iqtibosdagi fikrlarning barisi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ishonchli vakili, Davlat dumasining deputati, parlamentning “Tarixni davlatchilikka zarar keltiradigan tarzda soxtalashtirishga qarshi kurash qo‘mitasi” raisi, AQSh Milliy demokratiya institutining sobiq ilmiy xodimi Sergey Markovning gapi. Bu gaplarni u xolislik yuzasidan emas, balki chuqur iztirob va taassuf bilan aytmoqda.
Haqiqatan ham aksariyat ko‘pchilik katta umid bog‘lagan Vladimir Putin bugungi kunda rossiyalik fuqarolarni, ayniqsa oddiy mehnatkash xalqning hafsalasini pir qilmoqda. Chunki u prezidentlik faoliyati boshlanishida xalq uchun qayishib, g‘ayrat bilan ishga kirishgan va ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirgandi. Uni qaysidir ma’noda omadli odam deyish ham mumkin. Aytaylik, o‘tgan asrning 90-yillari boshida ishsiz qolib, kirakashlik qilib yurgan oddiy xizmatchining buyuk bir davlat boshiga kelishini faqat omad bilangina izohlash mumkin, xolos. Mashhur ingliz siyosiy arbobi Uinston Cherchill doimo “Omad uchun!” deya qadah ko‘tarar ekan. Bir kuni undan: “Ser, nega sog‘lik yoki boylik uchun ham qadahso‘z aytmaysiz?”- deb so‘rashibdi. Shunda Cherchill: “Titanik”dagi yo‘lovchilarning hammasi sog‘lom va badavlat odamlar edi. Ammo ularga eng keraklisi – omad yetishmadi”, deya javob bergan ekan. Shu ma’noda, boshida Putinning ham omadi chopdi. Boris Yelsin davrida yerparchin bo‘lib yotgan neftning narxi Putin taxtga o‘tirgach, birdan ko‘tarilib ketdi. Jahon miqyosida boshlanib ketgan iqtisodiy rivojlanish natijasida neft, gaz, metall, yog‘och singari qimmatbaho xomashyolarga talab g‘oyat kuchayib ketdi. Bunday paytda tabiiy resurslarga boy mamlakatlarning kuni tug‘adi. Rossiyaning ham bo‘shab yotgan xazinasi to‘lib, xalqning moddiy farovonligi keskin yaxshilana bordi. Bularning hammasi Vladimir Putinning obro‘yini yanada baland ko‘tarib yubordi.
Agar u 2012 yilda hokimiyat tepasiga yana qaytmaganida, uning nomi balki Petr I, Yekaterina, Lenin yoki Stalin kabi buyuk siymolarga o‘xshab Rossiya tarix kitobida katta harflar bilan bitilib qolardi. Umuman, tarixiy shaxslarning lavozimiga qayta kelishi birinchisidagidek muvaffaqiyatli bo‘lmasligi tajribada ko‘p bor sinalgan. Shu ma’noda, Putinning ham qayta prezident qilib saylanishi mamlakat uchun ko‘p mushkulliklarni paydo qildi. Rossiya bir tomondan xalqaro maydonda yakkalanib qoldi, aholining turmush darajasi 2014 yildan buyon muttasil pasayib bormoqda. 2013 yilda bir AQSh dollari 33 rubl baholangan bo‘lsa, 2022 yilga kelib 77-80 rublga, ya’ni ikki baravardan ziyodga ko‘tarilib ketdi. G‘arb dunyosi bilan munosabatlar g‘oyat keskinlashdi. Aholi o‘rtasidagi moddiy tafovut jarligi chuqurlashib, 1 foiz badavlat odamlar mamlakatdagi milliy boyliklarning katta qismini tasarruf qilib turgan bir paytda, qolgan ko‘pchilik aholi YaIMning kichik bir bo‘lagiga egalik qilmoqda. 2013 yilda mamlakat daromadi aholi jon boshiga taqsimlanganda, qariyb 20 ming dollarga tenglashib, dunyoning rivojlangan davlatlari darajasiga yaqinlashib qolgandi. Afsuski, bugunga kelib, bu ko‘rsatkich Yevropaning eng qashshoq mamlakatlari darajasiga tushib qoldi.
Hozir Rossiyada statistika bo‘yicha, 20 milliondan ortiq kishi kambag‘allikda kun kechirmoqda ekan. Bu borada, ayniqsa, pensiya yoshidagi keksalarning ahvoli yomonlashib qoldi. Pensiya yoshi erkaklarda 65, ayollar uchun 60 ga ko‘tarilganidan so‘ng prezidentning obro‘si xalq orasida keskin tushib ketdi. 2014 yilda 86 foiz rossiyaliklar Putin siyosatini qo‘llagan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu miqdor 61 foizga pasaydi. Mamlakatda muxolifot kuchayib, prezidentga va oligarxlarga nisbatan tanqidiy fikrlar ko‘paydi.
Pensiya yoshining ko‘tarilishiga birinchi sabab sifatida mamlakatdagi demografik holatning yomonlashuvi ekanligi ochiq aytilmoqda. Bu borada prezident Putin muqaddam pensiya yoshini oshirmaslikka qat’iy va’da bergan edi. Ammo xalq xo‘jaligida ishchi kuchlari tanqisligi hukumatni shunday yo‘l tutishga majbur etdi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, 2020-2022 yillar orasida Rossiyada aholi qariyb 1 millionga kamaydi. Xalqning yosh ko‘rsatkichi yildan yilga muttasil keksayib bormoqda. Mamlakatdagi tug‘ilish miqdori ham asosan musulmon aholi hisobidan bo‘layotgani ma’murlarni unchalik quvontirmayapti. Shular sababli hukumat ishchi kuchiga bo‘lgan katta ehtiyojni O‘rta Osiyo respublikalari hisobiga qondirishga intilmoqda. Bu esa o‘z navbatida o‘ziga loyiq ish topolmay yurgan mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Ichki siyosatdagi bunaqa muammolar ustiga tashqi munosabatlarning ham taranglashuvi dard ustiga chipqon bo‘lmoqda. G‘arb mamlakatlari bilan bo‘lgan keyingi muzokaralardagi muvaffaqiyatsizliklar Kremlni yanada asabiylashtirmoqda. Davlat dumasidagi ayrim kaltafahm siyosatbozlar yuzaga kelgan muammolarni harbiy usul bilan hal qilishga undamoqdalar. Gap shungacha bormoqdaki, rus televideniyesidagi ayrim ko‘rsatuvlarda Fyodorov singari urushni targ‘ib qiluvchilar paydo bo‘layotir. Ular, hatto, atom qurolini ishga solib g‘alaba qozonish mumkin degan ahmoqona aqidani ilgari surishmoqda. Ammo siyosat va iqtisodiyot bo‘yicha zukko ekspertlar bu boradagi o‘ylamasdan bosilgan har qanday qadam Moskva uchun halokatli bo‘lishini aytib ogohlantirishmoqda. Aytaylik, hozir mamlakat iqtisodiyoti o‘zining o‘ta murakkab bir davrini boshdan kechirmoqda. Bunday qaltis vaziyatda yana bir katta mojaroning boshini tutish, borib turgan kaltabinlik bo‘lardi.
Xudoyberdi Komilov,
siyosiy sharhlovchi.