DXM xodimlari rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganadi
Adliya vazirligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida “Samarali davlat boshqaruvi” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur loyiha doirasida 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, unda Samarqand va Farg‘ona viloyatlari pilot hudud sifatida tanlab olingan.
Bunda asosiy e’tibor mazkur hududlardagi Davlat xizmatlari markazlari xodimlarining bilim va saviyasi hamda onlayn xizmatlar ulushini oshirishga qaratilgan. Loyiha rahbari Viktor Kessler 23 oktyabr kuni mazkur qo‘shma dastur doirasida Samarqand shahar davlat xizmatlari markazida bo‘ldi.
Dastlab u markazdagi mavjud imkoniyatlar, xizmat ko‘rsatish tartibi, xodimlarning xizmat ko‘rsatish sifati, bu yerda fuqarolarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xususan, davlat xizmatlaridan foydalanishni yanada qulaylashtirish borasida amaliyotga tatbiq etilgan so‘nggi yangiliklarni ko‘zdan kechirdi.
V.Kessler O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi, jumladan, bunda Samarqand tajribasi, shuningdek, viloyatda ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos tashabbuslarga qo‘l urilayotganligini e’tirof etdi.
O‘zaro muzokaralar chog‘ida ikki tomon vakillari hamkorlikning istiqboldagi rejalarini muhokama qildi. Bu boradagi aloqalarni yanada rivojlantirishga kelishib olindi. Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Qurbonov loyiha doirasidagi takliflarni ilgari surdi.
Ochiq muloqot tarzida kechgan munozaralar davomida markaz xodimlarini malakasini oshirish, markazlar xodimlari uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatish standartlari, rivojlangan davlatlarda bu boradagi tendensiyalar, yutuqlar bo‘yicha treninglar o‘tkazish, yangi texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish, markazlar rahbarlari uchun menejment asoslari bo‘yicha yozgi maktab tashkil etish, xodimlar uchun o‘quv-mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi faoliyatini boshqarish va tashkil etish sohasida ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida markazlarning yetakchi xodimlarining rivojlangan davlatlarga o‘quv safarlarini tashkil etish hamda sohaga oid boshqa masalalar yuzasidan fikr almashishdi. Muzokaralardan so‘ng loyiha doirasida tegishli kelishuvlarga erishildi.