Samarqandda nega elektronika mutaxassisi tayyorlaydigan o‘quv yurti yo‘q?
80 yoshdaman. Aloqachi bo‘lib ishlaganman. Hozirgacha uyda elektr asboblarini o‘zim tuzataman. Ustaga beradigan pul cho‘ntakda qoladi. Muhimi, birovning xizmatiga ko‘z tikib o‘tirmayman. Bolalarimga ham shuni o‘rgatganman.
Ming afsuski, ayrim tanishlarimning uy-ro‘zg‘or buyumlarini ustaga olib borayotganini ko‘raman.
- Dazmolning simida illat borga o‘xshaydi, changyutkich negadir to‘xtab-to‘xtab ishlayapti…
- Bularni talaba o‘g‘lingiz tuzatsa bo‘lmaydimi, - deyman. – Kitobchasiga qarab illatini aniqlasa bo‘ladi-ku.
- E, birodar, nafaqat uydagilar, hatto qo‘shnilarning ham tishi o‘tmadi.
Har bir xonadonda kuygan lampochkani almashtiradigan, radio, changyutgich, elektr asboblarini eslatma (instruksiya)siga qarab tuzata oladigan odam borligiga kim kafolat beradi? Hech kim. Chunki bu narsani odat qilmadik, arzimas nosozligi uchun ham buyumlarni ustaga olib borishga ko‘nikdik.
Buning sababi shu sohadagi bilimsizlik. Na maktabda, na kollejda ro‘zg‘or buyumlarini sozlash, ishlatish bo‘yicha ko‘nikma, malaka, ma’lumot berilmaydi. Hatto Samarqanddek katta viloyatda zamonaviy elektronika bo‘yicha kadr tayyorlovchi oliygoh yoki fakultet mavjud emas. Vaholanki, hozir bu ehtiyoji mavjud bo‘lgan eng katta kasb. Bitta-ikkita borlari ham chetda o‘qib kelgan. Bu boradagi darslik va oddiy qo‘llanmalar ham rus tilida.
Taklifim shu: uy-ro‘zg‘orda ishlatiladigan elektron asbob-uskunalar bilan muomala qilish bo‘yicha oilabop, hammabop qo‘llanma yaratish kerak.
Ikkinchidan, maktab va kollejlarda bu mashg‘ulotni to‘garaklarda tashkil etish, sohaga yaqin kasb tayyorlovchi o‘quv yurtlari talabalarini elektronika mahsulotlari do‘koni, elektr ta’minoti idoralari laboratoriyalariga ekskursiyaga olib borish lozim. Bu usul maktab o‘quvchilariga ham zarar qilmaydi.
Uchinchidan, sohaga yaqin kasb egasi tayyorlovchi kollejlarda, oliygohlarda elektr muhandislari, zamonaviy elektronika menejerlari bo‘limi yoki fakultetini ochish zarur, deb hisoblayman.
Abdumannon Abdurahimov,
faxriy aloqachi.