Urgut tumanida raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi

Unda tuman yoshlari kompyuter texnologiyalari, shu bilan birga, robototexnika va kibersport to‘garaklarida bepul o‘qitiladi.

Markazning rasmiy ochilish tadbirida tuman faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘z olganlar davlatimiz rahbari yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda 5 ta muhim tashabbusni ilgari surganligini ta’kidladi. Qayd etilganidek, mazkur tashabbuslar doirasida, aniqrog‘i aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish yo‘nalishida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan respublikaning barcha shahar va tumanlarida raqamli texnologiyalari o‘quv markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu asosda tashkil etilgan markazda kompyuter texnologiyalari, robototexnika va kibersport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Urgut tumanida istiqomat qilayotgan 510 ming nafarga yaqin fuqarolarning 320 mingdan ko‘prog‘ini yoshlar tashkil etadi.

Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi asosan yoshlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar kompyuter savodxonligi bo‘yicha bepul o‘qitiladi. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga respublika darajasidagi sertifikatlar topshiriladi.