Davlat xizmatlari yagona reyestri tasdiqlandi: 2026 yildan yangi tartib amal qiladi

Adliya vazirligi 2025 yil 21 noyabrda "Davlat xizmatlari yagona reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom"ni tasdiqladi.

Ushbu Nizom davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona axborot bazasini shakllantirish va yuritishning huquqiy mexanizmlarini belgilab beradi hamda rasman 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirishi belgilangan.

Yangi tasdiqlangan tartibga ko‘ra, Davlat xizmatlari yagona reyestri "Davlat xizmatlari" avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi orqali davlat tilida yuritiladi va undagi ma’lumotlar barcha jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiq hisoblanadi. Adliya vazirligi ushbu reyestrni shakllantirish va yuritish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanib, vazirlikning davlat xizmatlarini tahlil qilish va rivojlantirishga mas’ul tuzilmasi ishchi organ vazifasini bajaradi.

Mazkur tizim orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish holati bo‘yicha tizimli tahlil va monitoring olib borilishi, shuningdek, foydalanuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratilishi nazarda tutilgan.

Reyestrning eng muhim jihati va ahamiyati har bir davlat xizmati bo‘yicha alohida "pasport" shakllantirilishidir. Ushbu pasportda xizmatning nomi, ariza beruvchilar toifasi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va xizmatdan foydalanish nuqtalari kabi asosiy ma’lumotlar aks ettiriladi. Shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlar uchun shaffoflikni ta’minlash maqsadida pasportda talab etiladigan hujjatlar, xizmat uchun to‘lov miqdorlari (yig‘im yoki davlat boji), xizmat ko‘rsatish muddati va kutilayotgan natija aniq ko‘rsatib o‘tiladi. Har bir xizmat pasportida uning huquqiy asosi bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat, xizmat bilan bog‘liq hayotiy vaziyatlar hamda natijaning amal qilish muddati kabi tafsilotlar ham majburiy tartibda kiritiladi.

Nizomda reyestr ma’lumotlarining doimiy ravishda yangilanib turishi qat’iy tartibga solingan bo‘lib, yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar asosida o‘zgartirishlar kiritish, agar hujjatda boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida amalga oshirilishi lozim. Davlat xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar reyestrdagi ma’lumotlarning o‘z vaqtida o‘zgartirilishini ta’minlashga mas’uldir va ular tizimni takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini berish huquqiga ega. Agar biror xizmat bekor qilinsa, xususiy sektorga to‘liq o‘tkazilsa yoki uning huquqiy asosi o‘z kuchini yo‘qotsa, ushbu xizmat tegishli tartibda reyestrdan chiqarib tashlanadi.

Islombek Abduhakimov,

Toshkent davlat yuridik universiteti kiber huquq kafedrasi mudiri o‘rinbosari.