100 foizlik natija:Oxford international school bunga qanday erishyapti?
Samarqand shahrida Oxford international school nomli xususiy maktab to‘rt yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Maktab asoschisi shahardagi Fast Education o‘quv markazi rahbari Botir Jo‘rayevdir. Ta’lim tizimi xalqaro standartlar asosida joriy etilgan mazkur maktab o‘quvchilarni dunyo tan olgan xalqaro sertifikatlarga tayyorlaydi. Shu bois bitiruvchilarning 100 foizi nufuzli xorijiy va mahalliy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiradi. Maktab bitiruvchilarining barchasi ingliz tilidan IELTS sertifikatini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, bitiruvchilarning 70 foizida matematikadan SAT xalqaro sertifikati ham bor. Xo‘sh, ular bunday natijaga qanday erishyapti? Keling, shu haqda gaplashamiz.

Maktabimiz matematika, ingliz tili, IT va AP (advanced placement)sohalariga ixtisoslashgan bo‘lib, mazkur fanlar chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi, - dedi maktab menejeri Shoxrux Sultonov. – AP dasturi o‘rta maktab o‘quvchilariga universitet darajasidagi o‘quv dasturlari va imtihonlarni taklif qiladi. AP imtihonlarida yaxshi ball olish orqali talabalar universitet kreditlarini olishlari, universitetga kirish kurslarini o‘tkazib yuborishlari va o‘qish uchun sezilarli darajada tejashlari mumkin.

O‘quvchilar tushlikkacha ixtisoslashgan fanlar bo‘yicha ta’lim oladi, ya’ni ushbu fanlar chuqurlashtirilgan holda o‘tiladi. Shuning uchun ham ochilganimizdan beri o‘quvchilarimizning yuz foizi IELTS sertifikati bilan maktabni tugatyapti. Tushlikdan keyin o‘quvchilar davlat ta’lim standartlari asosida o‘qitiladi. Darslar ertalab soat 08:00 dan 17:00 gacha bo‘ladi. Bolalarga maktabda ikki mahal ovqat beriladi.
Xususiy maktab 2022 yilda 180 nafar o‘quvchi bilan ish boshlagan. O‘sha paytda maktab sig‘imi 250 nafar bolaga mo‘ljallangan. Bugun xususiy maktab 1200 o‘rinli yangi va zamonaviy jihozlangan binoda faoliyatini davom ettirmoqda. Yangi maktab binosi o‘tgan o‘quv yilida ochilgan. Maktab koridorida o‘quvchilar uchun kitob o‘qiydigan joylar, tennis maydonchasi, turli gullardan iborat yashil bog‘ tashkil qilingan. Tanaffus paytida o‘quvchilar biroz diqqatini jamlashi, miyaga dam berish maqsadida tennis o‘ynashi, gullarni parvarish qilishi yoki kitob o‘qishi mumkin.

- Ayni paytda maktabimizda 430 nafar bola ta’lim olmoqda, - deydi Sh.Sultonov. – O‘quv binomizning sig‘imi yetarligi bois yangi o‘quv yilidan boshlab 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan bolalarni o‘qishga qabul qilamiz. Bizda 1-sinf bolalari suhbat asosida, 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar tanlov asosida maktabga qabul qilinadi. Talabgorlar matematika va ingliz tilidan imtihon topshiradi. Imtihondan o‘tolmaganlar maktabga qabul qilinmaydi.
Darhaqiqat, maktab natijalari quvonarli. Masalan, 2024-2025 o‘quv yilida Oxford international school’ni 43 nafar o‘quvchi bitirgan. Ularning barchasida ingliz tilidan IELTS sertifikati, 37 nafarida matematikadan SAT xalqaro sertifikatibo‘lib, o‘quvchilarning 22 nafari AQSh, Yevropa, Janubiy Koreya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi xorijiy top universitetlarga o‘qishga kirgan. Qolganlari yurtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan.

2025-2026 o‘quv yilida xususiy maktabimizni 30 nafar o‘quvchi tugatyapti, - deydi maktab menejeri. – Ularning barchasi yuqori ballar bilan ingliz tilidan IELTS xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritgan. Bitiruvchilarning 24 nafarida matematikadan SAT xalqaro sertifikatibor. Bugunga qadar o‘quvchilarning 50 foizga yaqini nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Qolganlari imtihon topshirish va imtihon natijalarining chiqish jarayonida. O‘quvchilarimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlardan bemalol faxrlana olamiz. Masalan, xususiy maktabimiz o‘quvchisi Xosiyatbonu Hamroqulova “Prezident Iqtidorli Farzandlari” loyihasi doirasida O‘zbekiston bo‘yicha saralangan eng kuchli 40 nafar o‘quvchilar qatoridan joy oldi. U tanlov yakunlariga ko‘ra respublika miqyosida 9-o‘rinni egallab, Samarqand viloyati bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etdi.Xosiyatbonu IELTS xalqaro imtihonidan 7.0, SAT imtihonidan esa 1490 ball to‘plagan. Bundan tashqari, u bir qator xalqaro olimpiada va tanlovlar g‘olibasi hisoblanadi.

Albatta, bunday natijalarning ortida bilimli, mahoratli, fidoyi o‘qituvchilarning hissasi katta. Xususiy maktab har bir o‘qituvchini imtihon asosida ishga qabul qiladi. Shuning uchun maktabga yetuk bilimga ega, o‘z kasbini astoydil yaxshi ko‘ruvchi o‘qituvchilar ishga qabul qilingan.
- Avval davlat maktablarida ishladim, ammo turli tadbirlar tufayli bolalar bilan ko‘p shug‘ullana olmasdim, - deydi mazkur maktab mentori Saodat Rustamova. – Menga qog‘ozbozlikdan ko‘ra o‘quvchilar bilan jonli ishlash yoqadi. Mentor degani ham sinf rahbar, ham psixolog lavozimi bo‘lib, bolaning hamma savollariga javob beradigan, unga har tomonlama yordam beradigan shaxs. Biz kabinetda o‘tirmaymiz, doim bolalar bilan muloqot qilamiz. Ularni qiynayotgan muammolarni aniqlab, ota-onasi bilan hamkorlikda bolaga yordam beramiz. Shuningdek, biz ertalab darsga kelmagan o‘quvchilarning ota-onasiga telefon qilib, bolaning nega darsga kelmagani sababini aniqlaymiz. Bunday usul orqali boshqa maktabdan kelgan va qat’iy intizomga ko‘nikmagan ba’zi o‘quvchilarni 2-3 oyda tartibga solib olamiz.

Oxford international school xususiy maktabiga 10-sinfdan keldim, - deydi Mehrangiz Mehrojova. – 10-sinfning oxirida ingliz tilidan IELTS xalqaro sertifikatiga imtihon topshirdim va 7,5 ball bilan sertifikatni qo‘lga kiritdim. Maktabimizda tashkil qilingan yozgi darslar davomida SAT xalqaro sertifikatiga tayyorlandim. Sentyabr oyidan maktabimizda AP’ga tayyorlanish boshlandi. AP va SAT’ga birgalikda tayyorlandim. Mart oyiga kelib SAT xalqaro sertifikatidan 1540 balni qo‘lga kiritdim. So‘ngra AP’ga topshirdim, buni hali natijasi chiqmadi. Davlat maktabi bilan Oxford international school’ning farqi juda katta. Bu yerda birinchi navbatda atrofdagilarning dunyoqarashi, o‘qituvchilarning dars o‘tish mahorati va har bir o‘tilgan dars bo‘yicha so‘rashi o‘quvchini butkul o‘zgartirib yuborar ekan. Maktabda bilimlilar orasida bilmasdan o‘tirish uyat, shuning uchun ham har bir o‘quvchi darsni a’lo darajada bajaradi.

Xususiy maktab o‘z o‘quvchilarini turli loyihalar va xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, yil davomida o‘quvchilar Malayziya, Birlashgan Arab Amirligi davlatlarida ingliz tili va matematikadan bo‘lib o‘tgan xalqaro olimpiadalarda qatnashib, birinchi va oliy o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Ayni paytda o‘quvchilar joriy yilning 27 iyulida Janubiy Koreyada bo‘ladigan xalqaro olimpiadada ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Xususiy maktab o‘quvchilarga ko‘plab imtiyozlar beradi. Masalan, o‘quvchilar IT sohasida ham xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ladi. Maktabni bitirgach, sertifikati borlar IT sohasida o‘qishini davom ettirishi yoki ishlashi mumkin. Bundan tashqari, maktab haydovchilik guvohnomasi bo‘yicha o‘qitadi. Maktab bitiruvchilari 18 yoshga to‘lgach, imtihon uchun test topshirib, haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritadi.

Xalqaro ta’lim va xorij universitetlariga kirish bo‘yicha raqobat kuchayib borayotgan bir paytda, bunday xususiy maktablarda o‘qish o‘quvchilarga keng imtikoniyatlar beradi. Negaki xorij oliygohlariga tayyorgarlik jarayonida nafaqat bilim, balki to‘g‘ri yo‘naltirish, akademik muhit va mentorlik ham katta rol o‘ynaydi. Xususiy maktab o‘quvchilariga bu borada aniq va to‘g‘ri yo‘nalish bera oladi.
Xurshida ERNAZAROVA.
Reklama huquqi asosida.