Siyosiy sharh: Tamaddunlar to‘qnashuvi

O‘tgan haftaning eng e’tiborli voqealaridan biri Ukraina Respublikasi prezidenti Volodimir Zelenskiyning Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga ochiq xat yozishi bo‘ldi.

 “Kiborg”lar jangi

Xalqaro diplomatik munosabatlarda davlat rahbarlarining bir-birlariga ochiq maktub yo‘llashi kamdan-kam uchraydigan hodisa. Nega desangiz, davlatlararo munosabatlar ko‘pincha e’tibordan panaroqda, mutasaddi diplomatlar orqali amalga oshiriladi. Ba’zan davlat rahbarlarining o‘zi yuzma-yuz uchrashib, davlatlararo aloqalarni birgalikda belgilab oladi. Shu ma’noda, Zelenskiyning ochiq xati bevosita Putinga qaratilmaganga o‘xshaydi.

"Reuters" axborot agentligining ma’lum qilishicha, shaxsiy uchrashuv o‘tkazib, sulh tuzish taklifi birinchi navbatda, Rossiya elitasi, ishbilarmonlari va Ukrainaning g‘arblik ittifoqchilarining e’tiboriga qaratilgan. Zelenskiyning fikricha, iqtisodiyotdagi muammolar tufayli Rossiyada tobora ko‘proq nufuzli odamlar urush tugashini istamoqda.

Putin esa Ukraina prezidentining ochiq xatiga javoban muzokaralardan yana bir bor bosh tortdi va tinchlik shartlari allaqachon AQSh prezidenti Tramp bilan muhokama qilinganini bildirdi, deyiladi agentlik tarqatgan xabarda.
Fikrimizcha, ushbu ochiq xatning yozilishi bir necha yillardan buyon urushib kelayotgan ikki sobiq sovet respublikalari orasidagi munosabatlar batamom buzilib, o‘zaro aloqaning boshqa yo‘li qolmaganidan dalolat beradi. Ayrim manbalarning xabariga ko‘ra, qanaqadir parda ortidagi yashirin muloqotlar olib borilmoqda, ammo bu ishonchli ma’lumot bo‘lmay, ko‘proq istak ma’nosidagi taxminiy gaplarga o‘xshab ketadi. Achinarli voqelik shundaki, hozir har ikki davlat bir-biriga nisbatan urush holatida turibdi. Garchand, Moskva buni "maxsus harbiy amaliyot" deb atayotgan bo‘lsa-da, davom etayotgan janglarda chinakam katta urush alomatlari mavjud. Aytaylik, urushning davom etayotgani, yuz minglab odamlarning qurbon bo‘lgani va ilg‘or harbiy texnologiyalarning qo‘llanayotgani katta urushning ochiq belgilaridir.

Masalan, o‘tgan may oyida har ikki tomondan 40-50 mingdan ziyod odam qurbon bo‘lgan. Holbuki, o‘n yil davom etgan "afg‘on" urushida 15 mingdan sal ortiq askar halok bo‘lgandi. Qurbonlarning bu darajada ko‘payishining asosiy sababi janglarda zamonaviy urush texnologiyalari qo‘llanmoqda. Odatda, an’anaviy urushlarda safdan chiqarilgan askarlarning taxminan uchdan ikki qismi yarador bo‘lib, bir qismi halok bo‘lardi. Zelenskiy maktubida yozishicha, hozirda halok bo‘layotganlar soni jangchilarning 65 foizidan ham ko‘proq qismini tashkil qilmoqda. Bu shuni anglatadiki, qurbonlarning umumiy nisbati ikki baravar ko‘paygan. Zamonaviy qurollar askarlarning tirik qolishiga hech qanday imkon qoldirmayapti. Dron hujumiga uchragan jangchining tirik qolish ehtimoli yo‘q darajada. Ilgari janglarda askarlar panaga bekinib yoki janggohdan qochib, jon saqlab qolishi mumkin edi. Bugun ortga chekinib ham tirik qolish mushkul. Bir tomondan yo‘lni to‘suvchi otryadlar, ikkinchi tomondan dushman dronlari o‘rtasida qolgan askarlar muqarrar o‘limga mahkum etilmoqda. Shu ma’noda, zamonaviy urushlar tobora shafqatsiz, tobora dahshatli tus olmoqda.

Urushlarning bunday beshafqat mazmun kasb etishi ularda ishtirok etayotgan insonlar ongiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Endilikda vatan himoyasi yo‘lida jangga kirgan askarlar bilan bosqin uyushtirayotgan tomon jangchilari ruhiyati orasida katta farq paydo bo‘ldi. Ukrainalik jangchilar urush marralarini jon-jahdlari bilan himoya qilib, xuddi “kiborg”lardek jang qilmoqda. Birgina Malaya Tokmachka qishlog‘ini zabt etish uchun bosqinchilar minglab askarlarini nobud qilishdi. Shunda ham ular qishloqni to‘la egallay olmadi. Chunki ukrain dronlari bosh ko‘targan tirik jon borki, omon qoldirmayapti. Dronga duch kelgan jangchilar hayoti esa muqarrar o‘lim bilan yakunlanmoqda. Shu bois bo‘lsa kerak, rus qo‘shinlari Gulyay Pole yo‘nalishidan o‘zga boshqa birorta frontda sezilarli natijaga erisholmayapti.

Putinning barcha yo‘nalishlarda olg‘a siljiyapmiz, degan iddaosi haqiqatdan yiroq. Haqiqiy voqelik shundan iboratki, rus armiyasi Ukrainada o‘zi sira kutmagan qaqshatqich qarshilik bilan yuzma-yuz keldi. Uzog‘i bilan bir oy ichida Ukraina masalasini hal qilamiz, degan dadil reja xomxayolga aylandi. Aksincha, bugungi Ukraina qurolli kuchlari janglarda toblanib, dunyoning zarbdor armiyalaridan biriga aylandi. Hatto uni kelajakda xuddi Turkiya armiyasi singari NATOning zarbdor kuchiga aylanadi, degan farazlar ham yo‘q emas. Nima bo‘lganda ham ukrainlar bugun dunyoning ikkinchi kuchli armiyasi bilan tengma-teng jang qilmoqda.

Bu borada ularga G‘arb mamlakatlari yaqindan yordam berayotganligi ham sir emas. AQSh va Yevropaning fan-texnika yutuqlari asosida yaratilgan zamonaviy harbiy qurollar oldida ruslarning nisbatan eskirgan jang vositalari ochiq yutqazmoqda. Masalan, keyingi kunlarda harbiy-iqtisodiy inshootlarga, Qrim yarim oroliga yo‘nalgan transport vositalariga dronlar vositasida berilgan aniq zarbalarni rus havo mudofaasi qaytarishga ojiz ekanligi bilindi va mamlakat iqtisodiyoti, logistik ta’minoti xatar ostida qoldi. Ayniqsa, Moskva hamda Leningrad oblastlariga yo‘naltirilgan havo hujumlari Kremlni g‘oyat dovdiratib qo‘ydi. Ana shunday mag‘lublik vaziyatida Zelenskiyning Putinga teng darajada turib, sulh taklif qilishi, tabiiyki, oqposhshoning qitiq patiga tegdi. Buning ustiga Rossiya jamiyatida urushga qarshi kayfiyatlarning kuchayib borishi rus ma’murlarini xavotirga solmoqda.

Endilikda Moskva uchun ikki yo‘l qoldi: Ukraina bilan sulhga rozi bo‘lish yoki mamlakatda umumiy safarbarlik e’lon qilish. Birinchi yo‘l Putin uchun sharmandalik bo‘lsa, ikkinchisi, g‘oyat xatarli tadbir hisoblanadi. Eslasangiz, 2022 yil kuzida qisman safarbarlik joriy etilganda salkam millionlagan rossiyaliklar mamlakatni tark etib, chet ellarga chiqib ketishgandi. Navbatdagi safarbarlik mamlakatda katta norozilik va ziddiyatlarni keltirib chiqarishi tobora ayon bo‘lib bormoqda. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, kelgusida rus ma’murlari Zelenskiyning sulh tuzish haqidagi taklifiga noiloj rozi bo‘lsalar, ajab emas.

 

Erkin dunyo - chirkin dunyo

Keyingi vaqtlarda Rossiya ommaviy axborot vositalari orqali bu borada g‘alati fikrlar aytilmoqda. Jumladan, kutilmaganda Kreml nuqtai nazarini targ‘ib qiluvchi "Moskovskiy komsomoles" gazetasi bosh maqolasida urushdagi mag‘lubiyatning foydasi haqida so‘z ochdi. Maqola muallifi Dmitriy Krasnovning yozishiga ko‘ra, "...Rossiya tarixida urushlardagi mag‘lubiyat doimo mamlakatning keyingi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan" emish. Uning aytishicha, aynan mag‘lubiyatli urushlar va kamsituvchi sulh shartnomalari islohotlarga, yangiliklarga va g‘alabalarga yo‘l ochgan. "Ba’zan yirik geosiyosiy yutqazishlar yorqin g‘alabalardan ko‘ra ko‘proq foyda beradi", deb yozadi Krasnov. Qaysidir ma’noda muallifning gaplarida jon bordek. Masalan, Ikkinchi jahon urushida yutqazgan Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya singari davlatlar urushdan keyin taraqqiyotning keng yo‘liga chiqib olgani tarixiy haqiqat. Ammo bunda bir omilni aslo nazardan qochirmaslik kerak. Ular urushdan so‘ng ichki avtokratik tuzumni buzib, demokratik boshqaruv tizimiga o‘tdi. Aytaylik, Rossiyada ham “sovuq urush”dagi mag‘lubiyatdan so‘ng demokratik boshqaruvga o‘tish harakati bo‘ldi. Ammo millatchi shovinistlar va yangi paydo bo‘lgan sarmoyadorlarning sa’y-harakati bilan demokratiya kurtaklari yulib tashlandi. Oqibatda mamlakat asrlar davomida hukmronlik qilib kelgan boshqaruvning yakkahokimlik usuliga qaytib, mamlakat yana o‘sha qoloq eski o‘zanga tushib qoldi. Rossiyadagi hozirgi vaziyat yana o‘sha o‘tgan XX asr boshlaridagi vaziyatni eslatyapti. Yana urush, yana tashqi-ichki dushman izlash, yana siyosiy quvg‘inlar, mayda millatlarga past nazar bilan qarash va hokazo...

Aytish mumkinki, o‘tgan asrning 90-yillarida qisqa davom etgan erkinlik epkini ham o‘zining yaxshigina ijobiy natijasini berdi. Rossiya XXI asrning boshlariga kelib yana kuchga to‘ldi, iqtisodiyoti rivojlandi, pul-valyuta zaxirasi ko‘paydi. Afsuski, rossiyaliklar bu yutuqlarni Vladimir Putin bilan bog‘lay boshladi. Oqibatda Putin shaxsiga ixlos kuchayib, Moskva yana o‘sha eski yakkahokimlik tuzog‘iga ilindi. Yutuqlardan boshi aylangan Putin kollegial boshqaruv tamoyilini buzib, qarorlarni yakka o‘zi qabul qila boshladi. Mamlakat bosh qonunini oyoqosti qilib, prezidentlik muddatini bir necha marta cho‘zishga erishdi. Ushbu voqealarning mantiqiy yakuni shu bo‘ldiki, 2022 yil 24 fevral kuni qo‘shni Ukraina davlatiga qarshi bosqinchilik urushini boshladi. Bunda Putin tomonidan qanaqa mash’um xatoga yo‘l qo‘yilgani endilikda tobora ayon bo‘lib bormoqda.

Bugungi kunda Rossiya jahonning ijtimoiy jihatdan eng qoloq mamlakatlari bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘lmoqda. To‘g‘ri, ular avtokratik uslublarga tayanib, qandaydir ma’noda iqtisodiy yutuqlarga erishgan bo‘lishi mumkin. Biroq ushbu mamlakatlarda inson huquqlari ta’minoti, siyosiy-ijtimoiy erkinliklar borasida jiddiy nuqsonlar borligi hech kimga sir emas.
AQShda hokimiyat tepasiga prezident Donald Trampning kelishi umri tugab borayotgan avtokrat hukmdorlarga yangi nafas bag‘ishlagandek bo‘ldi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, Amerika chuqur demokratik ildizlar bilan oziqlanadigan davlat. U yerda hokimiyatlar mustaqilligi amal qiladi. Avtokratiya sari bo‘ladigan harakatlarni tiyib, muvozanatga solib turuvchi mexanizmlar mavjud.

Insoniyat o‘z ijtimoiy taraqqiyotidagi muvaffaqiyatlarga behisob berilgan qon va qurbonlar evaziga erishgani tarixdan yaxshi ma’lum. Shubhasiz, erishilgan yutuqlar yana mustabidlar qo‘liga qaytarib berilmasligi ayon. Zero, tarix g‘ildiragini hech kim orqaga aylantirolmagan.

Xudoyberdi Komilov,

siyosiy sharhlovchi.