Yelena Aslanova: «Qizlarni sportda ushlab qolish — eng qiyini»
Samarqandda badiiy gimnastika haqida gap ketganda, albatta, Yelena Aslanova nomi tilga olinadi. Zero, qariyb ellik yillik faoliyati davomida u o‘nga yaqin jahon chempioni hamda murabbiylarning butun bir avlodini tarbiyaladi.
Bugungi kunda viloyatdagi badiiy gimnastika bo‘yicha mutaxassislarning 99 foizi uning shogirdlari. Yaqinda Yelena Aslanovaning xizmatlari e’tirof etilib, u «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
42 yillik rasmiy ish staji davomida u oddiy murabbiylikdan viloyat badiiy gimnastika bo‘yicha terma jamoasining bosh murabbiyligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Bugungi kunda Yelena Yurevna viloyat gimnastikaga ixtisoslashtirilgan maktabining bosh murabbiyi bo‘lib ishlamoqda.
Yoshiga va boy bilim hamda tajribasiga qaramay, u bugun ham 59 yoshida o‘rganishda davom etmoqda.
- Viloyatdagi deyarli barcha murabbiylar mening shogirdlarim, — deydi Yelena Aslanova. — Biz birgalikda, ahil jamoa bo‘lib ishlaymiz. Ba’zida ular menga nimanidir maslahat berib turadi. Men ularning maslahatlarini mamnuniyat bilan qabul qilaman. Qizlarim bilan juda yaxshi, ishonchli munosabatlar shakllangan va allaqachon «o‘qituvchi — o‘quvchi» formatidan chiqib, hamkasblar o‘rtasidagi munosabatga aylangan.
Yelena Yurevna sha’niga iliq so‘zlarni uning har bir shogirdidan eshitish mumkin. Ko‘pchilik erishgan yutuqlarining 99 foizi uning xizmati ekanini tan oladi. Aslanova shogirdlarining bugungi kunda o‘z shogirdlari bor va ular ham murabbiyga aylanishgan.
Murabbiylik faoliyati yillarida Yelena Yurevna 38 nafar sport ustasini tarbiyaladi. Ulardan to‘rt nafari xalqaro miqyosdagi sport ustasi bo‘ldi. Uning mashhur shogirdlari orasida Maftuna Shamsiyeva, Nuriniso Usmonova, Taxmina Ikromova, Amaliya Axmedova va Vilana Savadyanlar bor.
Shogirdlaridan qaysi biri bilan ishlash eng qiyin bo‘lgani haqidagi savolga u tabassum bilan Taxmina Ikromovaning nomini tilga oladi.
- Taxminaning o‘ziga xos xarakteri bor, — ta’kidlaydi murabbiy. — Agar u nimanidir xohlamasa, uni majburlashning iloji yo‘q. Soatlab u bilan gaplashib, bu, eng avvalo, o‘zi uchun zarurligini tushuntirishga to‘g‘ri kelardi. Birinchi mashg‘ulotlardanoq Taxminada badiiy gimnastika bo‘yicha jahon yulduzi bo‘lish uchun iqtidor borligini his qilganman.
Suhbatni davom ettirar ekan, Yelena Yurevna murabbiy ishidagi eng qiyin narsa yangi boshlagan sportchilar bilan shug‘ullanish emas, balki ulg‘aygan qizni sportda ushlab qolish ekanini ta’kidlaydi.
- O‘smirlik yoshida ularda xarakter yorqin namoyon bo‘la boshlaydi va murabbiyning tanbehini juda og‘ir qabul qilishadi, — deydi u. — Bunday paytlarda murabbiy ruhshunosga aylanishi, u yoki bu tanbehning muhimligini yumshoq, bildirmasdan izohlab berishi kerak. Vaqt o‘tishi bilan bu davr o‘tadi va sportchi yana odatiy mashg‘ulot o‘zaniga qaytadi.
Yelena Aslanova ko‘p yillik mehnatlari uchun «Do‘stlik» (2012 yil) va II darajali «Sog‘lom avlod uchun» (2022 yil) ordenlari bilan taqdirlangan. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni u uchun ayniqsa qadrli.
Murabbiyga erishilgan yutuqlarda to‘xtab qolmaslikni tilab qolamiz. Zero, oldinda gimnastikada o‘z yo‘lini endigina boshlayotgan ko‘plab yosh sportchilar kutmoqda.
Malika Abaydulina.