O‘quv markazda bilimsiz bola yo‘q: Bunga qanday erishiladi? “Fast Education”dan eng samarali o‘qitish usullari haqida

Bugun oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni istovchilar maktabdanoq qo‘shimcha dars olish maqsadida o‘quv markazlariga qatnamoqda. Ota-onalar ham maktabdan ko‘ra “repititor”ga ishonadi. Sababi, o‘quv markazlarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning 90 foizdan ko‘prog‘i o‘qishga kiryapti. Nima uchun? O‘quv markazlaridagi ta’lim dasturlari maktabnikidan nimasi bilan farq qiladi?

Ushbu savollarga javob topish maqsadida mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olayotgan Samarqand shahridagi “Fast Education” o‘quv markazi rahbari Botir Jo‘rayev bilan suhbatlashdik.

- O‘quv markazida grammatikani o‘rganmasdan, so‘z yodlamasdan chet tili o‘qitilar ekan. Bunga qanday erishiladi?

- Aslida grammatikani o‘rganmasdan chet tilini o‘zlashtirib bo‘lmaydi. O‘quvchilarga grammatika o‘tiladi, lekin uslub boshqacha. Masalan, 10 yil oldin o‘quvchilarga dars berayotganimizda “Biz bugun hozirgi zamon fe’lini o‘tamiz. Uning mana bu qoidalari bor” der edik. Endi esa bolalar matnni o‘qib, fe’llarni qanday kelishini o‘zlari topib oladi, ya’ni bolalarga grammatikani bildirmasdan o‘rgatib qo‘yayapmiz. Bugun o‘qituvchi doskaga biron qoidani yozib, uni daftarga ko‘chirtirmaydi. Bolalarning nazarida xuddi grammatika o‘tilmayotgandek, lekin aslida grammatika o‘tiladi, chunki busiz bo‘lmaydi.

- Demak, sizlarda grammatika qonun-qoidalari boshqacha o‘qitilar ekan-da.

- Xuddi shunday. Grammatikaning qoidasi bolalarga qiyin tuyulishi mumkin. Shuning uchun biz ularga oson usulda o‘rgatishga harakat qilamiz. O‘qituvchi darsda faqat o‘zi gapirsa, o‘quvchilar tinglab o‘tirsa, ularga ko‘p bilim bera olmaymiz. O‘quvchilarning o‘zidan fikr olinsa, sifatli va samarali dars bo‘ladi. Masalan, tarix fanida o‘qituvchi kelib, darsni o‘quvchilarga aytib beradi, shu bilan dars tugaydi. Mening uslubimda esa o‘qituvchi darsga kelib, o‘quvchilarga o‘tiladigan mavzu bo‘yicha savol beradi. Masalan, “Ikkinchi jahon urushi haqida qanday faktlarni bilasiz?” deydi. Tabiiyki, bolalar eshitganlarini ayta boshlaydi. O‘qituvchi ularni birma-bir doskaga yozib chiqadi. Yigirmata fakt doskaga yozilgach, o‘qituvchi bolalarga mana shuncha ma’lumotlarni bilar ekansiz, barakalla deb ularni ruhlantiradi. Endi “Ikkinchi jahon urushiga nima sabab bo‘ldi?” deydi. Bolalar yana sabablarni ayta boshlaydi. “Uchinchi jahon urushi bo‘lmasligi uchun nima qilishimiz kerak?” deydi o‘qituvchi. O‘qituvchi bolalarning fikrlarini doskaga yozadi. Shu tarzda dars qiziqarli va jonli tarzda kechadi. Bolalarning xotirasida o‘zaro fikr almashib, doskada yozilgan fakt va raqamlar o‘qituvchi shunchaki gapirib bergandan ko‘ra yaxshi saqlanib qoladi. Mazkur usul tanqidiy fikrlashni shakllantiradi, shuningdek yoshlarda bag‘rikenglikni ham yuzaga keltiradi. Bu usulni boshqa fanlarda ham qo‘llash kerak. O‘qituvchi kamroq gapirib, o‘quvchilarni darsda ko‘proq gapirtirsa, yaxshi natija oladi.

- Bunday dars o‘tish usullarini qayerdan o‘rgangansiz?

- Bu usullar xorij tajribasi. Men har yili o‘z ustimda ishlab, xorijiy sertifikatlar olib kelaman. Masalan, 2021 yilda Kembrijdan “Ustozlarning ustozi” degan yangi sertifikat oldim. Nasib bo‘lsa, bu yil bundan ham kattaroq sertifikatni olishni maqsad qilganman. Darslarda qanday usul qo‘llash kerak, bolalarni qanday jalb etish mumkinligi ustida tinmay izlanaman. Masalan, o‘n yil oldin bolalarga mavzuni o‘tardik va uy ishini berib yuborardik. Hozirgi bolalar uyda kam dars qiladi. Bolalarni uyida chalg‘itadigan narsalar ko‘p: televizor, kompyuter, telefon kabilar dars tayyorlashga halaqit beradi. Shuning uchun ular uyida kam dars tayyorlaydi. O‘quvchilarga dars jarayonida mavzuni 80 foiz bajartirib yuborishga harakat qilamiz. U uyida darsni qilmagan taqdirda ham mavzu bo‘yicha 80 foiz bilimi bo‘ladi. Uyga vazifa sifatida bolaga ko‘p emas, maqsadli uy ishi berish kerak.

- Balki, maktablarning muammosi shundadir? O‘n yil maktabda o‘qigan bola chet tilini bilmaydi. Ularga xuddi siz aytganingizdek, mavzu o‘tiladi va uy ishini uyda tayyorlab kel, deyiladi.

-  Mavzu o‘tilgandan keyin darsda kamida uch xil mashq qilinishi kerak. Masalan, zamonlar haqida mavzu o‘tdingiz. Uni bolalarga gapirtirib mashq qildirish kerak. Mazkur mavzuni mustahkamlash uchun kamida uch xil mashqlar bajarish kerak bo‘ladi. Insho yozdirish orqali bola matnda zamonni qanday qo‘llay olyapti, buni tekshirish lozim. Keyin mavzuga oid matnni eshittirib, mashq qildirilsa, bola mavzuni darsning o‘zida 80 foiz o‘zlashtirib oladi. Agar o‘quvchilar darsda ushbu mashqlardan birini yaxshi qo‘llay olmasa, demak o‘qituvchi darsni yaxshi tushuntirmagan bo‘ladi. U yana mavzuni takrorlab, bolalarga tushunmagan tomonlarini o‘rgatadi.

- O‘quv markazingizning necha foiz o‘quvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiryapti?

- O‘quvchilarning 90 foizdan ko‘prog‘i oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kiryapti. Bizda ingliz tilini o‘rgangach, IELTS xalqaro sertifikati beriladi. 5,5 ball olgan o‘quvchi ham mahalliy oliy ta’lim muassasalariga bemalol kira oladi. Bizni xursand qiladigan tomoni - bizning markazda bundan yuqori ballarni qo‘lga kiritish ko‘zlanadi va shunday bo‘lib kelmoqda. 8-8,5 ball olgan o‘quvchilarimiz ham juda ko‘p.  Yaqinda viloyat xalq ta’limi boshqarmasida o‘qituvchilar uchun bo‘lgan tadbirda boshqarma vakillaridan biri “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan samarqandlik talabalarning 50 foizidan ko‘prog‘i “Fast Education” o‘quv markazi o‘quvchilari”, dedi. O‘sha kuni bu statistikani eshitib, juda ham xursand bo‘ldim.

- Markazda test sinovlarini alohida o‘qituvchilar oladi, deb eshitdik. Shu rostmi?

- “Fast Education” o‘quv markazi 2005 yilda tashkil topganida bu haqda rosa o‘ylaganman. O‘qituvchi dars bersa, imtihonni boshqa kishi olishi kerak, degan qarorga kelib, ekzamenatorlardan iborat alohida guruh tuzganman. Ular bugun 15 nafar bo‘lib, faqat imtihon olish bilan shug‘ullanadi. Ekzamenatorlarga alohida bino, zamonaviy shart-sharoit yaratilgan. Ular o‘quvchilardan imtihon olib, nafaqat ularning bilimini, balki o‘qituvchining saviyasini ham aniqlab beradi. O‘quvchilarning olgan ballarining umumiy yig‘indisidan o‘qituvchiga ball beriladi. O‘qituvchi 70 balldan kam olsa, unga boshqatdan metodika o‘rgatiladi.

- O‘quv markazida o‘zlashtirolmagan o‘quvchilar haydalar ekan, shu to‘g‘rimi?

- Yo‘q, bu fikr noto‘g‘ri. O‘quvchi 70 balldan kam olsa, o‘sha dasturni boshqatdan o‘qiydi, ya’ni boshqa guruhda o‘qiydi. Ba’zi o‘quvchilar bu usuldan norozi bo‘lib, boshqa joyda o‘qiyman, deb ketib qoladi. 5-6 oydan keyin yana qaytib keladi. Tekshirib ko‘rsak, biz o‘rgatgandan boshqa hech narsa o‘qimagan bo‘lib chiqadi. Ba’zi payt ota-onalar ham tushunmaydi. Agar bola imtihondan yiqilsa, ota-onasi telefon qilib: “Sizlar atayin bolamga past baho qo‘yyapsizlar” deydi. Agar maqsadim faqat pul ishlash bo‘lganida, 15 nafar xodimni ishga olib, maosh bermasdim. Imtihon olishni o‘qituvchining o‘ziga yuklab qo‘yardim.

- O‘qituvchilarni qaysi asosga ko‘ra ishga olasiz?

- Boshida IELTS xalqaro sertifikati borligiga qarab, ularning 7, 7,5, 8 ball olganlarini, ya’ni shogirdlarimni ishga olardim. Hozirgi kunda 8 ballga ega o‘qituvchi ham yaxshi dars berolmasligi mumkin, degan xulosaga kelganman. O‘qituvchi nafaqat dars bera olishi, balki bolaning psixologiyasini ham bilishi, har bir bola bilan tillasha oladigan bo‘lishi kerak. Shu sababli keyingi vaqtlarda ishga olgan o‘qituvchilarimni o‘zim uch oy malakasini oshiryapman. Uch oydan so‘ng o‘qituvchiga gruppa berib, darsni qanday olib borishini kuzatyapman. Boshqa o‘qituvchilarning malakasini ham o‘zim oshirib boraman.

- Markazda kam ta’minlangan oila farzandlari bepul o‘qishi mumkinmi?

- Albatta, mumkin. Ikki yil oldin biz mehribonlik uylariga bolalarni jo‘natinglar, bepul o‘qitib beramiz, deb xat bilan chiqqandik. Kam ta’minlangan oila farzandlari kelsa, ularni ham bepul o‘qitib beryapmiz. Bundan tashqari, eng zo‘r o‘qigan bolaga grant ajratamiz. Masalan, o‘quvchi imtihonda 95 ball olsa, keyingi o‘nta darsi bepul bo‘ladi. Agar doimiy 95 dan yuqori ball olsa, barcha darslari bepul bo‘ladi. Bizda taxminan 200 dan ortiq bola bepul o‘qiydi.

- Ilk ish faoliyatingizni qayerda boshlagansiz?

- Uyimda, qo‘shni bolalarga ingliz tilini o‘rgatishdan boshladim. Qo‘shnimning o‘g‘li mendan ta’lim olib, Amerikaga o‘qishga kirib ketgach, o‘quv markazi ochish fikri paydo bo‘ldi. Dastlab Samarqand davlat chet tillar institutini tugatib, magistraturani Hindistonda o‘qidim. So‘ngra Londonda ingliz tili kurslarida tahsil oldim, Koreya, Malayziya kabi davlatlarda o‘qituvchilar tajribasini o‘rgandim. Haqiqiy o‘qituvchi bilimli bolani emas, bilimsiz bolani bilimli qiladigan bo‘lishi kerak. Maktabda oldingi partalarda o‘tiradigan 4-5 bola yaxshi o‘qiydi, qolganlari bilan hech kimning ishi yo‘q. Bizda esa bunday emas, bu yerga kelgan har bir bola bilim olishi lozim. Maqsadimiz – bilimli bolalar bilan ishlash, shuningdek, bilimsiz bolalarni bilimli qilish.   

- O‘quv markazida qaysi fanlar o‘qitiladi?

- Ingliz tili, matematika, rus tili fanlari o‘qitiladi.

- Muvaffaqiyatingizning siri nimada?

- Avvalo, ota-onamning, ustozimning duolari. So‘ngra kechalari qiladigan iboratlarimda so‘ragan duolarim ijobati deb bilaman.

Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.