Janubiy Afrika prezidenti BRIKS sammitida Vladimir Putinni hibsga olish Rossiya bilan urush keltirib chiqarishini aytmoqda
Bu haqda Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa o‘z bayonotida aytib o‘tdi, deya xabar bergan Independent Online mahalliy nashri.
Prezident muxolifatdagi “Demokratik alyans” partiyasi mamlakat hukumatidan Putinni hibsga olish orderini ijro etishni suddan talab qilgan da’vosi yuzasidan ko‘rsatma bergan.
Ramafosa o‘z ko‘rsatmasida Rossiya prezidentini hibsga olish uchun Janubiy Afrikada “katta muammolar” bo‘lishini tan oladi. “Rossiya bilan urushga kirishish bizning konstitutsiyamizga to‘g‘ri kelmaydi. Men respublikaning milliy suvereniteti, tinchligi va xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlarga egaman”, — deya izohladi u o‘z pozitsiyasini.
Ramafosa, shuningdek, Xalqaro jinoiy sud bilan maslahatlashuv boshlaganini aytgan.
Janubiy Afrikadagi BRIKS sammiti avgust oyida bo‘lib o‘tadi.
Janubiy Afrika Rim statutini ratifikatsiya qilgan, shuning uchun ham Putinni Xalqaro jinoiy sud qarori bilan hibsga olish va uni Gaagaga topshirishga qonuniy ravishda majburiydir.
Janubiy Afrika hukumati Putinning sammitga kelmasligi ular uchun "baxt" bo‘lishini aytgan. Mamlakat hukumati Moskvaga Rossiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qilishni taklif qilgan, biroq bunga rad javobi berilgan. Shu bilan birga, Kreml Putinning Janubiy Afrikaga uchish niyatini hali rasman tasdiqlagani yo‘q.