Zelenskiy Putinga signal yuborgani aytilmoqda: Ukraina - Rossiya mojarosidagi so‘nggi voqealar
Kecha Ukraina prezidenti Estoniyaga tashrif buyurgan va u yerda Bosh vazir Kayey Kallas bilan uchrashgan edi.
Bosh vazir kostyumda, Ukraina bayrog‘i tasvirli brosh taqqan, Zelenskiy esa 48,3794° va 31,1656° raqamlar tasvirlangan sviterda edi.
BILD sharhlovchisi buni Zelenskiyning Putinga “maxfiy xabari” deb atamoqda.
Raqamlar Ukrainaning Kirovograd oblast, Dobrovelichkovka qishlog‘i koordinatalari. Mamlakatning geografik markazi u yerda 1991 yilda rasman tan olingan chegaralar ichida joylashgan. Qishloqda Ukraina parallellari va meridianlari o‘tadigan joyda yodgorlik belgisi o‘rnatilgan.
BILD jurnalisti yozganidek, Zelenskiy shu bilan u har qanday hududiy murosadan voz kechishi va o‘z mamlakati chegaralaridagi o‘zgarishlarni tan olmasligini bildiradi.
Bu orada Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak bugun Ukrainaga tashrif buyurdi.
“Bosh vazir bugun Kiyevga tashrif buyuradi hamda yangi katta yordam paketini taqdim etadi va Ukraina bilan yaqin hamkorlikka sodiqligini tasdiqlaydi”, — deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya Ukraina uchun ajratiladigan mablag‘ni 2,5 milliard funt sterlinggacha oshiradi.
Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qurol va harbiy texnika yetkazib berishni to‘xtatdi.
Bunday dasturlarni moliyalashtirish uchun byudjet mablag‘lari yo‘qligi sababli Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga mudofaa mahsulotlarini yetkazib berishni to‘xtatdi, deya ma’lum qiladi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi qoshidagi strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.
Oq uy vakiliga ko‘ra, shu tariqa Kiyevga AQSh qurol-yarog‘i va harbiy texnikasi yetkazib berish hozircha to‘xtatiladi. Biroq Kongress federal byudjetdan Ukrainaga yordam berish uchun qo‘shimcha mablag‘ izlash va ajratish ustida ishlashda davom etishi mumkin.