Uchrashuvlar davom etmoqda: Tramp – Zelenskiy, Uitkoff – Putin
Kecha Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp Davosda, Jahon iqtisodiy forumi (Shveysariya) doirasida uchrashdilar. Uchrashuv bir soat davom etgan.
Ukraina prezidenti idorasida muzokaralar «yaxshi o‘tgani» ma’lum qilindi.
Donald Tramp ham suhbatni muvaffaqiyatli deb baholab, Putinni urushni yakunlashga chaqirdi.
Shu bilan birga, Financial Times nashri Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi muzokaralar aniq natijasiz yakunlanganini yozadi. Nashrga ko‘ra, Zelenskiy urushdan keyingi tiklanish yoki xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan. Oldindan amerikalik amaldorlar bilan kelishilgan hujjatlar yakunda tasdiqlanmagan. Zelenskiy Trampdan Ukrainaga qo‘shimcha majburiyatlar olishga uringan, biroq uchrashuvdan so‘ng Tramp Davosni hech qanday kelishuvsiz tark etgan.
Axios nashri esa bu uchrashuvni ikki prezident o‘rtasidagi eng yaxshi suhbatlardan biri deb ataydi.
Financial Times yozishicha, AQSh va Ukraina Rossiyaga energetik sulh taklif qilishni rejalashtirmoqda. Bu sxemaga ko‘ra, Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga zarbalarni to‘xtatadi, Ukraina esa Rossiya neft qayta ishlash zavodlari va «soya floti» tankerlariga hujum qilmaydi.
Zelenskiy tegishli hujjatlar «deyarli tayyor» ekanini bildirib, muzokaralarni samarali deb atadi. Tramp AQSh vakillarining yaqin orada Putin bilan uchrashishini ma’lum qildi. Zelenskiy esa Rossiya, Ukraina va AQSh o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar rejalashtirilayotganini aytdi.
Shuningdek, kecha Stiv Uitkoff va Jared Kushner Putin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga kelgan. Kremlda o‘tgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasidagi muzokaralar taxminan to‘rt soat davom etgan. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, muzokaralar konstruktiv va «nihoyatda ochiq» o‘tgan, uchrashuv esa «ham Rossiya, ham AQSh uchun foydali» bo‘lgan. Ammo hududiy masala hal etilmas ekan, uzoq muddatli kelishuvga umid qilib bo‘lmaydi, deydi Ushakov.
Tomonlar bugun Abu-Dabida Rossiya, AQSh va Ukraina ishtirokida xavfsizlik masalalari bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhning ilk yig‘ini o‘tkazilishiga kelishib oldi.