Tamaddunlar jangi
Shu yil fevral oyining o‘rtalari edi.
Hamkasblarim: “Domla, nima deysiz, Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida urush bo‘larmikan?”, deya so‘rashdi. Chunki bundan avval xalqaro vaziyat borasidagi taxminlarim to‘g‘ri chiqqani bois, ular bu bo‘yicha mulohazalarimga qiziqishdi. Men, garchand, bu ikki qardosh davlat o‘rtasidagi nizolar 2003 yildagi Tuzla voqealari bilan boshlangani va 2014 yilda Qrim va Sharqiy Ukrainada jiddiy mojaroga aylanganini bilsam ham, 2022 yilda yangi urush chiqishi haqidagi Jirinovskiyning shumdaragidan xabardor bo‘lsam ham, urushning 16 fevral kuni boshlanishi to‘g‘risida AQSh markaziy razvedka boshqarmasi ochiq ma’lumot tarqatgan bo‘lsa-da, bir yil burun, 2021 yil bahorida taniqli rus publitsisti Aleksandr Nevzorov urushning muqarrar ekanligini aytgan bo‘lsa ham, negadir, ishonch bilan: “Urush bo‘lmaydi!” deb javob berdim. Chunki XXI asrda, sobiq sho‘ro xalqlari Ikkinchi jahon urushining dahshatli xotiralarini hali batamom unutmagan bir davrda, bunday yana bir katta tarixiy fojiaga yo‘l qo‘yilishini sira-sira aqlimga sig‘dirolmasdim.
Haqiqatan inson qadr-qiymatiga alohida e’tibor bilan qaralayotgan zamonaviy dunyoda uning eng oliy huquqi – yashash huquqiga berahmlarcha daxl qilinishi hech bir sog‘lom fikrga to‘g‘ri kelmas edi. Ammo ko‘nglimning allaqaysi chekkasida ushbu murosasiz to‘qnashuvning muqarrar ekanligini his qilib turardim. Nega desangiz, bu shunchaki, Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi mahalliy ziddiyat bo‘lmay, ikki olam, ikki dunyoqarash orasidagi kelishmovchilik ekanligini yaxshi tushunardim. Urush bo‘lmaydi, deyishimning sababi shunda ediki, uning boshlanishi yuqorida yozganimdek, hech bir sog‘lom fikrga to‘g‘ri kelmas, bu mojaro urush chiqarganlarning o‘zi uchun halokatli bo‘lishiga imonim komil edi. Fikrimni quyida dalillar bilan isbotlab berishga harakat qilaman.
Bundagi birinchi omil, ukrainlar bilan rossiyaliklarning tarixga turlicha munosabatida ko‘rinadi. Masalan, ukrain xalqi 1991 yilda erishilgan mustaqillikni boshqa barcha sobiq sho‘ro respublikalari qatori eng ulug‘ va eng aziz bayram sifatida nishonlaydi. Putin boshchiligidagi rossiyaliklar uchun esa ushbu tarixiy voqea XX asrda sodir bo‘lgan eng yirik geosiyosiy halokat hisoblanadi. Xuddi ana shu nuqtada mustaqillikka erishgan yangi suveren davlatlar bilan sobiq metropoliya o‘rtasida kelishib bo‘lmaydigan ziddiyat vujudga keldi.
Ikkinchi omil shundaki, Ukraina bilan Rossiyadagi davlat qurilishi tizimida katta farq mavjud. Aytaylik, Ukraina umuminsoniy qadriyatlar asosida rivojlanishni rejalashtirgan yangi demokratik davlat bo‘lsa, Rossiya bir necha asrlardan buyon qo‘shni xalqlarni o‘z tasarrufiga olib kengaygan avtokratik imperiya. Bu kengayish ko‘p hollarda zo‘ravonlik va harbiy qudrat yordamida amalga oshirilgani ham ayni haqiqat.
Ana shu jiddiy tafovutlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, bir qarashda qardosh bo‘lib ko‘ringan bu ikki davlat o‘rtasida hech qachon murosai madora bo‘lmasligi kundek ravshan edi. Bugun ommaviy axborot vositalari orqali ushbu urushning boshlanish sabablari haqida ming xil omillar aytilmoqda. Menimcha, ular orasida bitta asosiy omil chinakam ustuvor sabab hisoblanadi. Bu ham bo‘lsa, Ukrainaning kelajakda zamonaviy, rivojlangan demokratik davlatga aylanish ehtimolidir. Shunday bo‘lgan taqdirda, bu holat qo‘shni Rossiya uchun juda yomon ibrat bo‘lishi, u yerda ham demokratik kayfiyatlarni kuchaytirishi va alaloqibat, 1917 va 1991 yillarda yarim parchalangan imperiya oxirigacha batamom yemirilib ketishi mumkinligi Moskvani chuqur tashvishga solmoqda edi. Bu esa o‘zini saltanat xaloskori va himoyachisi sifatida ko‘rayotgan Vladimir Putin boshchiligidagi imperiyaparast kuchlarning maqsadlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi kundek ayon. Nega desangiz, Putinning asosiy kasbi – KGBchi sifatida, avvalo, davlat xavfsizligini ta’minlash bo‘lganligini aslo yoddan chiqarmaslik kerak. Uning belgilovchi xizmat matritsasi ham har qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, imperiya xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi. Bu boradagi beparvolik va sustkashlik buyuk millatchilik ruhida tarbiyalangan oddiy xalq orasida ham noxush qabul qilinishini Putin yaxshi anglar edi. Gorbachyov va Yelsinning aholi o‘rtasida salkam davlat xoini sifatida ko‘rilishi rossiyalik keyingi siyosatchilarning bosh harakat yo‘nalishlarini belgilab berganligi mutlaqo tushunarli holat.
Xuddi shu ma’noda, “sovuq urush“ yillaridagi siyosiy mag‘lubiyat alamini totib, zada bo‘lgan rus imperialistlari bugungi kunda butun harbiy, siyosiy, iqtisodiy va intellektual quvvatlarini yo‘naltirib, G‘arb dunyosini ich-ichidan yemirib tashlash maqsadida Marks va Engelsning “Kommunistik partiya manifesti”ga o‘xshash reja tuzib, millatchilik ruhi bilan sug‘orilgan o‘zlarining siyosiy dasturlarini shakllantirdilar. Ularning fikricha, kelajakda milliy, diniy an’analar ruhida sug‘orilgan mafkura asosida rus xalqi butun dunyo xalqlariga rahnamolik qilishi lozim emish. Bunda qaysidir ma’noda, Rossiya rahbarlarining siyosiy jabhada ham sobiq SSSRga merosxo‘r bo‘lish haqidagi xomxayollarini payqash qiyin emas.
Xomxayol deyishimizning sababi shundaki, kommunistik g‘oyalar nomiga bo‘lsa ham, do‘stlik, tinchlik, tenglik, insonparvarlik, baynalmilalchilik tutumlariga asoslangan bo‘lib, o‘z vaqtida anchayin modern mafkura hisoblanar edi. Bugungi putinizm mafkurasi esa, aksincha, o‘rta asr yoki nari borsa, o‘tgan XIX-XX asr davomida o‘zini tamoman oqlamagan g‘oyalarga tayanadi. Aytaylik, jahonning yettidan bir qismini egallab turgan bepoyon imperiya uchun yana qo‘shni davlatlarning yerini egallash nega kerak bo‘lib qoldi, deysiz? Buni Qrimda bo‘lganidek, tinch yo‘l bilan amalga oshirilganda ham, qaysidir ma’noda oqlash mumkin bo‘lardi. Ammo bu ming-minglab begunoh odamlarning qonini to‘kish evaziga bo‘lsa, mutlaqo kechirib bo‘lmaydigan holat yuzaga keladi. Shu bois ham, bugun dunyoning aksariyat xalqlari Ukrainaga nisbatan Rossiya bosqinini qoralab chiqishmoqda. Dunyoning deyarli barcha davlatlari, shu jumladan, mustaqil O‘zbekiston rahbariyati ham Ukrainaning hududiy yaxlitligi daxlsiz ekanligini takror-takror ta’kidlab kelmoqda. Chunki mavjud chegaralarning qayta ko‘rib chiqilishi yangi-yangi mojarolarni keltirib chiqarishi va bu oxir-oqibat katta urushlarga olib kelganligiga tarixdan ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Ammo bugungi Rossiya ma’murlari tarixiy haqiqatni va dunyo hamjamiyati kayfiyatini keskin rad etib, boy berilgan imperiya chegaralarini yana qayta tiklash harakatlarini yashirmayapti. Ular bunda har turli tarixiy safsatalarini to‘qib chiqarishdan ham tiyilmayapti. Agar shu xulosalardan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Rossiya tevaragidagi bir necha suveren davlatlar o‘z hududiy yaxlitliklarini yo‘qotib, bir qism yerlarini sobiq imperiyaga qaytarishlariga to‘g‘ri keladi. Shu mazmunda, hozirdanoq Qrim, Abxaziya, Janubiy Osetiya, Pridnestrove, Lugansk, Donetsk singari qo‘shni davlatlarga tegishli bo‘lgan hududlar harbiy kuch yordamida zabt etilib, rus hukmronligi o‘rnatildi.
Bugungi kunlarda Ukrainaning Xarkov, Odessa, Nikolayev, Zaporoje, Xerson oblastlarini ham bosib olish maqsadida qaqshatqich janglar davom ettirilmoqda.
Shu ma’noda, Rossiyada tayinli milliy g‘oya yo‘q deydiganlar qattiq adashadi. Hozir rus ma’murlarining bosh maqsadi – sobiq imperiyani saqlab qolish va iloji boricha kengaytirish. Prezident Putin esa o‘zini imperiya xaloskori va rus davlatini kengaytiruvchi hukmdor sifatida tarixda qolish uchun jon-jahdi bilan harakat qilmoqda. Uning uchun yuqorida aytganimizdek, SSSRning parchalanib ketishi XX asrning eng yirik geosiyosiy halokatidir. Shu aqidadan kelib chiqadigan bo‘lsak, tarix uchun kelajakda bu borada ikkita muqobil yechim bor. Birinchisi, eski dunyo aqidalari bilan yashayotgan Putin hokimiyatining siyosiy halokati. Ikkinchisi esa, Xudo ko‘rsatmasin, atom urushi oqibatidagi olamshumul geohalokatning muqarrarligidir.
Rus xalqining dunyo xalqlariga yetakchilik qilish roli haqidagi gaplarga kelsak, darhaqiqat, XX asrda hali SSSR jahondagi ikkinchi qudratli davlat bo‘lib, yarim dunyoni o‘z tasarrufiga olgan va kommunistik mafkura hukmron bo‘lgan kezlarda ushbu kayfiyatni qaysidir ma’noda tushunish mumkin edi. Ammo Rossiya yakkalanib, iqtisodiyoti nochor bir holatga tushib qolgan bugungi kunlarda yetakchilikka da’vo qilishi istehzoli yengil tabassum paydo qilishi mumkin, xolos.
To‘g‘ri, tabiiy resurslar savdosi hisobiga oltin-valyuta zaxiralari qanchalik ko‘paygan bo‘lmasin, Rossiya ekonomikasi hozirgi kunlarda dunyo iqtisodiyotining salkam ikki foizini tashkil qiladi. Ishlab chiqarish esa bir yarim foiz atrofida. Rubl oboroti jahon valyuta almashinuvining arzimas qismi miqdorida ekanligini e’tiborga olgudek bo‘lsak, qanaqa yetakchilik haqida gap bo‘lishi mumkin?
Nima bo‘lganda ham shu yil 24 fevral kuni dunyo xalqlari istamagan va kutmagan mash’um voqea sodir bo‘ldi. Putin Ukrainaga qarshi e’lon qilinmagan urush boshladi. U garchand, urush emas maxsus harbiy amaliyot deya nomlanayotgan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida qariyb yuz mingga yaqin odamning yostig‘ini quritdi. Yana ming-minglab kishilar mayib-majruh bo‘lib qoldi. Kechagina yashnab turgan Ukraina shahar va qishloqlari kulto‘daga aylandi. Bundagi asosiy maqsad bitta, u ham bo‘lsa, Ukrainani rus qo‘lostidagi qaram bir mamlakatga aylantirish yoki davlat sifatida dunyo xaritasidan o‘chirib tashlash bo‘lganligi bugungi kunda katta sir bo‘lmay qoldi.
Shu maqsadda dunyoning ikkinchi o‘rindagi eng qudratli armiyasi o‘zidan 10-20 baravar kuchsiz bo‘lgan ukrain qo‘shinlari ustiga yurish boshladi. Mana, yarim yildan oshyaptiki, bu janglar tinmay davom etmoqda. Ushbu urushda har ikki tomonning ham shirin umidlari chil-chil parchalanib ketdi. Rossiyaliklar Ukrainada rus askarlarini gullar bilan kutib olishlari va xuddi 2014 yilda Qrimda bo‘lganidek, qisqa muddat ichida osongina g‘alaba qilishlari haqidagi xomxayollari chipakka chiqqan bo‘lsa, ukrainaliklarning urush boshlansa, Rossiyada urushga qarshi kuchli xalq harakati boshlanishi haqidagi umidlari mutlaqo puch bo‘lib chiqdi. Aksincha, rus qo‘shinlari ukrain vatanparvarlarining qaqshatqich qarshiligiga ro‘baru keldi. Rossiyada esa ko‘pchilik aholi urushni qo‘llab-quvvatladi.
Qizig‘i shundaki, urush tarafdorlarining asosiy qismi keksalar ekan. Bu esa millatning naqadar aynib ketganligidan yorqin dalildir. Axir, yoshlar qiziqqon bo‘lgan bir vaqtda, katta yoshdagi kishilar ularni mojarolardan tiyishlari lozim emasmi? Shu o‘rinda eslash joiz, urush tashabbuskori Vladimir Putin ham yetmishga yetib, saksonga sakrayman deb turibdi. Afsuski, urushda keksalardan ko‘ra hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan yosh yigit-qizlar, bolalar ko‘proq nobud bo‘lmoqda.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda to‘planib qolgan son-sanoqsiz qurol-aslahalarni ishga solgan rus harbiylari qisqa muddatda Ukrainaning qariyb yigirma foiz hududini bosib olishdi. Biroq shu orada ular ming-minglab tank, BTR, yuzlab samolyot va vertolyotlaridan ayrildilar. Ba’zi bir ma’lumotlarga ko‘ra, ellik mingdan ziyod askarlar halok bo‘lib, yana bir necha o‘n mingi mayib-majruh bo‘lib qoldi. Bu janglarda Ukrainaning yo‘qotishlari ham bundan ko‘proq bo‘lsa bordirki, aslo kam emas. Biroq ukrain harbiylarining asosiy yutuqlari shu bo‘ldiki, ular moskvaning tez kunlar ichida Kiyevni egallab, u yerda qo‘g‘irchoq hukumatni tiklash rejasini chipakka chiqardilar. Aksincha, bugungi kunda Ukraina armiyasi G‘arb mamlakatlari ko‘magida zamonaviy qurollanib, rossiyalik bosqinchilariga qaqshatqich zarbalar bermoqda. Ayrim harbiy ekspertlarning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi janglarda o‘ttiz foiz resurslarini sarflab bo‘ldi. Bu esa juda katta talafot hisoblanadi. Ular uchun bundagi eng yomoni shundaki, sanksiyalar iskanjasiga tushib qolgan rus harbiy sanoati zamonaviy yangi qurollar ishlab chiqarish salohiyatini yo‘qotib qo‘ydi. Shu bois ular bugungi kunda texnologik yordam so‘rab, Xitoy, Hindiston, Eron, Turkiya singari davlatlarga murojaat qilishga majbur bo‘lishmoqda.
Cho‘zilib ketganligi bois, ushbu maqolani shu yerda to‘xtatishim ham mumkin edi. Ammo bunda bitta savol ochiq qolmoqda. 1945 yilda dunyoda yangi urushlar chiqish xavfining oldini olish maqsadida ta’sis etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning urushni to‘xtatish borasidagi harakatlari nega ko‘zga ko‘rinmayapti? Bir paytlar faoliyat yuritgan Butunjahon tinchlik kengashi qani? Bu borada shuni aytish mumkinki, aynan tinchlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi Rossiya veto huquqidan foydalanib, urushga qarshi rezolyusiyalarga (qanchalik g‘alati tuyulmasin) qarshi ovoz berib kelmoqda. Bunda, “onangni qozi zo‘rlasa, arzingni kimga aytasan”, degan xalq maqoli g‘oyat o‘rinli keladi.
Qolaversa, BMTda Rossiya sobiq SSSRga o‘zini voris deb e’lon qilgan. Bu borada uning qanchalik haqi borligi noma’lum. SSSR nomiga bo‘lsa-da, tinchliksevar davlat edi. Hozirgi Rossiya esa urushqoq militaristik davlatga aylanib bormoqda. Shu ma’noda, uning o‘zini SSSRga ma’naviy-siyosiy jihatdan voris, deb e’lon qilishga haqi bormi? Jahon hamjamiyatini Rossiyaning Birlashgan millatlar tashkilotidagi veto huquqini qayta ko‘rib chiqish haqidagi talablari ham juda o‘rinli. Bu boradagi eng qiziq fakt shundaki, sobiq SSSR tarqalib ketgach, Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashidagi huquqlari qayta rasmiylashtirilganligi haqidagi birorta hujjat hanuzgacha ochiq e’lon qilinmagan.
Xalqaro tinchlik kengashi faoliyatiga kelsak, sobiq SSSR tashabbusi bilan tuzilgan ushbu xalqaro antiimperialistik tashkilot keyingi paytlarda umuman faoliyat ko‘rsatmay qo‘ydi.
Endi jahon hamjamiyati oldiga ushbu mojaro nima bilan tugarkin, degan o‘ta xavotirli savol ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Voqelik shundan iboratki, yarim yil ichida Rossiya tomoni bu borada asosiy maqsadlariga erisha olmadi. Moskvaning yengil g‘alaba haqidagi orzulari chippakka chiqdi. Ukraina xalqi G‘arb madadi bilan dunyoning ikkinchi kuchli armiyasiga qarshi mardona turib bermoqda. Ammo sobiq SSSRdan meros bo‘lib qolgan behisob qurol-yarog‘lar yordamida Rossiya Ukraina qurolli kuchlarini holdan toydirish uchun jon-jahdi bilan harakat qilmoqda. Bu borada Moskvaning qo‘lida uchta hal qiluvchi vosita mavjud. Ulardan birinchisi – atom quroli. Ikkinchisi – bitmas-tuganmas tabiiy resurslari. Va, uchinchisi – rossiyaliklarning urushga munosabati.
Birinchi vositani ishga solish dunyo bilan birgalikda Rossiyani ham halokat sari yetaklash bo‘lgani uchun hozircha bu ehtimolni hisobdan chiqarib turamiz.
Ikkinchi vosita yordamida Yevropa mamlakatlarida norozilik keltirib chiqarish ehtimoli juda katta. Chunki o‘tgan davr mobaynida G‘arb dunyosi rus nefti, gazi va boshqa xom ashyolariga pashsha o‘rgimchak to‘riga o‘ralib qolganidek, chambarchas bog‘lanib qolgan. Bu to‘rdan qutulish uchun ularning hali ko‘p urinishiga to‘g‘ri keladi. Bu boradagi harakatlar muvaffaqiyatsiz chiqsa, Kreml yevropaliklarga o‘z bosimini o‘tkazishda davom etaveradi.
Nazarimizda, o‘rtada tinchlik qaror topishi uchun rossiyaliklarning urushga bo‘lgan munosabati asosiy rol o‘ynaydi. Harbiy safarbarlik e’lon qilingach, urush tarafdorlarining soni keskin kamaydi. Albatta, divanga yotib olib, urush manzaralarini tomosha qilish boshqa, jang maydoniga o‘zing kirishing yoki farzandingni, nabirangni urushga jo‘natishing esa mutlaqo boshqa gap.
Hozircha ushbu la’nati urushni boshlagan kimsalar hokimiyat tepasida turar ekan, janglarga chek qo‘yishning iloji yo‘q. Yana shunisi ham aniqki, urush tarafdorlarining ko‘pchiligi o‘z fikrlarini o‘zgartirmoqda. Shu yil may oyida ularning salmog‘i 63 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirga kelib bu daraja 27 foizga tushib qoldi. Yuqorida yozganimizdek, tarafdorlarning asosiy qismi yoshi katta kishilar. Ammo janglarning asosiy yemi bo‘ladigan yoshlarning aksariyat ko‘pchiligi urushga qarshi. Shu bois, yosh erkaklar ommaviy ravishda mamlakatni tark etishmoqda.
Har qanday urush ham bir kunmas bir kun tugaydi. Urushayotgan tomonlar oxiri holdan toyib, murosa qilishga majbur bo‘ladi. Shu ma’noda, natija qanday tugashidan qat’i nazar, tarix o‘z qat’iy harakatida davom etaveradi. Biroq ushbu ikki qo‘shni mamlakat orasidagi ziddiyatli holat hali uzoq vaqt saqlanib qoladi.
Xudoyberdi KOMILOV,
siyosiy sharhlovchi.