O‘quv markazlari forumida samarqandlik “Poliglot” asoschisi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida ikki kun davom etgan “O‘zbekiston o‘quv markazlari forumi” o‘z ishini yakunladi.

Forumda o‘quv markazlari faoliyatini takomillashtirish, ta’lim sifati va qamrovini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda respublika bo‘ylab 208 ta tuman va shahardan 700 ga yaqin o‘quv markazi vakillari, tajribali spikerlar hamda ta’lim sohasi mutaxassislari ishtirok etdi. Forum doirasida ochiq muloqotlar o‘tkazilib, amaliy taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, “Mutolaa”, “Topcoach”, “Qizlar akademiyasi”, “Uzchess”, “Ustoz AI”, “Zehnli AI”, “Ko‘mak”, “Biz-kombinator” kabi qator loyihalar taqdim etildi. Xorijiy tillarni o‘rganishni qo‘llab-quvvatlovchi “2+6” dasturi ishga tushirilgani e’lon qilindi.

Forumda Samarqand viloyatidan 50 ga yaqin o‘quv markazi vakillari ham ishtirok etdi. Ular orasida “Poliglot” o‘quv markazi asoschisi Shohruh Qudratov chiqish qildi.

- Bakalavr ta’limini Germaniyada olganman, -deydi u. - Magistraturani esa Buyuk Britaniyada tamomlaganman. Berlindagi kutubxonalardan birida bir professorning “Bilimning qadri yo‘q, agar uni kerakli joyda qo‘llamasang”, degan gapi menga katta ta’sir qilgan. Shu fikrdan kelib chiqib, xorijda olgan bilim va tajribamni O‘zbekistonda qo‘llash maqsadida markaz ochishga qaror qildim va “Poliglot” o‘quv markaziga asos soldim. Bugungi kunda markazimizning 7 ta filiali bor. Darslarimizga xorijlik mutaxassislar ham jalb etilgan. 10 mingdan ortiq bitiruvchilarimiz yuqori natijalarga erishdi. Yaqin kelajakda xususiy maktab ochishni rejalashtiryapmiz, shuningdek, Xitoy tili o‘quv markazi ham faoliyat boshladi. Ayni paytda 1000 nafardan ortiq ehtiyojmand oilalar farzandlariga bepul ta’lim berib kelmoqdamiz.

Forumda bildirilgan tashabbuslar yoshlar uchun sifatli ta’lim imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Charos SAIDOVA.