Kim aybdor: maktab, o‘qituvchi yoki ota-ona?
Oxirgi paytlarda qulog‘imizga “Yoshlar o‘qimaydi”, degan gaplar ko‘p chalinyapti. Xulosa qilishga shoshilmaylik.
Agar muallim o‘quvchilar oldiga qo‘lida kitob, gazeta yoki jurnal bilan kirsa, o‘quvchilar “Gazetani o‘qisak bo‘ladimi?”, deb qiziqib so‘raydi. Bunga ish faoliyatimda duch kelganman. Adabiyot darsini oladigan bo‘lsak, o‘qituvchi mavzuga oid asar yoki yangi chiqqan kitob bilan darsga kelsa, o‘quvchilar kitobni varaqlab ko‘rishadi, ayrimlari o‘qib kelish uchun so‘rashadi. To‘g‘ri, muallim bolalarni kitob o‘qishga to‘liq jalb qila olmaydi. Agar ota-ona ham uyda kitob, gazeta o‘qisa, beixtiyor bolalar ham ularga ergashadi. Ota-ona, o‘qituvchi gazeta-jurnal o‘qimasa, boladan nimani kutish mumkin? Yoshlar kimga ergashsin?
Vaqti-vaqti bilan maktablarda ochiq darslar o‘tkaziladi. O‘qituvchi ochiq darsga tayyorgarlik ko‘radi va mashg‘ulotni noan’anaviy tarzda ko‘rgazmali qurollar bilan o‘tadi. Dars tugagach, o‘quvchilar “Qaniydi, har bir dars shu tarzda o‘tilsa”, deyishganini eshitganman.
Muallimlar orasida shunday o‘qituvchilar borki, ular 20-30 yildan buyon maktabda faoliyat olib boradi. O‘tiladigan mavzu ularga yod bo‘lib ketgan, ammo darsni hafsalasiz, charchagandek o‘tadi. Mavzuni tushuntirib bo‘lgach, “Misol ishla”, “Rasm chiz”, “Yangi mavzuga konspekt yoz”, deb topshiriq beradi. Hafsalasizlik bilan tushuntirilgan dars o‘quvchiga yetib bormaydi. Hozirgi zamon bolalariga motivatsiya bera oladigan ruhda dars o‘tish lozim.
Hamma aybni maktab o‘qituvchisiga to‘nkashdan oldin u nega hafsalasiz dars o‘tishini o‘ylab ko‘rsak. O‘qituvchilar darsga kelmagan, o‘qimagan bolaga ham “3” baho qo‘yib beradi. Vaholanki, “2” baho qo‘yib, sinfdan sinfga qoldirsa bo‘ladi. Lekin muallim yillar davomida ta’lim bergan o‘quvchisiga o‘z farzandidek mehri tushib qoladi. Bolaning ruhi sinmasin, deb, o‘qimasa ham “3” baho qo‘yib beradi. Bu birinchi xato deb o‘ylayman. Mehribonligimiz tufayli “3” ga o‘qigan bolaga “4”, “4” ga o‘qigan bolaga “5” qo‘yib beramiz. Yashirib nima qildik, biz ham shunday o‘qiganmiz. Ayrim bolalar 11 yil o‘qib, hatto bitta fanni ham o‘zlashtira olmaydi.
O‘qituvchining choraklikka “2” baho qo‘ymasligining yana bir qancha sabablari bor. Agar o‘qituvchi “2” baho qo‘ysa, sinfning o‘zlashtirish foizi tushib ketadi. Majlisda fan o‘qituvchisi bilan birga sinf rahbari gap eshitadi. O‘qituvchilar ustamaga hujjat tayyorlaganda, o‘quvchilarining o‘zlashtirishiga qarab ball qo‘yiladi. O‘sha tomonlarini inobatga olib, yaxshiroq baho qo‘yiladi.
Yana bir sababi bor. Ayrim ota-onalar maktabga kelib, “Nega past baho qo‘yasan, ustingdan arz qilaman”, deb janjal qiladi. Muallim gap uqtirib bo‘lmaydigan ota-ona bilan tortishmay, baho qo‘yib beradi. Ularga bilim emas, baho kerak.
Bilimsiz yoshlar mustaqil hayotga qadam qo‘ygach, turli qiyinchiliklarga duch kelib, ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Gohida, ruhiy tushkunlik oqibatida yoshlar yomon yo‘lga kirib ketadi. Ishi yurishmaydi, tengqurlari singari yaxshi natijalarga erishmaydi, u ham foydali ish qilgisi keladi, ammo vaqtida bilim olmagan, qo‘lidan hech ish kelmaydi.
Munisa Shamsiyeva.