Sochida Putin, Pashinyan va Aliyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Armaniston va Ozarbayjon kuch ishlatmaslikka kelishib oldi

Sochida Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Sammit davomida Putin avvaliga Pashinyan, keyin Aliyev bilan uchrashdi, shundan so‘ng uch tomonlama muzokaralar bo‘ldi. Natijada tomonlar qo‘shma bayonot qabul qildi.

Bayonotda aytilishicha, Armaniston va Ozarbayjon kuch ishlatishdan va uni qo‘llash bilan tahdid qilishdan tiyilish majburiyatini oladi, Rossiya esa tinchlik shartnomasini imzolashga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berishga va’da berdi.

Shuningdek, uch tomon ham 2020 yil kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlardan keyin tuzilgan kelishuvlarga rioya qilish majburiyatini tasdiqladi va barcha masalalarni BMT Nizomi va 1991 yildagi Olma-Ota deklaratsiyasiga muvofiq muhokama qilishga kelishib olishdi.

Sentyabr oyi o‘rtalarida Armaniston va Ozarbayjon chegarasida yana bir jiddiy keskinlik boshlandi. Armaniston Ozarbayjonni o‘z hududini o‘qqa tutishda aybladi, Boku bu "provokatsiya"ga javob, deb izohladi. Yerevanda 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgani, Ozarbayjonda esa 80 nafar askar halok bo‘lgani haqida ma’lumot berishgan.