Bir qator davlat xizmatlari ko‘rsatishda ortiqcha talablardan voz kechilmoqda

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 5 turdagi davlat xizmatlarini proaktiv tarzda hamda 6 turdagi davlat xizmatlarini kompozit tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiq suvni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish hamda xususiy bandlik agentliklarini Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish davlat xizmatlari proaktiv tarzda ko‘rsatiladi.

Ya’ni, bu holatda xizmat jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarisiz vakolatli organlar tashabbusi bilan ko‘rsatiladi.
Shuningdek, quyidagi davlat xizmatlarini kompozit tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda:
- ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ushbu manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;

- ko‘chmas mulk ijara yoki tekin foydalanish shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish va ushbu manzilga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;
- davlatga tegishli bino yoki inshootni bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- “E-auksion” elektron savdo platformasida ko‘chmas mulk ob’yektlarini sotish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- tibbiy faoliyat uchun litsenziya bilan birga rentgen uskunasidan foydalanish uchun ruxsatnoma olish;

- xavfli yuklarni tashish uchun sig‘imlarning yaroqliligi to‘g‘risida xulosa bilan birga yadroviy va radioaktiv materiallar, radiatsiya manbalari, radioaktiv chiqindilar va qurilmalarni tashish shartlari va usullarining sanitariya qoidalariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa olish.

Bundan tashqari, bojxona brokeri faoliyati, xalqaro kur’yerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyat va nodavlat arxivlarni tashkil etish bo‘yicha faoliyat turlaridan xabardor etishni nazarda tutuvchi davlat xizmatlarini ko‘rsatish pasportlari tasdiqlandi. Buning natijasida mazkur xizmatlarga doir ortiqcha tartiblar bekor qilinadi.