Kuzgi maktab: Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yangicha yondashuvlar

Samarqand shahrida "Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda gender masalalari" mavzusida to‘rt kunlik "Kuzgi maktab" tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekistonning 14 ta pilot hududidan 30 nafardan ortiq xotin-qizlar maslahat guruhi ekspertlari hamda Davlat xizmatlari markazlari xodimlari ishtirok etdi. Ular gender tenglik, inklyuzivlik va fuqarolarga yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.

Kuzgi maktab - Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan "O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish" loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha barcha fuqarolar, xususan, ayollar, yoshlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sifatli, inklyuziv va qulay davlat xizmatlariga teng imkoniyat yaratishni maqsad qilgan.

Interfaol mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar aholining ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj qatlamlari bilan samarali muloqot o‘rnatish, psixologik birinchi yordam ko‘rsatish, ziddiyatli vaziyatlarni yumshatish hamda gender asosidagi zo‘ravonlik holatlariga javob berish va ularni tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish bo‘yicha amaliy usullarni o‘rganishdi.

Mashg‘ulotlarni Latviyaning “MARTA” markazi xalqaro ekspertlari - Iluta Latse, Dita Latse, Madara Lapsa va Madara Grinshteyn olib bordi.

- "Kuzgi maktab"ning eng muhim natijalaridan biri - ishtirokchilarning mahalliy xizmatlarni rejalashtirishda gender statistikasi va fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olish ko‘nikmalarining mustahkamlangani bo‘ldi, - deydi Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi xotin-qizlar maslahat guruhi eksperti Oysara Norsafarova. - Bu mashg‘ulotlar xizmatlarning inklyuzivligini oshirib, ularning haqiqatan ham aholining ehtiyojlariga mos bo‘lishini taminlaydi.

Shuningdek, dastur doirasida mahalliy ekspertlar ham mahorat darslarini o‘tkazishdi. Markaziy bank vakili Kamila Ibragimova va Adliya vazirligi vakili Vohid Jumanov raqamli davlat xizmatlari va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha sessiyalarni olib bordilar. Ular byudjet tuzish, jamg‘arma va raqamli to‘lovlar mavzularini yoritib, xususan, qishloq joylardagi ayollarni my.gov.uz platformasidan samarali foydalanishga o‘rgatish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Ishtirokchilar Xotin-qizlar maslahat guruhlarining mavjud tajribalarini tahlil qilib, amaliyotdagi muammolar va ularning yechimlarini muhokama qildilar. Shuningdek, davlat xizmatlarini aholining haqiqiy ehtiyojlariga yanada moslashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdilar.