Alifbo tizimlari haqida qiziqarli faktlar

Alifbolar shunchaki harflar to‘plami bo‘libgina qolmasdan, xalqlar tarixi, madaniyati va tafakkur tarzini anglash kaliti hamdir. Ularni o‘rganish yangi ufqlarni ochadi va bizga butun boshli sivilizatsiyalar olamiga sho‘ng‘ish imkonini beradi.

Lotin alifbosi: Qadimgi davr sirlari kaliti

Dunyo bo‘ylab ko‘plab tillar asosini tashkil etadigan Lotin alifbosi italyan, ingliz, fransuz va nemis tillari uchun asos bo‘lib xizmat qilishini hamma biladi, biroq uning aynan qanday paydo bo‘lgani haqida ko‘pchilik bilmasa kerak.

Lotin alifbosi yunon yozuvidan rivojlanib chiqqan, o‘z navbatida qadimgi finikiya yozuv tizimidan kelib chiqqan yunon yozuvi esa Misr iyeroglif tizimi ta’sirida yaratilgan edi. Shu tobda bugungi kunda hech kimning ona tili hisoblanmaydigan “o‘lik” til yozuvini o‘rganish orqali biz bilvosita bir necha qadimiy sivilizatsiya olamiga sho‘ng‘ib borar ekanmiz.

Gruzin alifbosi: bir harfning “uch yuzi”

Milodiy IV asrda yaratilgan gruzin yozuv tizimi dunyodagi eng qadimgi yozuvlardan biri hisoblanadi. Harflarning yozilishi shunchaki xattotlik emas, balki chinakam san’at turi deb atashga arziydigan nafosati bilan ajralib turadi. Harflar murakkab chirmashgan naqsh, o‘ziga xos nafis bezakni hosil qiladi. Yozuv namunalari ikonalar, vazalar, gruzin suvenirlari va yog‘och o‘ymakorligi asosida ishlangan haykalchalarni bezaydi. Gruzin alifbosining o‘ziga xosligi shundaki, uning harflari uch xil “Mxedruli» (soddalashtirilgan), “Asomtavruli” (qadimiy) va “Nusxuri” (diniy) uslubda yozilishi mumkin. Bunday “uch qiyofa” gruzin xalqining boy madaniyatini aks ettiradi.

Arman alifbosi: qadimiy an’analardan zamonaviy yozuvgacha

Dunyodagi eng qadimgi va tuzilishi eng murakkab hisoblanadigan alifbolardan biri - arman yozuv tizimi ataylab yaratilgan yozuvning ajoyib namunasidir. Ushbu tizimni Milodiy V asr boshlarida shakllantirgan Mesrop Mashtots arman tilining tovush tizimini alifbo shaklida tartibga solgan. Bungacha u qadimiy bitiklar va piktogrammalarni to‘plash hamda o‘rganishga qaratilgan bir qator ekspeditsiyalarda ishtirok etgan. Zamonaviy olimlar Mashtots yaratgan alifbo hamda Efiopiyada uchraydigan semit yozuvlari o‘rtasida o‘xshashliklar mavjudligini ta’kidlaydi.

Arman yozuvi 1500 yildan ortiq vaqt davomida o‘zgarishsiz saqlanib qolgan. Armanlar o‘zlarining go‘zal va ravon yozuvlari bilan shunchalik faxrlanishadiki, ular u asosida monumental bitiklar, esdalik sovg‘alari va haykalchalar yaratib kelishadi.

Belarus alifbosi: o‘zlashtirish saboqlari

Qiziqarli madaniy hodisa - Belarus alifbosining zamonaviy tuzilishi rus alifbosi bilan kuchli o‘xshashligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Darhaqiqat, yozuv tizimi an’anaviy sharqiy slavyan grafik tizimi asosida shakllangan. Turli davrlarda Belarusda kirill yozuvi bilan bir qatorda arab yozuvi, lotin alifbosi va polyak grafik belgilari ham qo‘llanib kelingan. Faqat 1926 yilga kelib, belarus fonetikasiga moslashtirilgan kirill yozuvi qonuniy ravishda yagona rasmiy yozuv tizimi sifatida qabul qilindi.

Xitoy tili: alifbosiz yozuv tizimi

Iyeroglifik xarakterga ega Xitoydagi asosiy yozuv tizimidagi har bir belgi bizga tanish bo‘lgan alohida harfni emas, balki bo‘g‘in yoki butun bir so‘z yoxud tushunchani ifodalaydi.
Belgilarning qat’iy belgilangan aniq soni mavjud emas, ularning ko‘pligidan shuni aytish mumkinki, ularni o‘rganish uchun butun bir umrni sarflash mumkin.

Koreys alifbosi: dunyoni o‘zgartirgan ixtiro

XV asrda yaratilgan Hangul koreys alifbosi dunyodagi eng sodda, mantiqiy va uyg‘un yozuv tizimlaridan biri hisoblanadi. Har bir belgi unli va undosh tovushlar birikmasini ifodalaydi, bu esa har qanday odamga koreys tilida o‘qish va yozishni o‘rganishni osonlashtiradi.
Mamlakatda hangul bilan bir qatorda, Sharqiy Osiyo bo‘ylab madaniy almashinuvning bir qismiga aylangan “hancha” xitoycha belgilar ham hamon qo‘llaniladi. Koreys alifbosi belgilarini telefonning atigi 12 ta tugmasi yordamida kiritish mumkin, bu esa uni eng sodda klaviatura tartiblaridan biriga aylantiradi. Hangulning fonetik tuzilishi shunchalik puxta va ko‘p qirrali ishlab chiqilganki, undan boshqa har qanday xorijiy tildagi so‘zlarni yozishda (transkripsiya qilishda) foydalanish mumkin.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.