Bahrinda eski poliklinika o‘rnida zamonaviy ijtimoiy maskanlar qurilmoqda

Urgut tumani Bahrin mahallasidagi 21-oilaviy poliklinika eski binosi o‘rnida kreativ bog‘, 160 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda “Nuroniylar choyxonasi” barpo etilmoqda.



Yaqinda viloyat hokimi Adiz Boboyev mazkur ob’yektda bo‘lib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi. Mas’ullarga sifatli qurilish materiallaridan foydalanish, hududni kompleks obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish hamda ob’yektlarni belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan foydalanishga topshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Loyiha doirasida barpo etilayotgan kreativ bog‘ yoshlarning bilim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi. Bu yerda o‘quv markazi, kasb-hunarga tayyorlov kurslari, shaxmat-shashka va stol tennisi to‘garaklari, elektron kutubxona hamda IT markazi faoliyat yuritadi. Maskan bir vaqtning o‘zida 250 nafargacha yoshni qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, 160 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirilgach, mahallada bolalarning bog‘chaga qamrovi 97,8 foizga yetishi kutilmoqda. Bu esa yosh avlodni sifatli ta’lim bilan qamrab olish, ota-onalar uchun yanada qulay sharoit yaratish va mahallaning ijtimoiy infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 – Mahallamizda 4520 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Bahrin mahallasi raisi Boymurod Xoliqov. – Keyingi yillarda mahallamizda amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Jumladan, 48 yil avval qurilgan poliklinika to‘liq rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha korpus barpo etildi. Bu yerda 20 o‘rinli zamonaviy tug‘ruq bo‘limi tashkil qilinishi natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yanada oshdi. Mahalla infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 8 kilometr asosiy va ichki yo‘llar asfaltlashtirildi. Elektr ta’minoti tizimi to‘liq yangilanib, 3 ta transformator punkti o‘rnatildi hamda 8,4 kilometr yangi elektr tarmoqlari tortildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 4 ta suv inshooti barpo etilib, 21 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i foydalanishga topshirildi. Piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun 2 kilometr piyodalar yo‘lagi qurildi. Bandlikni ta’minlash yo‘nalishida ham amaliy ishlar olib borilib, 45 nafar ishsiz fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Bu kabi o‘zgarishlar odamlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi. Eng muhimi, aholining o‘zi ham bu ishlarga befarq emas. Xususan, mahallamizdagi homiylar tashabbusi bilan qariyb 1 kilometr ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi, 150 ga yaqin tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Shuningdek, mahallaga kirish qismidagi ko‘prik ta’mirlanib, yangi darvoza o‘rnatildi. Mahalla qabristoni obodonlashtirilib, atrofi devor bilan o‘raldi va ayvon barpo etildi. Hozirda homiylar yordami bilan kutubxona qurilishi ham davom etmoqda. Albatta, bu kabi ezgu ishlar odamlarimizni bir-biriga yaqinlashtirib, mahallamizning yanada obod va fayzli maskanga aylanishiga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda eski poliklinika o‘rnida kreativ bog‘, maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda «Nuroniylar choyxonasi»ni qurish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Zamonaviy ijtimoiy ob’yektlar qurilishi «SXF» MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Qurilish tashkiloti ish boshqaruvchisi Jo‘rabek Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, qurilish ishlari shu yilning iyun oyida boshlangan bo‘lib, ob’yektlar Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

– Ilgari mahallamizda yoshlar bilan nuroniylarni birlashtiradigan, hamjihatlik muhitini mustahkamlaydigan zamonaviy maskan yo‘q edi, – deydi shu mahallada yashovchi mehnat faxriysi Mo‘min Omonov. – Hozir yoshlar uchun zamonaviy maskanlar, nuroniylar uchun esa alohida choyxona qurilayotgani barchamizni quvontiryapti. Bu yerda tengdoshlarimiz bilan uchrashib, suhbatlashish, yoshlar bilan muloqot qilish va ularga hayotiy tajribalarimizni o‘rgatish imkoniyati yaratilayotganidan xursandmiz.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.