“Ta’lim va kasb” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahridagi Turizm akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “MY FAIR” MChJ hamda qator hamkor tashkilotlar ishtirokida “Ta’lim va kasb” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rgazmada 60 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘z imkoniyatlarini namoyish etdi. Jumladan, Rossiya, AQSh, Turkiya, Polsha va Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli universitetlari qatnashib, o‘quvchi-yoshlar hamda abituriyentlarga ta’lim dasturlari, qabul shartlari va xalqaro grant imkoniyatlari haqida ma’lumotlar taqdim etishdi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari H.To‘xtayev hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi R.Yo‘ldoshev ishtirok etib, xorijiy ta’lim muassasalari vakillari bilan muloqot qildi. Suhbatlar davomida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim sifati, ta’lim garantlari va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha suhbatlashdi.

Ko‘rgazma yoshlarga kasb tanlashda muhim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, xorijiy ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish hamda universitetlar vakillari bilan muloqot qilish imkonini berdi.