Samarqandda "Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazi" tashkil etiladi

Respublikamiz Prezidentining «Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab:

maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Gimnastikaga ilk qadam”  dasturi;

umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan, gimnastika sport turlari bo‘yicha sport maktabining boshlang‘ich tayyorgarlik guruhlari uchun ishlab chiqilgan dastur asosida “Bolalar uchun gimnastika” dasturi joriy qilinadi.

 

Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda 2023 yil 1 iyulga qadar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni gimnastikaga asoslangan muntazam jismoniy mashqlarga qiziqtirish va shug‘ullantirish bo‘yicha to‘garaklar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yiladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida birinchi bosqichda Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy moddiy-texnika

va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari (keyingi o‘rinlarda – Gimnastika markazlari) tashkil etiladi.

Gimnastika markazlari o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlaydi.

Gimnastika markazlari o‘quvchilarining umumiy kontingenti jami 132 nafarni tashkil etib, ular 1–11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi.

Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabida 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan ta’lim oluvchi o‘quvchi-sportchilarning umumiy kontingenti 132 nafarni tashkil etgan holda, o‘qish muddati 11 yil bo‘lib, har yili 12 nafar iqtidorli o‘quvchi-sportchi qabul qilinadi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallarida gimnastika bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini ikki baravarga oshirish choralari ko‘riladi.