Pandemiya sharoitida o‘quv markazlar faoliyati qanday tartibda tashkil etiladi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan pandemiya sharoitida tashkilotlar va korxonalar, jumladan, xususiy maktab va bog‘cha, shu bilan birga xususiy o‘quv markazlarda ish faoliyatini tashkil etish borasida vaqtinchalik SANPIN qoidalari va me’yorlari tasdiqlangan.

Mazkur SANPIN qoidalari va me’yorlari asosida xususiy maktablar, bog‘chalar va o‘quv markazlarga quyidagilar belgilab berilgan:

➖ barcha korxona va tashkilotlarda tashrif buyurayotganlarni filtrdan o‘tkazish (tana haroratini o‘lchash, antiseptik vositalar bilan qo‘llarga ishlov berish), shu bilan birga agar imkoniyat bo‘lsa, niqoblar va qo‘lqoplar bilan ta’minlash;

➖ har bir qavatlarda antiseptik vositalar bilan qo‘llarni ishlov berish yoki qo‘llarni sovun bilan yuvish imkoniyatlarini yaratish;

➖ kundalik xlor tarkibli vositalar bilan tozalov ishlarini olib borish va belgilangan tartibda DSEN bilan kelishgan holda birlamchi va keyinchalik shartnoma asosida binolarni dezinfeksiyalash;

➖ darslarni tashkil etish borasida – 2 metrlik masofani saqlagan holda ta’lim oluvchilarni joylashtirish, bunda auditoriyalarning katta kichikligidan kelib chiqqan holda tahsil oluvchilar soni 10-15 tadan oshmasligi kerak;

➖ barcha o‘quvchilar niqobda bo‘lishlari kerak va har 2-3 soatda niqoblarni almashtirish talab etiladi;

➖ xonalarni kuniga 2-3 marta shamollatish;

➖ darslar davomiyligi o‘quv markazi belgilagan tartibda o‘tkaziladi, lekin 30-40 minut oralig‘ida xonalarni shamollatish uchun o‘quvchilarga tanaffuslar berish;

➖ imkon bo‘lsa, barcha darslar tugaganidan so‘ng xonalar havosini KVARSlash tavsiya etiladi.

Bu haqda AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ma’lum qildi.