She’rlarida qanday bo‘lsa, hayotda ham shunday
Usmon Azimni talabalik yillarimda, avval “Saylanma”si, keyin “Jodu” asari bilan tanidim. Shoirning o‘zi Rauf Parfiga bergan ta’rifidek, mening tasavvurimdagi “shoir” degan qobiqqa lop-loyiq keldi. Rumiy ijodidagi chapanilik, so‘zni bejamasdan yurakka singdiradigan darajada aytish, ortiqcha tashbehlarsiz qalblarni zabt etish har kimga ham nasib etmaydi. Shuning uchun o‘quvchilarimga “O‘zingni ayama, beshafqat bo‘lgin, joningga solib tur, gohida burov, shunda topiladi xoin bo‘laging, unga rahm etma qatl et darrov”, deb Usmon Azimchasiga aytganimda vujudida yengil jimirlashni his qilganliklarini aytishadi. Har kimga ham aslida qanday bo‘lsa, shunday yashash, shunday ko‘rinish berish ham nasib etmaydi. Usmon Azim esa she’rlarida qanday bo‘lsa, hayotda ham shunday.
Buni 2008 yil Samarqand davlat universitetining salkam 500 kishilik zalida ikki soat tik oyoqda she’r o‘qiganida ko‘rganman. O‘sha vaqtlarda zalga kirgan talabalar tugul ayrim o‘qituvchilarni ham aqalli bir soat “ushlab” turolmasdik. Ikki soatlik she’r esa go‘yo u yerda yig‘ilganlarni sehrlab qo‘ydi. Suv quygandek jimjitlikda shoirni butun bir quloq bo‘lib tingladik. Shoirning ovozidagi o‘zgachalik va samimiyat, yurakdan yozish va yurakdan aytish malakasi maftun qilib qo‘ydi zalni go‘yo. Shunda anglab yetdimki, eshituvchini tinglashga, yaxshi ma’noda majbur qilsa bo‘larkan. Chunki samimiyat eng nosamimiy odamga ham boshqacha ta’sir qiladi. U yuquvchan xarakterga ega. Yurak-yuragida o‘zi ham anglab yetmagan qaysidir haqiqatlarini uyg‘otadi. Vijdoni o‘z borlig‘ini namoyon etadi. Hamma gap o‘sha samimiy voizda ekan.
Usmon Azim she’rlarida nasr, nasrida nazm bor. “Jodu”ni har safar qayta-qayta o‘qiganimda bunga amin bo‘laman. Shoirning topqirligi, o‘zgachaligi meni maftun etadi. “Alpomish”ning niqobini olib, yuziga qo‘yayotganligini bevosita ko‘raman. Ustaning ahvoliga achinaman. Sohibqironning “usta va malika” g‘iybatiga chek qo‘yishga topgan go‘zal yechimiga tasannolar aytaman. O‘g‘li uchun g‘ozga aylangan kampirning holiga o‘ylanaman. Vatan uchun, bir millatning bor bo‘lishi uchun mana shunday ulkan onalar bo‘lganligi haqida iztirob bilan o‘ylayman. Oriyat uchun o‘ladigan zamonlar bo‘lganligi va u o‘tib ketganligi ko‘ngilni g‘ashlaydi. Inson doim dunyoni aslidan ko‘ra go‘zalroq ko‘rishga intilishi haqiqat ekanligiga iymon keltiraman.
Triptix (uch hikoya) hikoyasi insonni uyg‘otadi. Axborotga to‘la, atrofimizdagi odamlarga ham e’tiborsiz, “kunduzi boshimizda pulning hisob-kitobi bilan, kechqurun ko‘zimiz Aldarko‘sa qutida yashayotganimiz bir zamonda bu “uchtasi birda” bo‘lgan hikoya inson sifatida yo‘q bo‘lib ketmasligimiz kerakligi haqida, mo‘’jizalar aslida o‘zimiz, qalbimizda ekanligi haqida yuraklarga she’rday oqib kiradi. Usmon Azim haqiqatan o‘z yurtining nodir farzandi. Shuning uchun ham nasriy asarlari dostonday o‘qiladi. Qadim Qo‘ng‘irotning buyuk baxshisiday ko‘raman shoirni.
Usmon Azim ijodidagi tasavvufga hamohanglik, tasavvufning qiyin tushunchalarini ham o‘quvchiga oson anglatish xususiyati alohida bir mavzu sanaladi. Men bunday she’rlarini o‘zimcha nomlaganman: “Lison ut-tayr” (Meni tashlab ketmang, do‘stlarim qushlar), Vahdat ul-vujud (“Natyurmort”) kabi…
Shoir ijodidagi qush, qanot nomlari bilan bog‘liq she’rlarni o‘qisangiz, inson (ayrimlari) haqiqatda qachonlardir qush bo‘lgani haqida o‘ylaysiz. Qanotingiz borday his qilasiz o‘zingizni.
Ijodkor kishining ro‘zg‘or uchun ma’lum idorada ishlash majburiyati haqida yozilganday tuyuladi:
Qachondir bir paytlar qushlik kezimda,
Tuzoqqa tushganim ayon esimda.
Tiriklik ko‘yida holim edi tang,
Arang qo‘nar edim,
Uchardim arang.
Ochlik yopishgandi ilonday jonga,
Shunda ko‘zim tushdi bir hovuch donga.
Sezsam ham bu donda makr borligin,
Qo‘ymadi aqldan ozgan borlig‘im.
Hayot halqumiga kelgan bu chog‘da,
Tuzoqqa tushdim. Voh, dahshat tuzoqqa.
Qafasga tiqdilar so‘ngra, qafasda
Erkinlik yo‘q edi hatto nafasga.
Undan kecholmadim garchi tor edi,
Ammo donu suvi mudom bor edi.
Keyin esimda yo‘q keyinning ro‘yi,
O‘lib ketgandirman balki shu ko‘yi…
Insonlikdan esa etmayman ravish
Qush bo‘lgan zotlarga tanishdir,
Tanish.
Shoir ijodiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvda bir kishi Alpomish bizning zamonamizda yashaganda, biror sabab bilan unga qon kerak bo‘lganda, Faqat Usmon Azim donor bo‘la olardi, degan gapni aytganida yuz bora haq edi, deb o‘ylayman. Chunki Alpomishni bizga qaytargan shoir “Alpomish”lardan ehtiyot bo‘lishimiz zarurligini uqtirgan. Usmon Azimga mustahkam sog‘lik, elimiz, yurtimizning faxrli shoiri bo‘lib yurishini, “So‘ngso‘zlar”ni yana yuz yillar yozishini tilayman. Joningiz omon bo‘lsin, she’riyatingiz bilan kitobxonlar xonadoniga yaxshilik ulashavering shoirim, deyman.
Mashhura HASANOVA,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti katta o‘qituvchisi.