Tadbirkorlar muammosi Biznes-ombudsman aralashuvi bilan hal etildi
Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “J.S.T.” MChJ rahbari Biznes-ombudsmanga murojaat qilib, “Agrobank” tomonidan jamiyatning bank hisobvarag‘idagi mablag‘lari asossiz ushlab turilganligi va birinchi darajali to‘lov topshiriqnomalari o‘z vaqtida ijro etilmay kelinayotganidan noroziligini bildirgan.
Murojaat asosida Biznes-ombudsman devoni tomonidan Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasiga tegishli so‘rov yuborilib, “Agrobank” ATB Samarqand viloyat hududiy filialida o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish davomida bank filiali xodimlari tomonidan “Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma talablariga rioya qilinmaganligi, natijada to‘lov topshiriqnomasini o‘z vaqtida kirim qilmasdan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Biznes-ombudsman devoni aralashuvi bilan bank tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etildi. Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan filial boshqaruvchisi o‘rinbosariga nisbatan “xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Xorazm viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi «Q.J.Q.» MChJ rahbari yuzaga kelgan sun’iy to‘siqni bartaraf etishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga ko‘ra, qarzdor korxonadan «O‘» MChJ foydasiga qaytarib olingan «ISUZU» rusumli yonilg‘i tashuvchi maxsus mashina 2026 yil aprel oyida lizing shartnomasi asosida «Q.J.Q.» MChJga berilgan. Biroq tadbirkor texnikani o‘z nomiga qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va foydalanish maqsadida tekshirganda, ushbu avtotransport vositasiga nisbatan Majburiy ijro byurosining Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan (eski qarzdorliklar bo‘yicha) hali ham taqiq va qidiruv saqlanib qolayotgani ma’lum bo‘lgan. Natijada tadbirkor lizing asosida olgan texnikasidan erkin foydalana olmagan.
Biznes-ombudsman aralashuvi va mas’ul idoralar bilan hamkorlik natijasida MIBning Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan ushbu avtotransport vositasiga nisbatan qo‘yilgan taqiq va qidiruv bekor qilindi. Tadbirkorga lizing ob’yektini to‘liq va to‘siqsiz o‘z nomiga rasmiylashtirish hamda xo‘jalik faoliyatida erkin foydalanish imkoniyati yaratib berildi.
A.Ibragimov,
Biznes-ombudsman devoni Samarqand viloyat sho‘’basi xodimi.