Bugun Oq uyda Zelenskiy va eng ko‘p Yevropa yetakchilari uchrashadigan kun

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashingtonga yetib bordi. Bugun u yerda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi

Uchrashuvda Yevropa yetakchilari ham ishtirok etadi.

Zelenskiy Trampga taklifi uchun minnatdorlik bildirdi va urushni imkon qadar tezroq tugatish istagini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda buni Rossiya qilishi kerak. «Rossiya o‘zi boshlagan bu urushiga nuqta qo‘yishi kerak. Va men umid qilamanki, Amerika hamda Yevropa do‘stlarimiz bilan birgalikdagi kuchimiz Rossiyani haqiqiy tinchlikka majbur qiladi», dedi Ukraina yetakchisi.

Tramp  esa Zelenskiy Qrimdan voz kechib, NATOga kirmaslikka rozi bo‘lsa, urushni to‘xtatishi mumkin, deya ta’kidlaydi.  «Ukraina prezidenti Zelenskiy, agar xohlasa, Rossiya bilan urushga deyarli darhol barham berishi yoki kurashni davom ettirishi mumkin.

Qanday boshlanganini eslab ko‘ring. Obama Qrimni 12 yil oldin (birorta ham otishmasiz!) berib yuborgani kabi (Qrim 2014 yilda AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Barak Obama davrida Rossiyaga “berilgan”) - Qrimni qaytarish yo‘q va Ukrainaning NATOga kirishi yo‘q! Ayrim narsalar hech qachon o‘zgarmaydi!», deb yozdi u o‘zining Truth Social tarmog‘ida Zelenskiyning Oq uyga tashrifi arafasida.

Bugun Zelenskiyni Vashingtonda Britaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya va Finlandiya yetakchilari, shuningdek NATO Bosh kotibi va Yevropa komissiyasi rahbari hamrohlik qiladi. Tramp buncha ko‘p Yevropa yetakchilari hech qachon bir vaqtning o‘zida to‘planmaganini qayd etadi.

CNN ta’kidlashicha, Trampning bayonoti Zelenskiy Oq uydagi uchrashuvda duch keladigan bosimni aks ettiradi. «U aytgan ikki shart — Ukraina 2014 yilda Rossiya tomonidan noqonuniy anneksiya qilingan Qrimdan voz kechishi va NATOga hech qachon qo‘shilmaslikka rozi bo‘lishi — Putin urushni to‘xtatish uchun qo‘ygan talablari qatoriga kiradi», deb yozadi telekanal.

Eslatib o‘tamiz: 15 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Alyaskada Rossiya – Ukraina urushiga barham berish yo‘llarini muhokama qilish uchun uchrashdilar. Uchrashuv yakunida hech qanday majburiyat aks ettiruvchi qaror qabul qilinmadi, hatto o‘t ochishni to‘xtatish haqida ham kelishuv bo‘lmadi.

Yevropa siyosatchilari ushbu uchrashuvni izohlar ekan, asosan diplomatik tarzda Trampning tinchlikparvarlik harakatlarini olqishlashdi, ammo Putinga ishonishdan bosh tortdilar. AQShda Demokratik partiya vakillari respublikachi Trampni amalda Putin tomonini olganlikda ayblaydi. Rossiyalik siyosatchilar esa uchrashuvdan juda mamnun bo‘ldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 22 avgust kuni Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Axios. Amerika prezidenti bu sanani Vladimir Putin bilan muzokaradan so‘ng Yevropa yetakchilari va Ukraina prezidenti bilan suhbat chog‘ida aytgan.

Darvoqe, bugun, ya’ni Zelenskiy va Tramp muzokaralari o‘tkaziladigan kun Rossiya Ukrainaga yirik hujumlarni amalga oshirdi. Xarkovda yetti nafar, Zaporojeda uch nafar odam, jumladan bir bola halok bo‘lgan.