Pichoqchida «Joy academy» o‘quv markazi ochildi
Yangi yilning ilk kunlarida Oqdaryo tumani yoshlari uchun yana bir qulaylik yaratildi. Tumanning Pichoqchi mahallasida aka-uka Shodiyorxon va Shohruxxon Abduvoitovlar tomonidan tashkil etilgan «Joy academy» brendi ostidagi o‘quv markazining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi F.Abilov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi faollari, mahalla yoshlari va faollari ishtirok etdi. Yig‘ilganlar mazkur o‘quv markazida yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur o‘quv markazida oliy o‘quv yurtlariga kirish va chet tillarni o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlarga malakali mutaxassislar tomonidan o‘ndan ortiq fanlardan mashg‘ulotlar olib boriladi.
Ushbu o‘quv markazida hokim va yoshlar uchrashuvi ham o‘tkazildi.
Uchrashuvda pichoqchilik yoshlar tuman hokimiga o‘z loyihalari, fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi. Jumladan, mahalla yoshlari tomonidan o‘quv markazni yanada rivojlanishi uchun internet kabelini tortib kelish, mahallada sportga qiziqishi baland yoshlarga sport to‘garaklarini tizimli tashkil etish, tarixiy joylarga sayohatni amalga oshirish kabi takliflar bildirildi. Tuman hokimi F.Abilov ushbu takliflarni albatta inobatga olishini hamda amalga oshirilishi yuzasida o‘z yordamini ayamasligini bildirdi.
Shuningdek, tadbirda turkiyalik hamkorimiz, tadbirkor Mehmet Bashtash ishtirok etib, kam ta’minlangan oila farzandlarining mazkur o‘quv markazida ta’lim olishlariga ko‘maklashish maqsadida 5 million so‘m pul mablag‘i hadya qilishini bildirdi.
Oqdaryo tumani hokimligi axborot xizmati.