Rossiya imkoniyatni boy bermoqda - muzokaralar Kremlni qutqaradimi?
Rossiya armiyasi Ukrainada g‘alaba qozonish imkoniyatlarini yo‘qotmoqda, diplomatik muzokaralar esa Kremlni inqirozdan chiqarishga yordam bermayapti, deya xabar qilmoqda The Economist. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining Ukrainada sezilarli yutuqqa erishish rejalari tobora xayolga aylanyapti. Jenevadagi muzokaralar Moskvaga Kiyevdan yon berishlar keltiradi, degan farazlar oqlanmagan, diplomatik yo‘l deyarli yopilgan.
2021 yil iyunidan 2024 yil mayigacha Rossiya qo‘shinlari Donetsk viloyatida atigi 60 kilometr ilgarilagan. Vaholanki, o‘tmish hujumlarda minglab kilometrga siljish kuzatilgan. Rossiya ichidagi tizimli muammolar ham vaziyatni og‘irlashtirmoqda: tayyorgarligi past harbiylar, ruhiy tushkunlik va dezertirlikning yuqori darajasi jang samaradorligini pasaytirmoqda. «Telegram»ni o‘chirish va «Starlink»ni bloklash kabi aloqa cheklovlari qo‘shinlarni muhim kommunikatsiya va logistika kanallaridan uzib qo‘ygan. Ukraina infratuzilmasiga ehtimoliy zarbalar ham urush taqdirini tubdan o‘zgartirishi dargumon.
Rossiya iqtisodiyoti qarzlar o‘sishi, daromadlar qisqarishi va resurslarni qayta taqsimlash qiyinchiliklari bilan yuzma-yuz kelmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Rossiya askar yollashda vatanparvarlikka emas, pulga tayanadi. Veteranlarga e’tiborsizlik va halok bo‘lganlar oilalariga kompensatsiyalardan bosh tortish esa yollash xarajatlarini yanada oshiradi.
Ukrainadagi urush yana bir yildan uch yilgacha davom etishi mumkin, deya taxmin qiladi The Wall Street Journal. Rossiya muzokaralarni vijdonan olib bormayapti va jang maydonida erisha olmagan maqsadlariga, jumladan, Donbass ustidan nazorat masalasida, diplomatik jarayon orqali erishishga urinmoqda, deydi nashr.
Ikki tomon ham Trampning g‘azabidan va bosim kuchayishidan, Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi yoki Ukrainaga AQSh yordami qisqartirilishi ehtimolidan qochishga harakat qilmoqda.